Vahon tizmasi
Vahon tizmasi – Tojikistonning chekka Janubdagi va Afg’onistonning shimoli-sharqidagi tizma, Pomirning eng- Janub tizmalaridan. Vahon tizmasining g’arbiy qismi Shohdara va Panj daryolari, Sharqiy qismi Pomir daryosi bilan Vahondaryo orasida suvayirg’ichdir. Tizmaning uzunligi 160 kilometr, o’rtacha balandligi 5000 metr, eng baland joyi 6281 metr. G’arbiy qismi Shohdara tizmasi deb ham ataladi, sharqiy qismi Afg’oniston hududida. Tog’ tepalarida va qiyaroq yon bag’irlarida doimiy qor va muzliklar (Tojikiston hududida umumiy maydoni 96,2 km2) ko’p. Vahon tizmasi kembriydan oldingi davr va paleozoyning granit, gneys, kristalli slanes va metamorfik jinslaridan tarkib topgan. Vahon tizmasida siyrak tog’ kserofit o’tlari va butalari o’sadi. 4000 metrdan yuqorida Alp o’tloqlari bor.