Voltampermetr
Voltampermetr — o’zgaruvchan va o’zgarmas elektr zanjiridagi tok kuchi va kuchlanishni o’lchaydigan asbob. Magnitoelektr, elektromagnit, elektrodinamik, to’g’rilagich, issiqlik va raqamli mikroelektron turlari bor. Voltampermetrlar ko’chma va shchitlarga o’rnatiladigan qilib ishlab chiqariladi. Voltampermetr laboratoriyalarda, zavod tsexlarida, kundalik turmush va dala sharoitlarida qo’llaniladi. Keyingi vaqtlarda Voltampermetrlarning ancha ixcham va puxta ishlaydigan zamonaviy xillari ishlab chiqarilmoqda. Ularning asosini mikroelektron sxemalar tashkil etadi. Voltampermetr tok kuchini amper (A), kuchlanishni volt (V) larda o’lchaydi.