Vojid Alixon Hindistoniy
Vojid Alixon Hindistoniy (19-asr, Hugli bandargohi, Bengaliya) — qomuschi olim. Otasi adib, asli turkistonlik bo’lgan. Vojid Alixon Hindistoniy 12 yoshidayoq turli ilmlardan xabardor bo’lgan. 15— 16 yoshlarida sayohatga chiqib, bilimlarini oshirgan, so’ng mudarrislik qilgan. Asosiy asari 2 jildli «Matla ul-ulum va Majma ul-Funun» («ilmlar boshi va fanlar majmuasi», 1846) qrmusidir. 1-jild («Matla ul-ulum») da fanlar asosi, ularning paydo bo’lishi va rivojlanish tarixi bayon qilingan. 2 – jild («Majma ul-Funun») da qimmatli amaliy ma’lumotlar, jumladan Markaziy Osiyo xattotlik, musavvirlik, kandakorlik, duradgorlik, ko’nchilik, muqovasozlik va boshqa kasblar haqida ma’lumot to’plangan. Har jildning maxsus bobida musiqa (xususan, hind va fors musiqa an’analari) haqida fikr yuritilgan. Vojid Alixon Hindistoniy Xorazmga kelib mudarrislik qilgan, uning asari toshbosma tarzida (Kanpur, 1889; Lakxnau, 1908 va boshqalar) Turkistonda keng tarqalgan. Asarlari Beruniy nomidagi Sharqshunoslik ilmiy tadqiqot institutida saqlanmoqda (inv. NN 8787, 6817, 6818, 2838, 5250). Ld.:Avedova N. A., Svedeniya o texnike jivopisi v entsiklopedii vajida Ali, v kn.: Iz istorii jivopisi Sredney Azii. Tradisii i novatorstvo, T., 1984.