Voltmetr

Voltmetr — elektr zanjiridagi kuchlanishni o’lchaydigan asbob. Kuchlanishni volt yoki millivoltlarda ko’rsatadi. Asbob shkalasi voltlarda, millivoltlar va mikrovoltlarda ko’rsatadigan darajalarga bo’lingan. Shuning uchun Voltmetrning bir yoki ko’p diapazonli ampermetr, ommetr va ba’zi boshqa kattaliklarni o’lchashga moslashtirilgan qurilmalar bilan birga yasalgan universal va raqamli xillari bor; ular magnitoelektrik, elektromagnit, issiqlik, elektrostatik, elektrodinamik, Lampali, yarimo’tkazgichli va mikrosxemali bo’ladi. O’zgaruvchan tok elektron Voltmetrlari diodli to’g’rilagichlar, kuchaytirgich va o’lchash mexanizmidan tashkil topgan. O’zgaruvchan tok Voltmetrlarning asosiy qismlari: to’g’rilagich (T), o’zgaruvchan tok kuchaytirgichi (K), o’zgarmas tok kuchaytirgichi (o’tk) va o’lchash mexanizmi (O’m)dan iborat. O’lchash mexanizmlari ko’pchilik hollarda raqamli qilib yasaladi. To’g’rilagichlarda yuqori chastotali diodlardan foydalanilganda elektron Voltmetrlar 20-30 Gts dan 100-300 MGs gacha chegarada aniq ishlaydi. O’zgarmas tok elektron Voltmetrining asosiy qismini modulyator (M), kuchaytirgich>(K), to’g’rilagich (T) hamda o’lchash mexanizmi tashkil etadi. Universal elektron Voltmetrlar ham shunday tuzilgan. Yuqorida ko’rsatilgan sxemalarda asosan zamonaviy yarimo’tkazgichli elementlar (diodlar, tranzistorlar va turli integral mikrosxemalar) ishlatiladi. Raqamli Voltmetrlarning turli xillari, masalan, F 219, F229, v7-38 rusumlilari kundalik turmushda va ishlab chiqarishda ishlatiladi.