Uspenskiy Viktor Aleksandrovich
Uspenskiy Viktor Aleksandrovich [1879.19(31).8, Kaluga 1949.9.10, Toshkent] — kompozitor, etnograf, pedagog, musiqa jamoat arbobi, san’atshunoslik doktori (1943). O’rta Osiyo musiqiy folkloristikasi asoschilaridan. Turkmaniston (1929) va O’zbekiston (1937) xalq artisti. Peterburg konservatoriyasini tugatgan (1913). 1917 yildan Toshkentda. Turkiston xalq konservatoriyasi (1918), maorif xalq komissarligi huzuridagi musiqiy etnografiya sektsiyasi (1920) tashkilotchilaridan. Toshkent xalq konservatoriyasining eski shahar bo’limi rahbari (1919-22), Buxoro Sharq musiqa maktabida o’qituvchi (1923), O’zbek musiqa texnikumi (hozirgi Toshkent musiqa kolleji)da millim musiqa bo’limi rahbari (1928-34), san’atshunoslik institutida musiqa kabineti mudiri (1932-49), Toshkent konservatoriyasida pedagog (1936 yildan), professor (1943-49). Uspenskiy 1919-23 yillar O’rta Osiyo xalqlarining etnofafik kontsertlarini uyushtirgan. Ota Jalol, Ota G’iyoslardan Shashmaqomning cholg’u va ashula bo’limlarini (1923), Sh. Shoumarovdan Farg’ona — Toshkent maqom yo’llari (1934)ni notaga olgan. Folklor-etnofafik ekspeditsiyalarini uyushtirib, yuzlab ashula, katta ashula, cholg’u kuy va xalq qo’shiqlarini (Farg’ona vodiysi, 1927, 1931), 350 dan ortiq turkman qo’shiq va cholg’u kuylarini (Turkmaniston, 1925, 1927, 1929) yozib olib nashr ettirgan: «Shashmaqom» (M., 1924), «Turkman musiqasi» (M., 1928), «O’zbek vokal muzikasi» (T., 1950) va boshqaalr. Uspenskiy «Farhod va Shirin» (Xurshid pyesasi, 1936; 2-tahriri G. Mushel bilan hamkorlikda, 1937) musiqali dramasi, «Muqanna» simfonik syuitasi, «turkmancha kaprichchio», «O’zbekcha poema rapsodiya», «lirik poema» (1947, Navoiy xotirasiga bagishlangan) kabi simfonik asarlar, spektakl («Yoriltosh», G. Mushel bilan), kinofilmlar («Ravot qashqirlari» va hokazolar)ga yozilgan musiqalar va boshqalar muallifi. Bularda Uspenskiy o’zbek, turkman xalqlari folkloriga tayangan. Uspenskiy bir necha o’zbek xalq qo’shiq va kuylarini qayta ishlagan («O’rta Osiyo xalqlarining 4 kuyi» va boshqalar). Toshkentdagi maxsus musiqa internat-maktabi va musiqa litseyiga Uspenskiy nomi berilgan. Ad.: Pekker Ya., Viktor Aleksandrovich Uspenskiy, T., 1959; Viktor Aleksandrovich Uspenskiy (Nauchnoe nasledie…), T., 1980.