Vatikan

Vatikan (Vaticano, Stato della Citta del Vaticano) — Italiya poytaxti — Rimning g’arbiy qismidagi Monte-Vatikan tepaligida joylashgan mustaqil shahar-davlat. Katolik cherkovining siyosiy, ma’muriy va mafkuraviy markazi, uning boshlig’i — Rim papasi qarorgohi. Qariyb hamma tomoni tosh devor bilan o’ralgan. Maydoni 0,44 km2. Doimiy aholisi 1 ming kishiga yaqin (700 kishi Vatikan fuqarosi). Rasmiy tillari — lotin va italyan tillari. Davlat tuzumi. Vatikan — cheklanmagan teokratik monarxiya. Konstitutsion hujjatlari 1929 yilda qabul qilingan. Davlat boshlig’i — Rim papasi. 1996 yil Fevralda Papa Ioan Pavel II tomonidan chiqarilgan yangi Konstitutsiyaga muvofiq, u, odatda, kardinallar orasidan yashirin ovoz berish orqali ovozlarning uchdan ikki qismiga ega bo’lgan taqdirda kardinallar hay’ati tomonidan umrbod saylanadi. Oliy qonun chiqaruvchi, ijrochi va sud hokimiyati Papa qo’lida. Ayni vaqtda u Rim katolik cherkovining ham boshlig’i hisoblanadi. Papa huzuridagi maslahat organi — kardinallar hay’ati cherkovning eng muhim ishlarini muhokama qilish va papain saylash uchun yig’ilib turadi. Rim papasi Ioann Pavel II (264-Papa) 1978 yil 16 oktabrda saylangan. Bu kun Vatikanda milliy bayram sifatida nishonlanadi. Tarixi. Ilk o’rta asr davrida Vatikan Rim papalarining turar joyi, 1377 yildan boshlab esa doimiy qarorgohi. 8-asrdan cherkov davlati sifatida mavjud. 1870 yilda Italiya birlashishi munosabati bilan Italiya qirolligi tarkibiga qo’shib olingan. 1929 yilda Papa bilan Italiya hukumati o’rtasidagi Lateran bitimi natijasida Vatikan davlati qayta tiklandi va 1929 yil 11 Fevralda mustaqil davlat sifatida tan olindi. Katolik cherkovining xalkaro markazi sifatida Vatikan dunyoning ko’pgina mamlakatlaridagi ijtimoiy turmushga ta’sir o’tkazadi. O’zbekiston Respublikasi bilan Diplomatiya munosabatlari 1992 yil 17 oktabrda o’rnatilgan. Iqtisodiyoti. Davlat iqtisodiy negizini kapital mablag’lardan tushadigan daromadlar, milliy katolik Cherkovlarning badallari, dindorlarning ehsonlari tashkil qiladi. Vatikan— dunyoning yirik sanoat-moliya monopoliyalaridan biri (uning oltin va valyuta bisoti 12 milliard AQSh dollaridan ortiq deb taxmin qilinadi). O’zining moliyaviy, iqtisodiy operasiyalari va ishonchli vakillari orqali qudratli xalqaro korporatsiyalar, banklar bilan uzviy bog’langan. Vatikan bir qancha kompaniya va banklar aktsiyasiga ega. Italiya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Frantsiya, Ispaniya, shuningdek AQSh va Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi sanoat tarmoqlari korxonalariga qo’yilgan sarmoyadan katta foyda olib turadi. Italiya, Germaniya, Ispaniya va boshqa mamlakatlarda katta yer maydonlariga ega. Xorijiy sayyohlik va pochta markalari chiqarish, suvenirlar sotish ham ko’p daromad keltiradi. Pul birligi — italyan lirasi; numizmatlar uchun Vatikan lirasi ham zarb etiladi. Matbuoti. Vatikanning rasmiy nashrlari: «akta apostolike sedis» («Havoriy Arsh hujjatlari», oylik byulleten, 1909 yildan), «Annuario Pontifichio» («Papa yilnomasi», yillik ma’lumotnoma), «Osservatore della Domenika» («Yakshanbalik sharh», katoliklar uchun haftanoma), «Osservatore Romano» («Rim sharhlovchisi», kundalik gazetasi, 1861 yildan). Shuningdek italyan, frantsuz, ispan, portugal, nemis, ingliz tillarida haftalik nashrlari mavjud. «Adjentsia Internasionale Fides» Vatikan agentligi 1926 yilda tashkil etilgan. Vatikan radiosiga 1931 yil 12 Fevralda asos solingan, 1957 yilda qayta tashkil etilgan. «Chentro Televizivo Vatikane» — Vatikan televizion markazi 1983 yilda barpo etilgan. Me’morligi. Ilk o’rta asrlarda vujudga kela boshlagan Vatikan ma’muriy majmuasiga 15— 16-asrlarda yaratilgan ko’pdan-ko’p inshootlarni o’z ichiga oluvchi Vatikan saroy ansambli (maydoni 55 ming m2) kiradi. O’z navbatida ansambl devorlari B. Mikelanjelo, P. Perujino, S. Bottichelli, D. Girlandayo ishlagan rasmlar bilan bezatilgan Sikstin Kapellasi, Beato Anjeliko ishlagan rasmlar bilan bezatilgan Nikolay V kapellasi, Rafael mo’yqalami sayqal bergan peshayvonlar va zallar, Uyg’onish davri uslubidagi ichki hovlilar (me’mor D. Bramante), barokko uslubidagi darvozaxona (me’mor L. Bernini), shuningdek ko’zni qamashtiradigan kutubxona, badiiy muzeylar va boshqalardan iborat. Vatikan bog’larida Piy IV kazinosi, Vatikan pinakotekasi (17-asrgacha bo’lgan italyan rassomlari asarlari to’plami) binosi va boshqalar bor. Vatikan majmuasiga Avliyo Pyotr sobori (me’morlar D. Bramante, Mikelanjelo, K. Maderna va boshqalar), Navon maydonidagi qator kolonnalar (me’mor L. Bernnni) qo’shilib ketgan.