Vitalizm

Vitalizm (lotincha vitalis — hayotiy) — biologiyadagi oqim. Organizmlarda hayotiy hodisalarni boshqaradigan, nomoddiy g’ayritabiiy kuchlar («hayotiy kuch», «jon» va boshqalar) bor deb tushuntiradi. Vitalizmning asosiy qoidalari qadimdi dunyoda paydo bo’lgan. Aristotel hayot asosida go’yo nomoddiy dinamik ibtido — «entelexiya» yoki jon yotadi, degan tasavvurni rivojlantirdi. 17-asrda golland olimi van Gelmont organlar faoliyatini va butun organizmni ruhiy kuchlar yoki «arxey» boshqaradi, deb hisobladi. 18-asrda nemis vrachi G. Shtal organizm a’zolarining tuzilishi va vazifasini bajarishdagi muvofiqligi nomoddiy ibtido — jon tomonidan belgilanadi, deb bildi. 18-asr oxiri —19-asr boshidagi tabiatshunoslik yutuqlari xayotning mohiyati haqidagi vitalistik tasavvurlarning xatoligini isbotladi. Lekin, 19-asr oxiri — 20-asr boshida jamiyat taraqqiyotining ijtimoiy-iqtisodiy o’ziga xos xususiyatlari, idealistik oqimlarning kuchayishi munosabati bilan neovitalizm shaklida yangidan paydo bo’ldi. Vitalizmning turli ko’rinishlari hozirgi zamon biologiyasida ham namoyon bo’lmoqda. Bu organizm hayot faoliyati o’ziga xos xususiyatining nomoddiyligini e’tirof etishda ko’rinadi.