Uzun

Uzun — Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi qishloq, tuman markazi. Temir yo’l stantsiyasi. Qishloq 1920 yilgacha Kultepa deb atalgan. Viloyat markazi (Termiz)dan 192 kilometr. O’rtasidan Obizarang daryosi kesib o’tgan. Aholisi 12 ming kishi (2004). Obizarang va Qorasuv daryolaridan suv oladi. Uzunda tuman hokimiyati binosi, temir yo’l vokzali, avtostantsiya, paxta tozalash, temirbeton buyumlari, ixtisoslashtirilgan tajriba zavodlari, «Uzunkom-Ron» qo’shma korxonasi, dehqon bozori, mehmonxona, savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. 3 umumiy ta’lim maktabi, musiqa maktabi, iqtidorli bolalar internat maktabi, 2 kasb-hunar kolleji (qishloq xo’jalik va maishiy xizmat ko’rsatish), kutubxona, kasalxona, Markaziy dorixona ishlab turibdi. «Xotira va qadrlash» bog’i, «Turon» stadioni, tennis korti mavjud. Uzundan Termiz, Denov va boshqa shaharlarga avtobuslar qatnaydi.