Vaqt

Vaqt — 1) materiyaning asosiy yashash shakllaridan biri; 2) tabiatdagi biror davriy hodisaga, masalan, Yerning o’z o’qi atrofida aylanish davriga nisbatan hisoblanadigan o’lchov birligi. Vaqtni o’lchash. Yerning o’z o’qi atrofida aylanish davri bilan o’lchanadigan Vaqt birligi sutka (bir kecha-kunduz) deb ataladi. Vaqtning kattaroq birliklari oy (Oyning yer atrofida aylanish davri), yil (yerning Quyosh atrofida aylanish davri)dir. Yerning uz o’qi atrofida aylanish davri yulduzlarga yoki bahorgi teng kunlik nuqtasiga nisbatan olinsa, yulduz sutkasi, Quyoshga nisbatan hisoblansa, haqiqiy Quyosh sutkasi, O’rtacha Quyoshga nisbatan esa o’rtacha Quyosh sutkasi deyiladi. Oyning yer atrofida yulduzlarga nisbatan aylanish davri — siderik oy (yulduz oyi), oyning ikkita bir xil fazalari orasida o’tadigan davr —sinodik oy deyiladi. Nihoyat, Quyoshning yer atrofida ko’rinma (vizual) harakati yulduzlarga nisbatan olinsa, siderik yil (yulduz yili), bahorgi teng kunlik nuqtasiga nisbatan hisoblansa, tropik yil hosil bo’ladi. Vaqtning eng kichik birligi qilib sutkaning 1/86400 qismiga teng vaqt — sekund qabul qilingan. Fan va texnikada sekundning mingdan, milliondan bir ulushlari bilan ham ish ko’riladi. Olimlar Yerning o’z o’qi atrofida notekis aylanishini aniqlashdi. Shuning uchun vaqt birligining o’zgarmasligini ta’minlash maqsadida nazariy efemerid sekund birligi qabul qilingan. Efemerid sekund tropik shlning 1/31556925,9747 ulushiga teng (maxrajidagi raqam asrimiz boshi — 1900 tropik yildagi sekundlar soni). Vaqtning boshqa birliklari vaqt o’tishiga bog’liq bo’lmagan o’zgarmas birlik — efemerid sekund yordamida istalgan davr uchun hisoblanishi mumkin. Demak, vaqtning asosiy birligi qilib, efemerid sutkaning 1/86400 ulushiga teng efemerid sekund qabul qilingan. Bunda erning o’z o’qi atrofidagi notekis harakati hisobga olingan. Bevosita kuzatishlarga asoslanib yulduz vaqti aniqlanadi. Uning asosiy o’lchov birligi yulduz sutkasi hisoblanadi. Yulduz sutkasining boshlanishi bahorgi teng kunlik nuqtasining yuqori kulminatsiya paytiga to’g’ri keladi. Shu paytda yulduz vaqti bilan yuradigan soatlar 0 soat 0 minut 0 sekundni ko’rsatishi kerak. Bahorgi teng kunlik nuqtasi yerning nutatsion harakati ta’siridan xoli deb qabul qilingan vaqt o’rtacha yulduz vaqti deb ataladi. Yerning yulduzlarga nisbatan o’z o’qi atrofida aylanish davri 24 soat 0 minut 0,0084 sekund o’rtacha yulduz vaqtiga teng bo’ladi. Kundalik hayotimizda asosan o’rtacha Quyosh vaqtidan foydalanamiz. O’rtacha Quyosh — ekvator bo’ylab tropik yil ichida bir marta tekis aylanib chiqadigan xayoliy nuqtadir. O’rtacha Quyosh markazining yuqori kulminatsiya paytio’rtacha tush payti deb ataladi. O’rtacha Quyosh vaqti shu paytdan boshlanadi. O’rtacha Quyosh markazining pastki kulminasiya payti yarim tun deb ataladi. Fuqaro vaqti shu paytdan (soat 24 oydan) hisoblanadi va taqvim (kalendar) kun o’zgaradi. Astronomiyada 1925 yilgacha kun hisobi tush paytida o’zgarar, ya’ni yangi kun kunduzi soat 12 dan boshlanar edi. 1925 yildan boshlab astronomiyada ham fuqaro vaqtidan foydalanilmoqda. Tropik yil 366,2422 yulduz sutkasidan iborat; bunda yer Quyosh atrofini bir marta to’liq aylanib chiqadi, shu sababli, Quyoshga nisbatan yerning o’z o’qi atrofida aylanish soni kam, ya’ni 365,2422 sutka bo’ladi. Shuning uchun 366,2422 yulduz sutkasi 365,2422 o’rtacha Quyosh sutkasiga teng. Bundan quyi-dagi xulosalarga kelish mumkin. Yulduz vaqtining 24 soati — o’rtacha Quyosh vaqtining 23 soat 56 minut 4,090 sekundiga, o’rtacha Quyosh vaqtining 24 soati — yulduz vaqtining 24 soati 3 minut 56,555 sekundiga teng. Yulduz vaqtidan o’rtacha Quyosh vaqtiga va aksincha o’tish uchun astronomik yilnomalarda boshlang’ich meridianning har yarim kechasiga oid yulduz vaqti beriladi. Yer sharining har bir joyida shu joyning o’z mahalliy vaqti bor. Bu vaqt o’sha joy meridiani — geografik uzunlamasiga bog’liq. Bir meridiandagi soatlar bir vaqtni ko’rsatadi. Yer g’arbdan sharqqa qarab aylangani uchun berilgan Meridiandan Sharqdagi joylarda soat kechrok vaqtni, G’arbdagi joylarda ertaroqni ko’rsatadi. Ikki joyning mahalliy vaqtlari orasidagi farq shu joylar geografik uzunlamalarining soat, minut va sekundlar bilan hisoblanadigan farqiga teng. Xalqaro kelishuvga binoan, Grinvich meridiani boshlang’ich (nolinchi) meridian deb qabul qilingan. Grinvich fuqaro vaqti dunyo vaqti deb qabul etilgan. Har bir joyning o’z fuqaro vaqti bo’lishi o’zaro aloqa va sayohatlarda ko’p noqulayliklar tug’diradi. Shu sababli, bir vaqtlar turli mamlakatlarda o’z poytaxt vaqtlarini qabul qilishgan. 1884 yildan boshlab, yer shari 24 soat mintaqaga bo’lindi. Har bir mintaqadagi joylar bir xil vaqtga, ya’ni o’rtacha meridian vaqtiga ega bo’ladi. Mintaqalar Grinvich meridianidan boshlab 0 dan 23 gacha raqamlanadi. Shuning uchun ma’lum mintaqa raqamiga teng songa farq qiluvchi butun soatga teng bo’ladi. Masalan, Moskva va Sankt-Peterburg 2 – mintaqada yotganligi uchun ularning mahalliy vaqti Grinvich vaqtidan 2 soat, Toshkent 5-mintaqada joylashganligi uchun 5 soat farq qiladi. Sobiq Ittifoqda mintaqa vaqti XKS dekreta bilan 1919 yil 1 iyuldan boshlab kiritilgan. Tabiiy yorug’likdan samarali foydalanish hamda xalq xo’jaligi va turmushda elektr energiyasini mutanosib taqsimlash maqsadida ko’p mamlakatlarda yoz paytlarida soat millari 1 yoki bir necha soat oldinga suriladi. Toshkent vakti deb yuritiladigan 5 – mintaqaning dekret vaqti dunyo vaqtidan 6 soat oldindadir. Fizikada Vaqtni o’lchash o’rganiladigan jarayonlarga tezligi yoki takrorlanish davri ma’lum boshqa jarayonlarni taqqoslashga asoslangan. Katta Vaqt oraliqlari, masalan, million va milliard yillar bilan o’lchanadigan osmon jismlarining yoshi ularning tarkibiga (vodorod va geliy miqdoriga) qarab aniqlanadi. Kichikroq vaqt oralig’i — sutka, soat, minut va sekund turli soatlar yordamida o’lchanadi. Ilgari quyosh soati, suv soati va qum soatlar qo’llanilgan. Hozir Vaqtni juda aniq o’lchashga imkon beradigan mayatnikli, kvars va elektron soatlar ishlatiladi. Vaqtning juda kichik ulushlari (masalan, 0,2—0,01 sekund) boshqa usullar bilan o’lchanadi. Masalan, portlash reaktsiyalari sekundning yuzlarcha va minglarcha ulushi davomida o’tadi. Bunday jarayonlar ossillograf bilan qayd qilinadi. Ba’zan atom va yadro jarayonlari sekundning million va milliard ulushlari ichida o’tadi. Aniq Vaqt astronomiya rasadxonalarining vaqt xizmatlarida maxsus asboblar yordamida yulduzlarni kuzatib aniqlanadi, juda aniq yuradigan soatlar yordamida «saqlanadi» va radiosignallar yordamida tarqatiladi. Vaqtning katta bo’laklarini o’lchash uchun yil birligiga asoslangan taqvim qo’llaniladi. Elektronikaning rivojlanishi munosabati bilan 20-asr 60-yillarida astronomik kuzatuvlarga bog’liq bo’lmagan butunlay yangi vaqtni o’lchash tizimi paydo bo’ldi. Bu tizim kvant generatorlar (atom soatlari) bilan nazorat qilib turiladigan aniq kvars soatlardan foydalanishga asoslanadi. Vaqtni o’lchashning bu tizimi atom vaqti nomini oddi va Ta /deb belgilandi. Etalon birlik sifatida atom sekunddan foydalaniladi. Uning qiymati tseziy 133 atomidagi energiya o’tishlaridan birining Rezonans chastotasi yordamida aniqlanadi. Vaqt xizmati atom soatlari yordamida aniq Vaqt radiosignallarini berib turadi. Ta vaqt sekundlari davomiyligi har yili astronomik kuzatuvlar yordamida nazorat qilinadi. Vaqtni o’lchashning barcha tizimlari muntazam ravishda bir-biriga taqqoslab turiladi. Bunday taqqoslashlar natijalari idorasi Parijda joylashgan xalqaro vaqt byurosi «Axborotlari»da e’lon qilib boriladi. O’zbekistan Fanlar Akademiyasi Astronomiya institutida ham vaqt xizmati bilan shug’ullaniladi. Ad.: Bakulin P. I., Blinov N. S, Slujba tochnogo vremeni, M., 1968.