Uzluklilik va uzluksizlik
Uzluklilik va uzluksizlik materiyaning tuzilishi hamda rivojlanishi jarayonini ifodalovchi falsafiy kategoriyalar. Uzluklilik materiyaning fazo va vaktda tuzilishi va holati, uning elementlari, ko’rinishlari va yashash shakllari, harakati va rivojlanishi jarayonining «donadonaligi» (diskretligi) ni biddiradi. U rivojlanish jarayonidagi materiyaning bo’linish xususiyati va ma’lum darajada ichki differentsiasiyalanishi hamda uning tarkibidagi barqaror elementlar, muayyan sifatlarga ega bo’lgan tuzilmalar (masalan, elementar zarralar, yadrolar, atomlar, molekulalar, organizmlar, sayyoralar va boshqalar)ning nisbatan mustaqil mavjudligiga asoslanadi. Uzluksizlik esa, aksincha, ma’lum darajada murakkab sistemalar tarkibidagi elementlarning birligi, o’zaro bog’lanishi va birbirini taqozo qilishini bildiradi va muayyan ob’yektning nisbiy barqarorligi va bo’linmasligiga asoslanadi. Har qanday predmet yoki jarayonning strukturasi Uzluklilik va uzluksizlikning birligi sifatida namoyon bo’ladi. Ularning birligi turli hodisalarning rivojlanish jarayoni uchun ham xosdir. Bunda uzluklilik muayyan sistemaning yangi sifatga o’tishini bildirsa, uzluksizlik uning nisbiy turg’unligini, ma’lum me’yor doirasida bo’lishini bildiradi. Uzluklilik va uzluksizlikni bir-biridan ajratish, ularni birbiriga qarshi qo’yish yoki birortasining ahamiyatini bo’rttirib yuborish ularning o’rtasidagi birlik, o’zaro bog’lanishning uzilishi, yo’qolishiga olib keladi.