XALIFA

XALIFA (Arabcha — o’rinbosar, noib) — musulmon jamoasi va musulmon davlatining diniy hamda dunyoviy boshlig’i. Xalifa Muhammad payg’ambar (sav) ning o’rinbosari, umaviylar davridan boshlab esa Allohning erdagi noibi hisoblangan. Muhammad (sav)dan keyingi to’rt Xalifa (Abu Bakr Siddiq, Umar, Usmon, Ali)ni xulafoi roshidin, ya’ni to’g’ri yo’ldan boruvchi Xalifalar deb atashgan. Abbosiylar, fotimiylar sulolasidan bo’lgan hukmdorlar Xalifa nomi bilan atalgan. 13-asrdan keyin ayrim musulmon mamlakatlarining hukmdorlari o’zini diniy boshliq ham da’vo qilib, Xalifa nomiga ega bo’lishgan. 16-asrda turk sultonlari o’zlarini Xalifa deb atay boshlaganlar, bu holat 1924 yilgacha, ya’ni Usmonlilar davlati tugaguncha davom etgan.