Vaqt byudjeti, aholining vaqt byudjeti
Vaqt byudjeti, aholining vaqt byudjeti — ayrim xodimlar va ular oilasi hamda muayyan aholi guruhlarining o’z vaqtini nimalarga (masalan, mehnat qilish, dam olish, o’qish va boshqalar) sarflashini ifodalovchi ko’rsatkichlar majmui. Vaqt byudjeti 2 ga bo’linadi: 1) ish vaqti (haqiqiy ish vaqti, unumsiz xatti-harakatlar, ishdagi belgilangan tanaffuslar, smena qabul qilish hamda topshirishga ketgan vaqt va hokazolar); 2) ishdan tashqari vaqt (uy-ro’zg’or yumushlariga, ishga borib-kelishga, fiziologik va ma’naviy ehtiyojlarni qondirishga, masalan, uxlash, ovqatlanish, ma’lumotni oshirish, dam olish va boshqalarga ketgan vaqt). Vaqt byudjeti ma’lumotlari aholi turmush darajasini qiymat va natural ko’rsatkichlar vositasida tadqiq etish mumkin bo’lmagan alohida tomonlarini o’rganishga yordam beradi. Vaqt byudjetini o’rganish, asosan 20-asrning 20-yillaridan boshlangan (akademik S. G. Strumilin va boshqalar). Vaqt byudjeti tadqiqotlarini sotsiolog va iqtisodchilar o’tkazadi. 1959 yilda BMTning YUNESKO tashkiloti Vaqt byudjetini tadqiq qiluvchi xalqaro sotsiologlar guruhi tashkil etgan. Bunday tadqiqotlar Germaniya, Yaponiya, AQSh singari ko’plab mamlakatlarda olib boriladi. Vaqt byudjetini o’rganish asosida mehnat samaradorligini oshirish, turmush va dam olishni oqilona tashkil etish tadbirlari ishlab chiqiladi.