Virilizm

Virilizm (lotincha virilis — erkakka xos) — ayollarda erkaklarga xos ikkilamchi jinsiy belgilar paydo bo’lishi; endokrin kasallik. Bunda soqol, mo’ylov o’sishi, ovoz do’rillashi, skelet muskullarining jadal rivojlanishi va boshqalar kuzatiladi. Buyrak usti bezi po’stloq qavatining hamda gipofiz oldingi bo’lagi funktsiyasining buzilishi va turli kasalliklar tufayli tuxumdonda yuzaga kelgan o’zgarishlar sabab bo’lishi mumkin. Bunda tuxumdon faoliyati susayadi, jinsiy a’zolar va ko’krak bezlari kichrayadi, hayz ko’rish izdan chiqadi. Virilizmni endokrinolog vrach konservativ yo’l bilan davolaydi. Ayrim hollarda jarrohlik usuli qo’llaniladi.