Vose qo’zg’oloni
Vose qo’zg’oloni (1887-1888) -Buxoro amirligi hududida bo’lib o’tgan xalq qo’zg’oloni. 19-asrning 70-yillarigacha Ko’lob, Qorategin, Darvoz, Voxon, Ro’shon, Shug’non viloyatlari yarim mustaqil mulk (shohlik, beklik)lar edi. 70-80-yillarda chor mustamlakachi ma’murlari yordamida mazkur viloyatlar va mulklar amirlik hududiga qo’shib olindi. Shu munosabat bilan bu boy tog’li o’lkani soliq va boshqa bahonalar bilan talon-taroj qilish boshlandi. Buning ustiga 1881 yildan boshlab Afg’oniston tomondan chigirtkalar yopirilib, ekinlarni nobud etdi. Chigirtkaga qarshi Amir va mustamlakachi ma’murlar hech qanday tadbiru chora ko’rmadilar. 1885 yil ekinlar hosil berganda Amir omillari kelib, qurg’oqchilik yillari (1881-84) uchun ham xiroj talab qildi. Shu talab xalqning to’lib turgan sabr kosasini toshirib yubordi. Xalq qo’zg’aldi. Unga Xovaling amlokdorligida yashaydigan Abdulvose degan dehqon yigit boshchilik qildi. Sarihisor, Maxdumdor, Zuvoili, Qizilmozor qishloqlaridan ming nafarga yaqin qo’zg’olonchi kelib qo’shildi. Vose boshchiligidagi qo’zg’olonchilar Qizilsuv daryosining o’ng qirg’og’ida joylashgan Baljuvon tog’ qal’asi tomon yurdilar. Bek huzuriga elchi jo’natdilar. Lekin elchilar o’limga mahkum etildi. Bek sarbozlari qo’zg’olonchilarga qarata o’t ochdilar. Ikki o’rtadagi qonli jangda qo’zg’olonchilarning qo’li baland keldi. Bek o’z odamlari bilan Kongurt qal’asiga chekindi. Vose Baljuvonni egalladi va mahbuslarni ozod etdi. Baljuvon begiga Ko’lob, Hisor va Buxorodan yordam keldi va u Baljuvonni qo’zg’olonchilar qo’lidan qaytarib olishga muvaffaq bo’ldi. Vose qo’zg’olonchilari safi yanada kengaydi va Baljuvon yana egallandi. Shu orada Hisor begi Ostonaqul qushbegi Ko’lob, Qorategin sarbozlari bilan yetib keldi. Nurek yaqinidagi jangda Vose boshliq qo’zg’olonchilar yengildi. Vose Xovaling qal’asi tomon chekinadi. Unga ergashgan qo’zg’olonchilarni sarbozlar ta’qib etib, qirg’in uyushtiradilar. Baljuvon begi qo’lga tushgan 40 nafar qo’zg’olon rahbarini qal’a oldida qatl ettiradi. Vose Xovaling tumanida bir sho’robdaralik tanishi uyiga berkinadi. Uy egasi sotqinlik qilib, Voseni bekka tutib beradi. Baljuvon begi Abdulqodir uni 130 nafar asirlar bilan birga Ostonaqul qushbegiga topshiradi. Vose va boshqa qo’zg’olon rahbarlarini Shahrisabzgacha, Amir Abdulahad qarorgohigacha sazoyi qilib piyoda haydab boradilar. Amir uni Oqsaroy oldida dorga ostiradi. Boshqa bir guvohlikka ko’ra Amir Voseni o’z qabuliga kiritgan. Vosening achchiq so’zlariga chiday olmagan Amir yonidagi qo’riqchilariga «chop!» deb buyurgan. Bir sarboz Vosening boshiga qilich urgan. Ba’zi manbalarda Vosening Yusuf, Olloyor, kulux miroxo’r, Azim, Rizo kabi jangovar do’stlari bo’lgani, qo’zg’olonchilar safida ayollar ham ishtirok etgani, masalan, Sayda ismli qiz otasi bilan birga sarbozlarga qarshi jang qilgani aytiladi. Vose o’ldirilgach, Hasan, Davlat degan o’g’illari qo’zg’olonni yana davom ettirdilar. Lekin, mustamlakachi ma’murlar ulardan shafqatsizlarcha o’ch oldilar. Xalq qahramoni Vose haqida Doston, qo’shiqlar to’qilgan. Abdurauf Fitrat «Vose isyoni» (1931) dramasini, G’ani Abdullo «Vose» (1937) musiqali dramasini, Mirzo Tursunzoda «Vose qo’zg’oloni» operasi librettosini (1939), Sotim Ulug’zoda «Vose» dramasi va romanini yozgan. Naim Norqulov.