Vulkanizm

Vulkanizm — magmaning yer qa’ridan yer yuzasiga otilib chiqishi bilan bog’liq bo’lgan hodisalar majmui. Vulkanizm natijasida harakatga kelgan magma Yer po’stida qotgach, intruziv jinslarni va yer yuzasiga otilib chiqib vulkan jinslarini hosil qiladi. Vulkanizm jarayonlari yer po’stining chuqur qismlarida bo’lganda magma o’choqlari va kanallari hosil bo’ladi, ularning atrofidagi tog’ jinslari yuqori harorat va magmaning ta’sir etishidan o’zgaradi. Yer yuzasida vulkan konuslari, vulkan gumbazlari, kal’deralar, Lava oqimlari, pemzali qoplamlar, geyzerlar, issiq buloqlar va shu kabo;ar hosil bo’ladi. Turli xil Vulkanizm jarayonlari sodir bo’lishi natijasida yer po’stidagi tog’ jinslarining hajmi har yili 5 km3 ga ko’payadi. Vulkanizm jarayonida atmosferaga ko’p vulkan gazlari, suv bug’lari ajralib chiqadi va yerning gaz hamda gidrosfera qobig’ini hosil qiladi. Vulkanizm b-n ko’pgina yirik metall (oltin, kumush, surma, margimush va boshqa rudalar) va nometall (oltingugurt, alunit, boratlar, qurilish materiallari va boshqalar) hamda qimmatbaho toshlar konlari bog’liq, jumladan O’zbekistonda Qurama tizmasidagi alunit konlari. Vulkanizm kuchli planetar jarayon; vulkanlar, kalderalar, Lava oqimlari va maydonlari oy, Mars, Merkuriy va Io (Yupiter yo’ldoshi)da aniqlangan.