Vali Muhammad

Vali Muhammad (? – 1611.27.8) — Buxoro xoni (1605-11), Ashtarxoniylardan. Akasi Boqi Muhammad davrida Balx noibi (1599-1605). Boqi Muhammad vafotidan so’ng Buxoro taxtiga o’tqazilgan. Vali Muhammaddan so’ng Balx hokimi bo’lgan Nadr Muhammadxon boshliq mahalliy amaldorlar Imomqulixonni Buxoro taxtiga o’tqazish uchun Vali Muhammadga qarshi fitna uyushtirganlar. 1611 yil bahorida Vali Muhammad Imomquli va Nadr Muhammadxonlar bilan bo’lgan kurashda yengilgach, Imomqulixon Buxoro xoni deb e’lon qilingan. Vali Muhammad esa Eron shohi Abbos huzuriga qochib borgan. U shoh Abbos yordamida Movarounnahrni qaytarib olishga harakat qilgan. Tarixchi Muhammad Yusuf munshiy (17-asr) «Tarixi Muqimxoniy» asarida yozishicha, shoh Abbos Imomqulixonga qarshi kurashish uchun Vali Muhammadga 80 ming kishilik qizilboshlilar qo’shinini bergan. Biroq Samarqand atrofidagi Bog’ishamolda bo’lgan jang (1611 yil avgust)da Imomqulixon g’alaba qozongan, Vali Muhammad asir olinib, qatl etilgan. Ad.: Axmedov B. A., Istoriya Balxa, T., 1982;Axmedov B. A., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI— XVIII vv. (Pismennie pamyatniki), T., 1985.