Uvertyura

Uvertyura (lotincha apertura — ochish, boshlanish) — opera, balet, oratoriya, drama, kinofilm va boshqalarning muqaddimasidan iborat cholg’u pyesa; shuningdek, orkestr uchun yozilgan kontsert asari. Tinglovchini opera, balet va hokazolardagi voqealarga tayyorlaydi, undagi jo’shqin muhitga olib kiradi. Uvertyura, odatda, asarning xarakteri, g’oyaviy maqsadi, asosiy obrazlarini umumlashtirgan holda ifodalaydi. Ilk namunasini K.Monteverdi «Orfey» operasida yaratgan. 17-asrda Uvertyuraning 2 turi yuzaga kelgan — frantsuz (J.Lyulli ijodida) va italyan Uvertyurasi (3 qismdan iborat sinfonia, A.Skarlatti). Italyan Uvertyuralari simfoniya rivojida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. 18-asr 2-yarmidan opera Uvertyurasida Sonata shakli vujudga keldi (K.Glyuk, V.Mosart, L.Kerubini va boshqalar). 18-asr oxirlaridan Uvertyura operadagi obraz va mavzu bilan yanada uzviyroq bog’landi, shaklan boyidi («don Juan», V.Mosart; «Fidelio» L.Betxoven; «Ruslan va Lyudmila», M.Glinka va boshqalar). Sonata shaklida bo’lmagan Uvertyuralar, odatda, muqaddima, Prelyudiya, introduktsiya deb nomlanadi. 19-asrdan simfonik musiqa dasturli kontsert Uvertyurasi rivoj topdi. «Yoz tunidagi tush» (F.Mendelson) birinchi romantik kontsert Uvertyuradir. O’zbekiston kompozitorlari opera va musiqali dramalarga Uvertyuralar, shuningdek, kontsert Uvertyuralari (R.Glier, «Tantanali Uvertyura», «Farg’onacha bayram»; S.Yudakov, «Tantanali Uvertyura»; M.Tojiyev, O’zbek xalq cholg’ulari orkestri uchun 3 ta Uvertyura; HAB. Rahimov, «Sayil»; A. Mansurov, 7 ta Uvertyura) yaratishgan.