Verakrus

Verakrus — Meksika shtati, mamlakatning Janubi-sharqida, Meksika qo’ltig’i sohilida. Maydoni 71,7 ming km2. Aholisi 6,2 milliondan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari). Ma’muriy markazi — Xalapa shahri. Sharqiy Serra-Madre tog’lari yon bag’riga tutashgan dengiz bo’yi pasttekisligida joylashgan. Tropik plantatsiya xo’jaliklari (kofe, shakarqamish, apelsin, banan, ananas, kakao va boshqalar) bor. Meksikaning asosiy neft sanoati rayoni. Neft (Tampiko, Posa-Rika, Tuspana rayonlari) va tabiiy gaz (posarika) olinadi va qayta ishlanadi. Qora metallurgiya (Verakrus shahri) rivojlangan. To’qimachilik, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor.