Valparaiso

Valparaiso (ispancha—Jannat vodiysi) — Chili markazidagi shahar. Akonkagua viloyati ma’muriy markazi. Aholisi 290 mingdan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari). Mamlakatning tinch okean sohilidagi eng katta porti (import mollarining yarmidan ko’prog’i, eksport tovarlarining ancha qismi Valparaiso orqali o’tadi). Transkontinental (Buenos-Ayres — Santyago — Valparaiso) temir yo’lning so’nggi punkti, avtomobil yo’llari tuguni. Mamlakatning muhim sanoat markazi. Mashinasozlik, to’qimachilik, metallsozlik va yog’ochsozlik, ko’n poyabzal, oziq-ovqat, tsement, poligrafiya, kimyo sanoati rivojlangan. Neft haydash, cho’yan quyish va kema remonti zavodlari mavjud. Universitet, politexnika instituti, dengizchilik akademiyasi, muzey bor. Shaharda tez-tez yer qimirlab turadi. Chilining muhim harbiy dengiz bazasi. Valparaisoga 1536 yilda asos solingan.