Usunlar
Usunlar – Markaziy va O’rta Osiyodagi ko’chmanchi qabilalar. Usunlar Xitoy manbalariga ko’ra, miloddan avvalgi 3-asrda Yueyjilar bilan birga Dunxuan (Do’ngxuang) bilan Tangritog’ning sharqi, qorong’u tog’ (Kunlun)ning shimoldagi chilan tog’i orasidagi kichik bir davlat aholisi bo’lgan. Miloddan avvalgi 177 yil ular yueyjilarning tazyiqi natijasida sharqqa siljib, xunlar orasiga (hozirgi Gansu o’lkasining shim.sharqidagi Ersin yaylovi) borib joylashgan. Usunlar gunmosi (kunbeyi, xoni) Nandubey o’ldirilgan. Miloddan avvalgi 160 yil uning o’g’li Liejiaobek hunlar yordamida yueyjilarni mag’lub etib, ularning hududini egallab g’arbga siljiganlar. Yettisuvda ular kuchli davlat tashkil etgan. Uning markazi Xitoy manbalarida ili daryosining Janubdagi Chigu (Qirg’izistondagi qadimgi Qizil Qo’rg’on shahri) deb yuritilgan. Miloddan avvalgi 3-asrda usun xonligi Farg’onaning shimolda, Kangqiya (Kangyuy, Kang’) ning g’arbida bo’lib, uning hududiga Issiqko’lning shimoliy, Balxash ko’lining Janubdagi yerlar kirgan. Usunlarning bir qismi ko’chmasdan o’z yurtlarida qolgan. Arxeologik ma’lumotlarga ko’ra, 5-asrda Usunlar yueyjilar bilan birga Xesi yo’lagida yashashgan. Usunlarning Xitoy bilan ittifoq bulib hunlarga qarshi uzoq muddat kurashi ularning parchalanishiga olib kelgan. Natijada Usun xonligi avar (jujan)lardan yengilib, milodiy 404-410 yillarda Pomir tog’lari atrofiga borib joylashgan. 420-854 yillarda usun xonligi aholisi 630 ming kishini tashkil qilgan. 938 yil mazkur xonlik qoraxitoylar xoniga bojxiroj to’laganligi haqida Xitoy manbalarida ma’lumot berilgan. Usunlar chorvachilik va dehqonchilik bilan shug’ullanishgan, ularning davlat tuzilishi, urf-odatlari hunlar bilan o’xshash bo’lgan. Turkiy xalqlar, jumladan, o’zbek, qozoq, qirg’izlar tarkibiga kirgan uyshun qabilasi Usunlar bilan aynan bir deb taxmin etiladi.