Xalq ijodi
Xalq ijodi — xalq ommasining badiiy, ijodiy-amaliy va havaskorlik faoliyati; an’anaviy moddiy va nomoddiy madaniyatning xalq og’zaki badiiy ijodi (folklor), xalq musiqasi (musiqa folklori), xalq teatri (tomosha san’ati), xalq o’yinlari (raqs), qo’g’irchoqbozlik, dor va yog’och oyoq o’yinlari (xalq tsirki), xalq tasviriy va amaliy bezak san’ati hamda texnikaviy va badiiy havaskorlik kabi ijodiyot turlari. Yaratilishi va ijodiy jarayonida ko’pchilikning ishtiroki bo’lgan Xalq ijodining turlari xalq turmush tarzi, yashash sharoitlari, ijtimoiy mehnat darajasiga mos ravishda shakllanib, avloddan-avlodga, ustozdan shogirdga o’tib, doimiy ravishda mukammallashib, sayqallashib, tobora an’anaviylashib borgan va nihoyat, kasbiylik (professionallik) xususiyatiga ega bo’lgan, jonli ijro sharoitlari va kundalik amaliyotda bizgacha yetib kelgan. Shuningdek, Xalq ijodining bir qator qadimgi namunalari yozma manbalarda, tarixchi va yozuvchilarning asarlarida, qoyatoshlarda (Sarmishsoy, Zarautsoy rasmlari kabi), arxeologiya va arxitektura yodgorliklarida, uyro’zg’or buyumlarida saqlanib kelgan. Xalq ijodi namunalarida xalqning turmush tarzi, ijtimoiy va maishiy hayoti, mehnat faoliyati, tabiat va jamiyatga qarashlari, e’tiqodi va diniy tasavvurlari, inson va olamga nisbatan histuyg’ulari, badiiy olami, bilim darajasi, baxtli va adolatli zamon haqidagi o’y-fikrlari o’z ifodasini topgan. Xalq ijodi qadimdan rivojlanib kelgan. Jamiyat taraqqiyoti va mehnat taqsimotining kuchaya borishi bilan Xalq ijodi janrlariga nisbatan ayrim iste’dodli shaxslarning ixtisoslashuvi osha borgan. Shu tariqa baxshilar, masxarabozlar, qiziqchilar, qo’g’irchoqbozlar, raqqoslar, mashshoqlar, naqqoshlar, kulollar, o’ymakorlar, kashtado’zlar va hokazolar san’ati yuzaga kelgan, korfarmon va ishboshilar paydo bo’lgan. Ammo uning yaratilishi va o’zlashtirilishida ko’pchilikning ishtiroki, har bir ijro yoki amaliyot qadimdan qaror topgan mustahkam an’analar doirasida voqe bo’lishi saqlanib kelgan. Har qanday badiha, ijodiy xattiharakat, yangilik barqaror an’analar va ustozshogird munosabatlari doirasida ro’y bergan. Bir tomondan, an’analarning o’zi rivojlana borgan, ikkinchi tomondan, har bir ijro yoki amaliyot davomida o’zgartirishlar, yangiliklar kiritilgan, yangi asarlar, variantlar yuzaga kelgan. Qay birlari unutilib, ijro va amaliyotdan tushib qolgan. Xalq ijodi professional san’atning yuzaga kelishi va rivojida katta o’rin tutadi. O’z navbatida, professional san’at ham Xalq ijodi rivojiga ta’sir ko’rsatib, uni boyitib kelmoqda. Jamiyatda Xalq ijodi namunalarini saqlash va rivojlantirish, yo’qolganlarini tiklash ehtiyoji o’zining estetik talablarini qondirish, yaxshi yashash va hayotini mukammallashtirishga bo’lgan intilishidan kelib chiqqan. Bugungi kunda Xalq ijodini saqlash va rivojlantirish uchun katta imkoniyat va sharoitlar yaratilgan. Umumdavlat miqyosidagi muzeylar va qo’riqxonalarning ishlayotganligi, Xalq ijodi namunalarining ilmiy o’rganilishi va nashr etilayotganligi, ko’plab folklor-etnografik ansambllarning mavjudligi, badiiy havaskorlikni yuksaltirishga qaratilgan tadbirlarning amalga oshirilayotganligi buning tasdig’idir. Xalq og’zaki badiiy ijodi (folklor). Inson nutqi shakllanishi bilan xalq og’zaki badiiy ijodining qadimgi tur va janrlari ham qorishiq holda yuzaga kela boshladi. Kishilik badiiy tafakkurining turli shakllarini o’z ichiga olgan bu sinkretik ijod namunalari ibtidoiy inson maishati va faoliyatining barcha jihatlari bilan mahkam bog’langan bo’lib, qadimgi odamlarning diniy-e’tiqodiy va mifologik qarashlarini, boshlang’ich ilmiy (empirik) bilimlarini, tabiat va jamiyat haqidagi tasavvurlarini aks ettirgan. Biroq qadimgi folklorning bunday namunalari bizgacha yetib kelmagan, balki ularning izlari va ayrim qismlari xalqning yashash va turmush tarzi bilan bog’liq turlituman tasavvur va qarashlarida, xalq urf-odatlari, udumlari, marosimlari, bayramlari tarkibida, ba’zi bir yozma manbalarda, keyingi davrlarda yozib olingan folklor asarlarida qoldiq holidagina saqlanib qolgan. Yozuvning yuzaga kelishi natijasida xalq og’zaki badiiy ijodi bilan tarixan bog’liq adabiyot xam paydo bo’ldi. Badiiy matnning ayrim ijodiy (yozuvchi, shoir, dramaturg) faoliyat bilan bog’lanishi, muayyan ijodiy harakat sifatida yozuv bilan mustahkamlanishi adabiyotning asosiy xususiyati bo’lib, insoniyat badiiy tafakkuri taraqqiyotidagi o’ziga xos burilish nuqtasidir. Adabiyot o’zining taraqqiyoti davomida folklordan barcha estetik tushunchalar va badiiy shakllarni olganligiga qaramay, o’ziga xos badiyat qonuniyatlari asosida mustaqil ravishda rivojlana bordi. So’z san’atining mustaqil turi sifatida folklor ham u bilan birgalikda yonmayon yashab keldi. Chunki kishilik jamiyatining umumiy estetik talabi va ehtiyoji uzoq yillar davomida faqat adabiyot bilan emas, balki folklor bilan ham mustaxkam bog’liq bo’ldi. So’z san’ati bu 2 turining mustaqil rivoji, adabiyot va folklore asarlari yaratilgan ijtimoiy muhitdagi farkdar, ijodiy jarayonning xilma-xilligi ularning o’zlariga xos spetsifik xususiyatlarini yanada kuchaytirdi. Natijada adabiyot va folklor o’zlariga xos muayyan estetik tizim, janrlar tarkibi, badiiy xususiyatlarga ega bo’lgan so’z san’atining mustaqil 2 turi — og’zaki va yozma turi sifatida rivojlanishda davom etdi. Yaratuvchilik va ijrochilik jarayonining og’zakiligi va unda ko’pchilikning ishtirok etishi (jamoaviylik) xalq og’zaki badiiy ijodining asosiy xususiyatidir. Uning an’anaviylik, o’zgaruvchanlik, variantlik, ommaviylik, anonimlik (muallifining noma’lumligi) kabi ko’pdan-ko’p belgilari folklorga xos ijodiy jarayonning ana shu bosh xususiyati doirasida namoyon bo’ladi. Folklor namunalari og’zaki yaratilib, ajdodlar va avlodlar aloqadorligida og’zaki tarqalar hamda ommaviy repertuardan keng o’rin olar ekan, bunda badiiy shakllarning barqarorligi (turg’unligi), matndan matnga o’tuvchi umumiy o’rinlarning qat’iylashganligi, o’xshash sayyor syujetlarning ko’pligi imkoniyat yaratadi. Har bir ijodkor (qayta ijod) va ijroda an’anaviy asardagi nimalardir o’zgaradi, nimalardir avvalgisidan boshqacharoq talqin etiladi, nimalardir qo’shiladi yoki tushib qoladi. Bunday o’zgaruvchanlik ijtimoiy muhit, maishiy sharoit, eshituvchilar talabi va ijrochi (ijodkor) salohiyatiga bog’liq. Lekin har qanday o’zgarish, ijro davomidagi qayta ijod asrlar davomida kagiylashgan puxta an’analar doirasida sodir bo’ladi. Demak, jonli og’zaki an’ana doirasidagi badihago’ylik folklor asarlarining ko’p variantlarida tarqalishiga olib keladi. Xalq og’zaki badiiy ijodining deyarli barcha janrlari turlituman ijrochi va ijodkorlar faoliyati bilan bog’liq. Iste’dodli ijodkorlar folklor namunalarini saqlab qolish va keng ommalashtirish bilan birga og’zaki an’analar doirasida uni yanada mukammallashtiradilar, ba’zan yangilarini ham yarata oladilar. Biroq bunda barkarorlashgan va qat’iylashgan jamoaviylik an’analari etakchilik qiladi. Ayrim janrlar (masalan, topishmoq, maqol kabi) ommaviy xarakterga ega bo’lsa, ya’ni ularning namunalaridan har bir kishi ozmiko’pmi ayta olsa, boshqalarining (masalan, doston, og’zaki drama singari) ijrosi muayyan tayyorgarlikni talab qilgan. Shu tariqa xalq og’zaki badiiy ijodi namunalarini yaratish va ijro etishda o’ziga xos kasbiy ijodkorlik yuzaga kelgan. O’zbek folklorida ijodkor va ijrochilarning kasbiylashuvi nihoyatda rivojlangan. Baxshilar, ertakchilar, askiyabozlar, qiziqchilar, dorbozlar ijrochiligi Professional san’at bo’lib, uni egallash uchun bo’lg’uvchi ijodkor maxsus tayyorgarlik ko’rishi va muayyan ustozdan ta’lim olishi zarur bo’lgan. Afsona, rivoyat, lof, latifa, maqol, topishmoq, ertak, doston, qo’shiq, assiya, og’zaki drama va boshqalar xalq og’zaki badiiy ijodining asosiy janrlari bo’lib, ular so’z san’ati namunalari bo’lish bilan birga muayyan ijtimoiymaishiy funktsiyalarni ham ado etadilar. Masalan, ho’p mayda, ho’sh-ho’sh, turey-turey, churey-churey kabi qo’shiq turlari mehnat jarayonlariga aloqador bo’lsa, yor-yor, o’lan, lapar, kelin salom, yig’iyo’qlov, badik, sust xotin singarilar har xil marosimlar bilan bog’liqdir. Folklor janrlari g’oyaviy-badiiy xususiyatlari bilan emas, balki ijro usullari (yakka ijrochilik, jamoaviy ijrochilik, sozli, sozsiz kabi) jihatidan ham bir-birlaridan farq qiladilar. Ularning biri kuylash uchun, ikkinchisi aytib berish, hikoya qilish uchun, boshqasi ko’rsatish, namoyish etish uchun yoki ham kuylash, ham o’ynash, ham aytish uchun mo’ljallangan bo’ladi. Folklor janrlari qanchalik xilmaxil, ba’zan o’ta funktsionallashgan va qat’iy vazifador bo’lishiga qaramay, ular yaxlit badiiy tizimni tashkil etadi. Folklor janrlari ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot bilan uzviy bog’liq. Xalq hayotidagi tarixiy o’zgarishlarga ko’ra, ular ham o’zgara borgan. Qay bir janrlar yoki namunalar butunlay yo’qolgan, yangilari yuzaga kelgan. Shuning uchun ham ularda ko’p qatlamlilik mavjud bo’lib, uzoq ijro davomida bir necha davrlar o’z izini qoldirgan. Janrlarning bosqichli taraqkiyoti va tarixiy-tipologik nuktai nazardan qaraganda, eng qadimgi davrlarda ko’pchilik xalqlarda miflar, urug’ va qabilalar haqidagi afsona va rivoyatlar, topishmoq va maqollar, olqish va qarg’ishlar, mavsum-marosim folklori namunalari, mehnat qo’shikdari keng tarqalgan. Keyingi davrlarda esa, ertaklar, eposning arxaik shakllari yuzaga kelgan. Patriarxal-urug’chilik munosabatlarining yemirilishi va ilk davlatlarning shakllanishi davrida qaxramonlik dostonlari yaratilgan. Keyinroq romanik epos, lirik va tarixiy qo’shiqlar, og’zaki drama, latifa va loflar paydo bo’lgan. Xalq og’zaki badiiy ijodi milliy madaniyatning tarkibiy qismi sifatida juda katta ijtimoiy qiymatga ega. U xalqning tarixi, maishati, urfodatlari, dunyoqarashi, ijtimoiy munosabatlari, orzuumidlari haqida keng bilim beradi. Unda xalq badiiy didi, voqelikka nisbatan xalqona estetik munosabat ifodalangan. Estetik sezgilar rivojida, go’zallikni, badiiy so’z qadri va qimmatini, ona tili boyliklarini his qilishda uning ahamiyati beqiyosdir. Folklor professional san’at turlari — adabiyot, teatr, musiqa, kino va boshqa taraqqiyotida muhim rol o’ynadi. Xalq musiqasi (musiqiy folklor) — og’zaki an’anadagi musiqa turi. Ibtidoiy san’atda paydo bo’lgan o’yin usullari, jodu aytimlari, tovushli signallardan tortib xalq ashula va cholg’u kuylargacha kabi shakllardan iborat. Boshqa musiqa turlaridan, asosan, turmush jarayoni (urf-odat, marosim, bayram va boshqalar)ga bevosita bog’langanligi bilan ajralib turadi. Aksariyat musiqiy folklor namunalari sof estetik hodisalar ma’nosida emas, kundalik hayot (maishiy, mehnat, marosim va boshqalar) vazifalarini bajaradigan badiiy shakllar sifatida qaror topadi. Ko’pgina xalq musiqasi namunalari sinkretik shakllar bo’lib, bularda kuy-ohanglar so’z (qo’shiq, terma, lapar), raqs (o’yinraqs kuylari), tomosha (musiqiy tomosha) bilan uyg’unlashgan holda yuzaga keladi. Muayyan badiiy an’ana va shakl (masalan, ohang) andozalariga asoslangan xalq musiqa namunalari turli davr va sharoitda (masalan, tinglovchilar yoki ijrochilar tarkibi, ijro etish vaqti, joyi va muhitiga qarab) o’zgaradi. Shuning uchun har bir musiqiy folklor namunasining bir necha varianti mavjud bo’ladi. Xalq musiqasida mintaqaviy, milliy va mahalliy uslublar ajratiladi (masalan, o’zbek xalq musiqasida Buxoro— Samarqand musiqa uslubi, Surxondaryo— Qashqadaryo musika uslubi va boshqalar). Musiqiy folklor namunalari badiiy mazmun jihatidan epik (terma, musiqiy ertak, maddohlik, qissaxonlik, afsona kuylari kabi), dramatik (musiqiy tomosha va boshqalar) va lirik (qo’shiq, lapar, yalla, madhiya va boshqalar) turlarga, ijro etish sharoitiga qarab — maishiy, marosim qo’shiqlari, mehnat qo’shiqlari va boshqa turlarga ajratiladi. Xalq musiqasi namunalari xalq (omma) badiiy ongining mahsuli sifatida hayot kechirib, yakka holda havaskor xonanda (guyanda, xalfa va boshqalar), sozanda (do’mbrakash, dutorchi kabi) tomonidan, shuningdek, ansambl yoki jamoaviy tarzda ijro etiladi. Xalq musiqasi milliy musiqa uslubining asosi, bastakor va kompozitorlar ijodi, ommabop musiqaning muhim manbaidir. Musiqiy folklor, o’z navbatida, Professional musiqa san’ati bilan o’zaro chambarchas aloqada rivojlanadi. Hozirgi davrda xalq musiqa namunalarining qadimiy va o’zgartirilgani, shuningdek, ular asosida yangidan yaratilganlari mavjud. Xalq musiqa cholg’u asboblari xilma- xil. Ular bir xalqqa (masalan, qirg’izlarda ko’muz, ukrainlarda Bandura) yoki asriy tarixiy-madaniy aloqadagi turli xalqlarga (masalan, o’zbek, tojik, uyg’ur, turkman, qoraqalpoqlarda dutor va boshqalar) mansub bo’lishi mumkin. Xalq musiqasi namunalarini ijro etish muhiti va boshqa xususiyatlarini yozib olish bilan musiqiy etnografiya, tadqiq etish bilan musiqiy folkloristika (etnomusiqashunoslik) shug’ullanadi. Xalq teatri — xalq og’zaki ijodi bilan bog’liq san’at turi. Ilk ko’rinishlari ov o’yinlari, dehqonchilik va chorvachilik bilan bog’liq qadimgi marosim hamda bayramlarda paydo bo’lib, taraqqiy etgan, xalq san’ati darajasiga ko’tarilgan. Dastlabki davrlarda xalq teatrida so’z va o’yin bilan bir qatorda qo’shiq, raqs, nayrangbozlik va boshqalar aralash bo’lgan. Keyinchalik jamiyat taraqqiyoti davomida xalq teatri mustaqil ijodiy soha sifatida ajralib chiqqan. Jahon xalqdari xalq teatrida jonli aktyorlar teatri va qo’g’irchoq teatri mavjud. Xalq qo’g’irchoq teatri qo’g’irchoqlarning ko’rinishi, ularni o’ynatish usuliga ko’ra xilma-xil. Ularda ko’proq ertak, afsona va boshqalar sahnalashtiriladi. Xalq teatri to’la ma’noda professional bo’lmasada, qatnashchilari malakali, iste’dodli kishilardir. Masalan, Qadimgi Rimda mimlar, G’arbiy Yevropada shpilmanlar, jonglyorlar, Rossiyada skomoroxlar, O’rta Osiyoda masxarabozlar, shuningdek, turli mamlakatlardagi qo’g’irchoqbozlar va boshqalar. Xalq teatri aktyorlari yolg’iz yoki to’dalarga uyushib, shaharmashahar va qishloqmaqishloq yurib, to’y, sayil va bayramlarda, ko’pincha ochiq maydonlarda tomosha ko’rsatishgan. Ular repertuaridan xalq og’zaki ijodiga asoslangan tomoshalar, keyinchalik turli adabiy asarlarning xalq teatriga moslashtirilgan variantlari o’rin olgan. Kiyim va jihozlar, harakat va holatlardagi yaqqol shartlilik xalq teatri uchun (umuman, folklor san’ati uchun ham) xos xususiyatlardan. Xalq teatrida aktyorlar o’yin davomida tomoshabinlar bilan bevosita muloqotda bo’ladi. Xalq teatrining, odatda, na sahnasi, na dekoratsiyasi bo’lgan. Unda diqqat, asosan, tomosha qahramoni xarakterini ochishga emas, balki vaziyat, holatlarning kulgili va fojiaviy chiqishiga qaratilgan. Xalq dramasida ikki — dramatik (qahramonlik yoki romantik) va komik personaj mavjud. Dramatik personajlarga, asosan, dabdabali muomala uslubi, komik qahramonlarga esa hazil va hajviy usullar, so’z o’yini xosdir. Xalq teatri negizida muayyan ijodiy an’analarga asoslangan professional teatrlar maydonga kelgan. Sharqda an’anaviy teatr xalq og’zaki ijodi, raqsi va pantomimaga tayangan. Masalan, Hindistonda katxakali, Yaponiyada gigaku va No, Indoneziyada Vayang—topeng, Vayang—orang va boshqalar, Xitoyda szaszyuy, chuantsi va boshqalar, O’rta Osiyoda masxara va mukallid va boshqalar. Xalq teatrining o’ziga xos badiiy va ijro usullari ayrim zamonaviy teatr aktyorlari ijodiga zamin bo’lgan. Xalq raqsining qadimgi namunalari kishilarning hayvonot va tabiat olamini kuzatishlarini aks ettirgan. Ovchilik, chorvachilik bilan shug’ullanuvchi xalqdarning raqslari yovvoyi va uy hayvonlari, qushlarning xatti-harakatlari, qiliqlariga taqlidan yaratilgan: Pomircha «Burgut», «tulki», turkmancha (laylak harakatlarini ifodalovchi) «Ximmil», Xorazmcha «Chag’aloq» («Baliq qush»), «To’rg’ay», Yoqutcha «ayiq», Shimoliy Afrikadagi «tuya», Amerika hamda Markaziy va Janubiy Afrikada ommalashgan «Ovchilar» raqslari va boshqalar. Qishloq xo’jalik mehnati bilan bog’liq raqslarda turli mehnat jarayonlari badiiy ifodasini topgan. Masalan, latishcha o’rimchilar, gusulcha o’tin yoruvchilar, beloruscha zig’irkorlar, O’zbekcha «pilla» raqslari va hokazolar. Hunarmandchilik va boshqa mehnat turlari yuzaga kelishi bilan yangi xalq raqslari paydo bo’lgan: ukraincha Bondar, Karelcha to’quvchilar, O’zbekcha chevarlar raqsi va boshqalar. Xalq raqslarining ko’pligi marosim va ibodatlar bilan bog’liq bo’lgan. Kishilar raqsning sehrli kuchiga ishonib, o’yinraqslar bilan ajdodlar ruhiga, tangrilarga sig’inishgan, yomon jinlarni haydashgan va hokazolar. Xalq raqsi orasida jangovarlik va bahodirlikni ulug’lovchi raqslar ham ko’p uchraydi (gruzincha xorumi, O’zbekcha qilich va tayoq bilan o’ynaladigan raqslar va boshqalar). Har bir xalqsa o’z raqs an’analari mavjud. G’arbiy Yevropa xalqlarining raqslari aksar oyoq harakatlariga asoslanadi. O’rta Osiyo va boshqa Sharq mamlakatlarida diqqat ko’pincha qo’l va tana harakatiga qaratilgan. Xalq raqsi negizida yevropada sahna raqsi, Sharqda (jumladan, O’zbekistonda) mumtoz raks yuzaga kelgan. Hozirda xalq sahna raqsi ansambllari deyarli barcha mamlakatlarda faoliyat ko’rsatmoqda. O’zbekistonda qadimgi Ommaviy (Beshqarsak kabi) o’yinraqslari bilan birga yakka xalq raqslari ham keng o’rin olgan. 1920-yillardan boshlab ashula va raqs ansamblining havaskor va professional jamoalari faoliyat ko’rsatmoqda. Xalq tsirkining kelib chiqishi qadimgi marosim, o’yin va maishiy hayot bilan bog’liq. Masalan, Xitoy hunarmandlari to’qilgan arqonning mustahkamligini ko’rsatish maqsadida uni tortib, ustidan yugurgan. Shu tarzda dorbozlik san’ati yuzaga kelgan. Akrobatika dastlab ibodat marosimlari bilan bog’liq edi. Professional akrobat, ekvilibrist, jonglyorlar Yunonistonda, Qadimgi Rimda, Xitoy, Vizantiyada ma’lum bo’lgan. O’rta asrlarda sayyoh artistlar shahar va qishloq maydonlarida chiqishlar qilib, akrobatika nomerlarini namoyish qilgan. Tarixiy manbalarga ko’ra, O’zbekiston hududida qadimgi zamonlardan xilma-xil tsirk tomoshalari keng tarqalgan. Xalq bayram va sayillarida, bozor maydonlarida va to’ybazmlarda xonanda, sozanda, qiziqchi va masxarabozlar bilan bir qatorda tsirk artistlari ham tomosha ko’rsatishgan. Xalq tsirki janrlari boy, rang-barangligi va o’ziga xosligi bilan ajralib turadi. Xususan, dorbozlik, simbozlik, yog’ochoyoq, yog’ochot, nayrangbozlik, besuyak va muallaqchilik, jonglyorlik, hayvon o’ynatish kabi an’anaviy tsirk turlari keng rivoj topgan. 20-asrning 2-yarmida xalq tsirki sohasida Usmonjon Nishonboyev, Madaminjon Yusupov, Kimsan Nazaraliyev (Andijon), Ergash va Hokimjon Parpiyevlar (Asaka), Lochin Usmonov (Farg’ona), Qosim Abdullayev (Buxoro), Qadam Jabborov (Xiva), Jo’raxo’ja Norxo’jayev (Namangan) va boshqalar samarali ijod qildilar. Hozirgi O’zbekistonda 20 dan ortiq oilaviy tsirk guruhlari faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Mustaqillik yillarida Yunusali G’oziyev (Andijon), To’lqin Boltaboyev (Parkent), Ahmad Murodov (Qo’qon), Ahmad Nabiev (Farg’ona), Tursunali Mamajonov (Farg’ona), Bahrom Jabborov (Xiva), Abdimurod Ergashev (Samarqand), Sa’dulla Mamadaliyev (Qashqadaryo) , Anvar Mo’ydinov (Guliston) va boshqalar rahbarligidagi xalq tsirki jamoalarining ijrochilik mahorati sezilarli darajada oshib, repertuari an’anaviy tsirkning turli janrlari bilan boyib kelmoqda. Xalq tsirki jamoalari barcha ko’rik-tanlovlarda qatnashib keladi. Ko’pgina xalq tsirki jamoalari chet el gastrollarida bo’lib qaytmoqdalar. O’zbekistonda xalq ijodining turli yo’nalishlarini rivojlantirish, targ’ib etish, xalq ijodi sohasida turli ko’rik-tanlov, festival va ommaviy bayramlarni tashkil etish bilan Respublika xalq ijodiyoti va madaniyma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi shug’ullanadi. Shu jumladan, O’zbekistonda muntazam ravishda fol’klor-etnografik jamoalari, askiyachi va qiziqchilar, to’y-marosim qo’shiqlari ijrochilarining Respublika ko’rik-tanlovlari, milliy dorbozlar, an’anaviy tsirk san’ati va havaskor qo’g’irchoq teatrlarining Respublika ko’rikfestivallari, «Boysun bahori» xalqaro ochiq folklor festivali va boshqalar o’tkaziladi. Xalq me’morligi insonning o’zini tashqi muhitdan muhofaza qilish, o’ziga yashash uchun qulay sharoit yaratish yo’lida qilgan izlanishlari natijasida yuzaga kelgan. Ibtidoiy davrdan boshlab odamlar yashab turgan joyning iqlim sharoiti, landshaftini inobatga olgan holda boshpana kurgan. Qurilgan uylarda imorat tarhining qulayligi, konstruktiv asoslarining mustahkamligi, mahalliy xom ashyolardan keng foydalanish yo’llari, imoratning tabiat injiqliklariga bardoshligi takomillashib borgan. Inson tafakkurining boy olami unda imoratning estetik jihatdan bezash orzuhavasini ham uyg’otadi. U xonalardan ayrimlarini rangbarang naqshlar bilan bezay boshlaydi. Sinfiy jamiyat shakllangach, mehnat taqsimoti natijasida imorat qurish, uni bezash bilan bog’liq aloxida sohalar yuzaga kelgan (ganchkorlik, nassoshlsh, yog’och o’ymakorligi, tosh o’ymakorligi). Bu sohalarni egallagan xalq ustalari, me’morlari asrlar davomida sinovdan o’tgan tarh, tarz va konstruktiv asoslardan foydalanib kelgan. Natijada xalq me’moriy an’analari yuzaga kelgan, ayrim imoratlar san’at durdonasiga aylangan. Xalq me’morligi insonning nafaqat ijtimoiy-maishiy va ma’naviy talablarini qondirish, balki uning hayot xavfsizligini ham ta’minlab kelgan. Shuning uchun har bir o’lka, viloyat, shahar, tog’ vohasi xalq me’morligi tarh, tarz, kompozisiya jihatidan bir-biridan farq qiladigan an’analarga ega. Xalq musiqasi an’analari 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida qurilib, hozirgacha saqlanib kelgan turar lsoylarda yaqqol eeziladi. Jumladan, Buxoro uylari ikki- uch (Darun—ichkari, berun — tashqari va xo’jalik) hovlidan tashkil topgan. Asosiy yashash xonalari yozgi va qishkiga bo’linadi. Yozgi xonalar oldida baland ayvon bo’lishi odat bo’lgan. Hovli kompozitsiyasi bir-biriga mutanosib joylashtirilgan baland ayvon va ayvonchalar hamda ularning xushbichim ustunlari bilan boyitilgan. Xona kompozitsiyasida shohnishin — mehmon o’tiradigan bo’linma did bilan bezatilgan. Boy xonadonlarda mehmonxonalar yon devorlari poddan shiftgacha ko’tarilgan tokchalarga ega bo’lgan. Ularning yuqori qismi ravoq shaklida bo’lib kosasimon sharafali bilan bezatilgan. Tekis yuzali devorlar ham zanjira — rutalar bilan bo’linmalarga taqsimlangan. Ular ichiga nihollari hamma tomonga yoyilgan, gullari qiyg’os ochilgan rangbarang guldastalar ishlangan. Samarqand turar joylari ham Darun va berun (ichki va tashqi) hovlilardan tashkil topgan. Samarqandda ikkinchi qavatdagi ayvonlar ko’chaga qaratilgan holda ham uchraydi. Xona ayvon yoki dahliz bilan «g» harfi shaklida, uzunasiga, yonmayon tarhda birlashib, turli boy mujassamotlar tashkil qilgan. Mehmonxona ko’proq tashqi hovlida bo’lib, boy badiiy bezakka ega bo’lgan. Xona to’ridagi devor uch bo’linmaga ajralib, ko’pincha o’rtada tokchaband, ikki yonida o’rinko’rpa uchun taxmon joylashtirilgan. Xona yon devorlarida katta- katta tokchalar toq sonda o’rnatilgan. Hovliga qaragan devorda xona kattaligiga qarab ikki yoki uchta darcha nazarda tutilgan. Ular serhasham o’ymakori bag’dodi eshiklar bilan hovli tomondan to’sib qo’yilgan. Darchalar oralig’ida katta-katta tokcha bo’linmalari mavjud. Xona shifti ko’pincha kabza uslubida bo’lib, vassa va to’sinlar rangbarang o’simliksimon naqshlar bilan to’dtsirilgan. Xiva turar joylarida hovli kichikroq bo’lib, asosiy qismi katta (ulu) ayvon va kichik (ters) ayvon bilan yopilgan. Ayvonlardagi katta va kichik o’ymakor yog’och ustunlar mayda naqshlar bilan bezatilgan, marmar kursilarga o’rnatilgan. Xona havosi almashuvini ta’minlash uchun ulu ayvon xonadan ancha baland qilib qurilgan. Katta ayvon o’zining joylashishi, o’ymakor baland ustunlari bilan hovli kompozitsiyasini bezab turadi. Xiva uylarida xona devorining yuqori qismiga devor yuzasidan bo’rtib chiqqan tokchalar bir chiziqda joylashtirilgan. Ular yuzasi nafis ravoqchalarga ega. Farg’ona turar joylari o’zining simmetrik tarhi va tarsi bilan ajralib turadi. Bu erda ikki xona o’rtasida dahliz joylashtirilgan, ular ko’pincha hovli tomondan uzun ayvon bi- lan birlashtirilgan bo’ladi. Mexmonxona o’zining serhasham bezagi bilan qolgan xonalardan farq qiladi. Dahlizda turli tuzilishdagi bezakli mo’ri o’rnatilgan. Toshkent turar joy me’morligida ham tashqi hovli uylari ikki qavatli qurilgan. Ikkinchi qavat markazida shiypon nazarda tutilgan. Shiypon yonidagi xonalar uchun usti berk, atrofi ochiq hovli vazifasini bajargan. Toshkent xalq turar joy me’morligida dahdiz yoki ayvon bir xona bilan yonmayon yoki ikki xona oralig’ida, ikki yoki uch xona burchagida bo’ladi. Bu yerda Qashqarcha ayvon keng qo’llangan. Mehmonxona ko’pincha tashqi hovlining ikkinchi qavatida bo’lgan. Interyeri o’zining ichki hashamatli bezagi bilan qolgan xonalardan ajralib turgan. Xona to’ridagi devor ko’p hollarda uch bo’linmadan tashkil topgan. Ulardan o’rtadagi yoki ikki chetidagisi taxmon bo’lishi mumkin. Xona yon devorlaridagi bitta yoki ikkita bo’linma mayda tokchaband qilingan, qolgan bo’linmalari katta-katta tokchalarni tashkil qiladi. Tokchalar ichiga binafsha va pushti rangda guldastalar ishlangan. O’zbekiston shahar va qishloq xalq me’morligida imorat devorlari Guvala, paxsa va yogochli sinchdan quriladi. Yakkasinchli va qo’shsinchli devorlar shahar xalq turarjoy me’morligida keng qo’llanadi. Ko’shsinchli devor mustahkam bo’lib, uning mag’zida taxmon va tokchalar o’rnatilgan. Xonada tokchali devorlarining soni qo’shsinchli devor soni bilan belgilanadi. Shuning uchun Samarqand uylari xonalarida ikki devor, Buxoroda — bir yoki ikki, Farg’ona va Toshkentda to’rt devor qo’shsinchli bo’ladi. Tokchalar xo’jalik buyumlarni saqlash, taxmonlar ko’rpato’shak va sandiqlarni joylashtirish imkonini beradi. Ular oppoq ganch hoshiyali bo’lib, mayda nafis naqshlar va ular zamiridagi qizil, ko’k, sariq ranglar xonaga o’ziga xos go’zallik bag’ishlagan. O’zbekiston tog’hududidagi turar joylari ham o’ziga xos me’moriy an’analarga ega. Tog’ning qiya yon bag’rida joylashgan qishloqlar panoramasi uzoqdan ko’p qavatli yaxlit kompozisiyali uyga o’xshab ketadi. Uylarning tuzilishi, loyihasi ko’proq o’sha joy tabiiy iqlim sharoitiga va landshaftiga bog’liq holda shakllangan. Shu sababli har bir viloyat tog’ vohasi va daralarda qurilgan uylar mujassamotini bir necha turga bo’lish mumkin. Jumladan, Nurota tog’qishloqlari xalq me’morligida pillapoya tuzilishidagi yoki ustmaust qurilgan ikki qavatli uylar, kam nishab maydonda bir qavatli qurilgan uylar asosiy o’rin tutadi. Qashqadaryo tog’ turar joy binolarida sovuq obhavosidan himoyalanish maqsadida yashash xonalari, asosan, ayvon (ba’zida ikki, uch yoki hamma tomoni berk bo’lgan peshayvon) atrofida joylashgan. Ikkinchi qavatda uch tomoni xona bilan o’ralgan kichik hovlichalar tashkil etilgan. Surxondaryo tog’ uylari ko’pincha cho’zinchoq shaklda qurilgan, Old tomonidan uzun ayvonga ega bo’ladi. Birinchi qavat tomi ikkinchi qavat uchun hovli vazifasini o’taydi. Qashqadaryo va Surxondaryo tog’xalq me’morligida qishki xona kirish eshigi yonidagi devor oldi yana bir devor bilan to’silgan. Ikki devor oralig’ida o’choq nazarda tutilgan. Farg’ona, Toshkent viloyati tog’li hududlarida ham o’ziga xos xalq me’morligi an’analari rivoj topgan, jumladan, uylar tarxdtsa tomonlari teng katta xonalar ko’p uchraydi. Tog’xalq me’morligida qurilish materiali sifatida sinch, paxsa, guvala bilan birga tosh devor ham ishlatilgan. Ad.: Jirmunskiy V . M ., Zarifov X. T., Uzbekskiy narodniy geroicheskiy epos, M., 1947; Obi do v T., Dorbozlar qissasi, T., 1963; Qodirov M., O’zbek te- atri an’analari, T., 1976; Nozilov D., Xalqme’morchiligi, T., 1982; Karomatov F., O’zbek xalq musiqa merosi, 1—2ki- tob, T., 197883; Urolov A., Nozilov A., To’raqulov Sh., Qishloquylari, T., 1988; O’zbek folklori ocherklari, 1— 2j.lar, T., 1988-1989; O’zbek xalq og’zaki poetic ijodi, T., 1990; Abdullaev R., Obryado- vaya muzika Tsentralnoy Azii, T., 1994; Ibrohimov O., O’zbek xalq musiqa ijodi, T., 1994; Alpomish, T., 1999; Avdeeva L., O’zbek milliy raqsi tarixidan, T., 2001; Ma’nolar maxzani, T., 2001; Imomov K., Mirzaev T., Sarimsoqov B., Safarov O., Uzbekxalqmaqollari, T., 2002; Karimova R., O’zbek raqslari, T., 2003. To’ra Mirzaev, Olimjon Bekov, O’tkir Tohirov, Po’lat Toshkanboev, Dodo Nozilov.