Usmonqori
Usmonqori (Rayimbekov, 1886 —Marg’ilon — 1968) — xalq qiziqchisi. Qiziqchilikni Sa’di Maxsumdan o’rgangan. 20 yoshida rus tsirkiga ishga kirib, Yusufjon qiziq bilan tanishadi va uning hamkoriga aylanadi. Pakanadan kelgan, ko’zlari suzuk, hamisha sho’x va quvnoq Usmonqori og’zaki tanqidiy komediyalarda ham, qush va hayvonlar taklidini yaratishda ham mashhur bo’lgan. Tsirkda o’ynaladigan masxarabozlikni ham yaxshi bilgan. Uning repertuarida yuzga yaqin turli qiziqchiliklar bo’lgan. U qadimgi og’zaki qiziqchiliklarni tiklash, zamonga mos qayta ishlash ishiga katta hissa qo’shdi. Moskvada o’tkazilgan o’zbek san’ati birinchi dekadasida Usmonqori «Sayl» va «kolxoz to’yi» instsenirovkalarida o’n qiziqning biri bo’lib, «zarkokil» komediyasida, «Kichkinajon» kulkio’yinida, «Soqiyo» nomli yallali kulkio’yinda, askiya payrovlarida faol ishtirok etdi. U xalq ijodkorlarining viloyat va respublika ko’riklari, 1940 yil Toshkentda o’tkazilgan xalq qiziqchilari musobaqasining faol ishtirokchisi. «Ketmon tilash» (er rolida), «kelin tushirdi» (kuyov), «bola o’qitish» (talaba), «Pul qistash» (usta) kabi yirik komediyalardagi ijrosi bilan Shuhrat qozongan. Ad.: Kodirov M., O’zbek teatri tarixi, T., 2003.