Usmonov Mutallib Ahmedovich
Usmonov Mutallib Ahmedovich (1924.10.12, Andijon viloyati, Izboskan tumani — 1994.18.12, Toshkent) — islomshunos-faylasuf olim. Falsafa fanlari Doktori (1979), professor (1993). O’rta Osiyo universitetining Sharqshunoslik fakultetini (1952), Moskvadagi ijtimoiy fanlar akademiyasini (1961) tugatgan. Andijondagi tuman va viloyat gazetalari muharriri, viloyat madaniyat ishlari boshqarmasi boshlig’i (195257). 1961—65-yillarda partiya organlarida ishlagan. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi falsafa va huquq institutida bo’lim mudiri (1965-81; 1984-90), sobiq SSSRning Afg’onistondagi elchixonasida maslahatchi (1981-84), O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida yetakchi konsultant (1991 — 1994). Ayni vaqtda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida Qur’oni Karimni tarjima qilish guruhining va shu institutdagi Islomshunoslik bo’limining boshlig’i (1990— 1994). Usmonovning ilmiy faoliyati Islom dini, uning aqidalari, marosimlariga, Qur’on sharhlariga bag’ishlangan. Usmonov ateizm hukmronlik qilgan sovetlar tuzumi davrida O’zbekistonda birinchilardan bo’lib Qur’oni Karim tarjimasi va ilmiy sharhiga qo’l urgan, bu borada ko’plab ilmiy ommabop kitoblar nashr etgan. Usmonovning mas’ul muharrirligida «Islom» ma’lumotnomasi (1986; 1-nashri), «Qur’oni Karimning o’zbek tilidagi ilmiy izoxli tarjimasi»ning akademik nashri chop etilgan (2004). As: diniy aqidalar va ularning mohiyati, T., 1972; Islom aqidalari va marosimlari, T., 1975; Qur’oni Karim va Janobi Rasulullohning amallari, T., 1992.