Vasvasa

Vasvasa — odamda g’ayritabiiy, haqiqatga to’g’ri kelmaydigan, xato, bema’ni g’oyalarning paydo bo’lishi, fikrlash va faraz qilish qobiliyatining buzilishi, ruhiy kasalliklarning asosiy belgilaridan biri. Vasvasaga uchraganlarning aql-farosati, ongi teran bo’lsa ham, ba’zi voqea va hodisalar to’g’risidagi fikr-mulohazalari o’zgarib, noto’g’ri xulosalar chiqaradilar. Masalan, hayotda sodir bo’layotgan voqealarni tartib bilan so’zlab bersalar ham, ularning mazmun va mohiyatini izohlashda ma’nosiz fikrlar aytadilar. O’zlarini ruhan sog’lom his qilib, xato fikrlarini haqiqat deb tushunadilar, buning noto’g’riligini isbotlamoqchi bo’lgan kishilarga munosabat va xatti-harakatlari tubdan o’zgaradi. Vasvasa turlari ko’p: 1) kuzatish, hadiksirash Vasvasasida bemor sodir bo’layotgan voqea va hodisalarni o’ziga tegishli deb, uni badnom qilish maqsadida uyushtirilgan fitna deb hadiksiraydi. O’zaro suhbatlashib yoki chaqchaqlashib o’tirgan odamlarni uchratganda, meni mazax qilib kulishmoqda deb o’ylaydi. Badiiy asarlar o’qiganda, radio eshitganida, televizor ko’rganida bularning hammasi mening to’g’rimda deb xayol qiladi, shuning uchun o’zini ko’pchiliqdan tortadi, uyiga berkinib oladi; 2) jismoniy ta’sirlanish Vasvasasi — bemor organizmida azob beruvchi sezgilar his etib, bu — raqiblarim kashf etgan maxsus apparatlar yordamida yuborilayotgan ko’rinmas nurlar, to’lqinlar, elektr quvvati, gipnoz yoki sehr ta’sirining natijasidir, deb o’ylaydi. 3) zaharlanish Vasvasasida bemor ovqatlangach o’zini yomon his qilib, buni «dushman»laridan ko’radi va ovqatdan voz kechadi yoki «zaharsiz taomlar» izlaydi. U «dushman»lari ustidan boshqalarga arz qiladi yoki idoralardan yordam so’raydi, ba’zan baxtsiz hodisalarga sabab bo’ladigan tadbirlar ko’rishi mumkin; 4) kamsitish, gadolik va tunash Vasvasasi — ko’pincha keksalikdagi kasalliklarda, xotirasi pasaygan kishilarda uchraydi. Bunday bemor qandaydir odamlar uni tunaganligi, natijada gado bo’lib qolgani, qarindosh-urug’lari kamsitib xo’rlayotgani haqida shikoyat qilib yuradi; 5) rashk Vasvasasida yer yoki xotin bir-birini vafosizlikda ayblaydi; xatti- harakati, yurish-turishi, boshqalar bilan munosabatidan vafosizlik alomatlarini axtarib, poylab yuradi, o’z shubhasini isbotlash uchun ma’nosiz, ahmoqona dalillar keltiradi. Bemorning butun xayolini shu fikr chulg’ab oladi, ba’zan umr yo’ldoshi yoki gumon qilgan kishisiga shikast yetkazishi ham mumkin; 6) ulug’lik, badavlatlik va kashfiyot Vasvasasi — bemor o’zini mulkdor yoki dono, qudratli, ijodkor yoki olamshumul ixtirochi, deb hisoblaydi. U o’zicha yozadi, sxemalar chizadi, yangi nazariyalar yaratadi. Tashkilotlarga borib, o’zini tan olishni, takdirlashni talab qiladi; 7) o’zini ayblash va kamsitish Vasvasasi asosan ruhiy tushkunlikka tushgan kishilarda uchraydi. Ular o’zlarini oila, jamiyat oldida pastkash, gunohkor, yaramas odam deb hisoblaydilar va ko’pincha o’zlarini nobud qilishga intiladilar; 8) xastalik Vasvasasi, ipoxondrik Vasvasa— bemor o’zini o’lay deb turgan og’ir kasal deb his qiladi, nazarida tashqi qiyofasi o’zgargandek, rak yoki tanosil a’zolari kasalliklariga duchor bo’lgandek tuyuladi. Miyasi, ichki a’zolari chirib, yurak faoliyati va tomir urishi to’xtab qolgandek tuyuladi, o’zini allaqachon o’lib ketgan deb o’ylaydi. U faqat kasalligi to’g’risida o’ylab, atrof- dagi voqea va hodisalarga qiziqmay qo’yadi. Ba’zi bemorlar ichida qandaydir apparatlar yoki hayvonlar bordek sezadi va darhol operatsiya qilishlarini talab etadi. Vasvasaning bu turi bosh miyaning organik kasalligi bo’lgan odamlarda ko’p uchraydi. Vasvasa bo’lgan bemorlar ruhiy kasalliklar shnfoxonasida davolanadi. Mirqobil Halilov.