Ustad Imran xon

Ustad Imran xon (1936, Kalkutta) — sozanda (sitar, surbahar), xonanda; 20-asr hind mumtoz musiqa madaniyatining yirik vakili. Mashhur (16-asrda Akbarshoh davrida asos solingan) musiqachilar sulolasi vakili. Ashulachilikni onasi Bashiran Begim xamda bobosi Ustad Bandex Hasan xonlardan, sitor ijrochilik sirlarini otasi Ustad Inayat Xon va akasi Vilayat xondan o’rgangan. Yoshligidan xayal (hind mumtoz lirik ashula) ijrochisi sifatida tanilgan. Keyinchalik sitor ijrochiligiga xonandalikka oid boy ohang bezaklari, tovush chiqarish usullarini singdirib, o’zining yangi uslubini kashf etgan. 1956 yildan akasi Vilayat Xon bilan birgalikda o’zining mukammal ijro va badiha mahorati, virtuoz texnikasini Yevropa va boshqa mamlakatlarda namoyish qilgan. 1963 yildan Yevropa va AQSh universitet va kollejlarida dars va ma’ruzali kontsertlar bergan. Eng nufuzli Hindiston va xalqaro (Edinburg, Berlin, Gonkong, Tokio, Vashington, Parij, Moskva, London va boshqalar) musiqa festivallarining doimiy qatnashchisi. Ijrolari 100 ga yaqin gramplastinka va kompakt diskga yozilgan. Bir necha kinofilmlarga musqka yozishda ijrochi sifatida qatnashgan. Hindiston hukumati tomonidan eng oliy «Sangit Natak akademiya» mukofoti bo;an taqdirlangan (1988).