Voizlik san’ati
Voizlik san’ati – jamoat oldida nutq so’zlash, notiqlik san’ati; ilmiy-siyosiy ma’ruza, bahs, munozara, targ’ibot va tashviqotning asosiy vositasi sifatida keng ijtimoiy mavqega ega bo’lgan san’at. Yunonistonda voizlik ritorika deyilgan. Qadimda Sharq mamlakatlarida hukmdor shaxsan o’zi jamoat oldiga chiqib, o’z siyosati, xalqaro ahvol va boshqalar haqida nutq so’zlagan. El oldiga chiqish, ayniqsa juma namozi, hayit, Navro’z kunlari va boshqalarda, mamlakatlararo urush boshlangandagi yig’inlarda odat tusiga kirgan. 9-asrga kelib, bu muhim ishni xushovoz, ta’sirchan gapiradigan, ishontira oladigan maxsus kishilar — voizlarga topshirganlar. Shunday qilib, Voizlik san’ati shakllangan. Rivoji jarayonida dabirlik (davlat ahamiyatidagi yozishmalarni insho etish va o’qib berish), xatiblik (diniy, siyosiy mayldagi notiqlik), muzakkirlik (diniy-axloqiy masalalarni sharhlab berish) kabi tarmoqlari vujudga kelgan. Voizlik san’atining nutq matnlari, tinglovchilarning bilimi, ijtimoiy mavqei va boshqa xususiyatlarga ko’ra turli maqom (qism) larga bo’lingan: sultoniyot (yuqori tabaqa uchun), xutubu jihodiya (jangovar nutqlar), g’aribona maqom (oddiy xalq uchun) va boshqalar. Voizlik san’ati ijtimoiy va badiiy jihatdan muhimligi tufayli asrlar davomida rivojlana bordi. O’rta asrlarda Voizlik san’atining nazariyasi va talqin uslublarini yorituvchi ilmiy, uslubiy va xrestomatik asarlar yaratildi. Voizlik san’atini o’rgatuvchi maxsus soha — kalom ilmi, balog’a ilmi yuzaga keldi. Voizlik san’ati o’tmishda katta ijtimoiy qudrat kasb etgan, hozirgi notiqlik san’ati rivojida muhim rol o’ynagan. Sotimxon Inomxo’jayev.