Vahima
Vahima — his-tuyg’u va kayfiyatning buzilish turlaridan biri; Vahimada odamni asossiz qo’rquv bosadi, kishi nimadandir xavotirlanib, hadiksiraydi, bezovta bo’ladi, ko’ngli g’ashlanib, oromi yo’qoladi, ruhan azob chekadi. Unga kelajakda falokat bo’lishi muqarrardek, o’zi yoki yaqinlarining hayoti xavf ostida turgandek tuyuladi. Vahima har xil ruhiy holatlarda turlicha namoyon bo’ladi: 1) yosh bolalarda voqealarni to’g’ri anglash va tushunish qobiliyati zaif bo’lib, ba’zan ular xonada yakka qolishdan, tunda yurishdan, tushida qurqishadi; yosh ulg’aygan sari bu alomatlar o’z-o’zidan yo’qolib ketadi; 2) kishi biror nojo’ya xatti-harakat qilsa, o’z qilmishidan xavotirlanib, Vahimaga tushadi, qamalish yoki jazolanishdan qo’rqadi, tunni bedor o’tkazib, har narsadan hadiksiraydi, oromi yo’qolib, ko’ngli g’ash bo’lib yuradi, iztirob chekadi. Tabiiy ofatlar (suv toshqini, yong’in, zilzila va hokazolar)da ham ba’zilar Vahimaga tushishi mumkin, ularni qo’rquv bosadi, o’zi yoki yaqinlarining hayotini o’ylab, bezovta bo’ladi, oromi yo’qoladi. Bunday Vahima sabablari bartaraf etilgach, ular tuzalib ketadi; nerv sistemasi zaif yoki kasallikka moyil odamlarda Vahima surunkali ruhiy kasallikka aylanib ketishi, gipertoniya yoki ayrim ichki kasalliklarga sabab bo’lishi mumkin; 3) ba’zi yuqumli kasalliklar, to’satdan zaharlanib, alahlashda yoki birdan boshlangan ruhiy kasalliklarda ham Vahima belgilari namoyon bo’ladi — bemor sababsiz qo’rqib, qattiq bezovtalanadi; 4) yoshi qaytgan (ko’pincha 50-60 yashar) kishilarda Vahima ruhiy kasallikning asosiy belgilaridan bo’lib, uzoq davom etadi, bemor g’amgin yuradi, qattiq qo’rqadi, bezovtalanadi, o’zini qo’ygani joy topolmaydi, kelajak fojiali, falokatli, o’zi yoki yaqinlariga qandaydir xavf tug’ilayotgandek tuyuladi. Bunday Vahima o’z-o’zini ayblash vasvasasi bilan birga uchraydi, ehtiyot choralari ko’rilmasa, bemor o’zini halok qilishi mumkin. Vahima avj olganda vegetativ nerv sistemasi faoliyati buzilib, organizmda har xil biokimyoviy o’zgarishlar ro’y beradi, qonda adrenalin, noradrenalin va qand ko’payadi, me’da shirasida xlorid kislota kamayadi, qon bosimi oshadi, dil o’ynaydi. Vahima bo’lib qolgan kishi ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanadi.