Vatvot, Rashididdin, Rashid

Vatvot, Rashididdin, Rashid [taxalluslari (Vatvot — ko’rshapalak, uchar sichqon, adibning jussasi kichikligiga ishora); asl ismi Muhammad bin Abdul- Jalol al-Umariy] (1087, Balx — 1177 yoki 1183, Xorazm) — shoir, adabiyotshunos olim. Balxning «Nizomiya» madrasasida ta’lim olgan, falsafa, adab haqidagi ilmlarni chuqur o’rgangan. Keyinchalik Xorazmga kelib, Xorazmshoh Otsiz (1127-56) saroyida ijod qilgan. «Sa’d-al-mulk» («mamlakat baxti») faxriy unvoniga sazovor bo’lgan. Fors va Arab tillarida yozgan. G’azal, ruboiy, qitalarida adolat, odamiylik, insoniy muhabbatni ulug’lagan. Qasidalari xorazmshohlarga bag’ishlangan. She’riyat nazariyasiga oid «Hadoiq as-sehr Fi daqoiq ash-she’r» («she’riy nozikliklardan sehr bog’lari») asari 1156 yilgacha Xoazmda yozilgan. Unda tajnis, saj’, zulqofiyatayn, maqlubi Mustavi, savol-javob kabi she’riy san’atlar haqida so’z yuritilgan. Asar keyingi davr shoir va adabiyot olimlariga qo’llanma sifatida xizmat qilgan. Adabiyotshunos Sharafiddin Romiy (14-asr) bu asarga «Hadoiq al-haqoyiq» («xaqiqat bog’lari») nomli sharh yozgan. Shams Qays Roziy, Ataulloh Xusayniy she’riy san’atlar haqidagi asarlarida unga murojaat qilganlar. Bobur ham «muxtasar» risolasida Vatvotni tilga olgan.