Vagner (Vagner) Vilgelm Rixard

Vagner (Vagner) Vilgelm Rixard (1813.22.5, Leypsig – 1883. 13.2, Venesiya) — nemis kompozitori, dirijyor, musiqa yozuvchisi, opera islohotchisi. Vyursburgda xormeyster (1833), Magdeburg, Kenigsberg, Riga, Drezden teatrlarining musiqa rahbari (1834-49). 1849 yilgi Drezden qo’zg’olonida qatnashgani uchun 13 yilga surgun qilingan. Keyinchalik asosan Shveytsariya va Bavariya (Myunxen, Bayreyt) da yashab, ijod bilan shug’ullangan, dirijyor sifatida ko’pgina Yevropa mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. Bayreyt opera teatrini tashkil etgan (1876). Dastlabki asarlari («parilar», 1834; «Gollandiyalik uchar», 1841; «Tangeyzer», 1845) da nemis romantik opera (K. M. Veber) an’analarini davom ettirgan. «Loengrin» operasida (1848) yangi uslubga burilish namoyon bo’lgan. Keyingi asarlari («Tristan va Izolda», 1859; «Nibelung uzugi» tetralogiyasi, 1856-74; «Parsifal», 1882) da tugal ariya, ansambl, xor va balet sahnalaridan voz kechib, ular o’rniga erkin shakldagi musiqiy monolog va dialoglarni kiritgan. Shuningdek, orkestrning musiqiy ifodaviyligiga alohida ahamiyat bergan, uning badiiy vazifalari doirasini kengaytirib, operadagi musiqiy dramatik keskinlikni kuchaytirgan. Vagnerning opera islohoti dunyo, xususan o’zbek kompozitorlari ijodiga ta’sir qilgan.