Xalq ta’limi

Xalq ta’limi — mamlakatda tarbiyaviy, o’quv va madaniy-ma’rifiy muassasa va tadbirlar tizimi hamda ularni boshqarish organlari. Xalq ta’limi tushunchasi 20-asrning 80-yillarida o’zbek tili leksikasidan o’rin oldi. Ungacha «xalq maorifi» atamasi qo’llanilgan bo’lib, u kishilarning bilimi va ongini oshirish, umumiy saviyasini ko’tarishga qaratilgan ta’lim-tarbiya tarzida, nisbatan torroq ma’noda qo’llanilgan. “Xalq ta’limi” atamasi ilmfan yoki kasb-hunar sohalari bo’yicha egallanishi zarur bo’lgan ma’lumot va ko’nikmalar majmuini, ta’lim-tarbiya, axloq-odob, ko’rsatma, bilim, ko’nikma va malakalarni shakllantirish, yo’lyo’riq o’rgatish tushunchalarini qamrab oladi. Bu atama zamirida mamlakat fuqarolarini nafaqat ma’rifatli, savodli qilish, balki ularga ta’limtarbiya berish, kasb-hunarga yo’naltirish, ularda bilim, ko’nikma va malakalarni shakllantirish jarayoni ham qamrab olinadi. Davlat ta’lim standartlariga muvofiq ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim muassasalari, ta’lim tizimining faoliyat ko’rsatishi hamda rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo’lgan tadqiqot ishlarini bajaruvchi ilmiy-pedagogik muassasalar, ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlari hamda ularga qarashli korxona, muassasa, tashkilotlarni o’z ichiga qamrab oladi. O’zbekistonda Xalq ta’limining bosh maqsadi — ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashdan iborat bo’lib, u insonparvarlik va demokratik xarakter kasb etadi. O’zbekiston Respublikasining 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan «Ta’lim to’g’risida»gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi Xalq ta’limi tizimining barcha yo’nalishlarini takomillashtirish va rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochib berdi. Qonun va dasturda kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy tarkibiy qismlari, jumladan, uzluksiz ta’lim ta’riflanib, uning asosiy vazifasi belgilab berilgan. Xalq ta’limi maktabgacha ta’lim, umumiy urta ta’lim, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, maktabdan tashqari ta’lim turlarini kamrab oladi. Xalq ta’limining umumiy o’rta turi (9 yil) majburiy, o’rtamaxsus, kasb-hunar ta’lim turi (3 yil) esa ixtiyoriy-majburiydir. Ko’p mamlakatlarda Xalq ta’limining asosiy tizimi boshlangich ta’lim hisoblanadi va u 4 yildan 9 yilgacha davom etadi. O’zbekistonda Xalq ta’limining dastlabki bosqichi maktabgacha ta’lim hisoblanadi. Maktabgacha ta’lim bola shaxsini ruhan va jismonan sog’lom, yetuk tarzda, maktabda o’qishga tayyor holda shakllantirishni nazarda tutadi. Bu ta’lim 6— 7 yoshgacha oilada, bolalar bog’chalari va mulk shaklidan qat’i nazar, boshqa ta’lim muassasalarida olib boriladi. Xalq ta’limining umumiy o’rta turi boshlang’ich ta’lim (1— 4-sinflar) va umumiy ta’lim (5-9-sinflar)ni kamrab oladi. Boshlangich ta’lim to’rt yillik bo’lib, u umumiy o’rta ta’lim olish uchun zarur bo’lgan savodxonlik, bilim va ko’nikma asoslarini shakllantirishga qaratilgan. Boshlang’ich ta’limning 1-sinfiga bolalar 6-7 yoshdan qabul qilinadi. Xalq ta’limining umumiy ta’lim bosqichida ham bilimlar davlat ta’lim standartlarida belgilangan hajmda beriladi. Umumiy o’rta ta’lim (1 — 9-sinflar)da o’quvchilarning mustaqil fikrlashi, tashabbuskorlik va tashkilotchilik qobiliyati rivojlantiriladi, ularning tafakkur va faoliyatidagi erkinligi, mustaqilligi ta’minlanadi. Xalq ta’limining o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi turida ta’lim olish ixtiyoriymajburiy tarzda amalga oshiriladi. Umumiy o’rta ta’limni yakunlagan o’quvchi bilim olishni ta’limning ma’lum yo’nalishini chuqur o’zlashtirish uchun akademik litsey yoki umumiy o’rta ta’limni ma’lum kasb-hunar bilan bog’lab o’rganish maqsadida kasb-hunar kollejidi ixtiyoriy ravishda davom ettirishi zarur. Xalq ta’limining oliy ta’lim bosqichi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni ta’minlaydi. Oliy ta’lim universitet, o’quv akademiyasi, institutlarda o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi negizida amalga oshiriladi. Oliy ta’lim olish ixtiyoriy bo’lib, ta’lim muddati kamida 4 yildan iborat bo’lgan bakalavriat hamda o’qish muddati kamida 2 yildan iborat bo’lgan magistratura bosqichida amalga oshiriladi. Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim jamiyatning yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo’lgan ehtiyojini ta’minlashga qaratilgan ta’lim turi hisoblanadi. U oliy o’quv yurti va ilmiy tadqiqot institutlarida aspirantura, ad’yunktura, doktorantura, mustaqil tadqiqotchilik shaklida amalga oshiriladi. Xalq ta’limining kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash turi mutaxassislarning kasb bilimlari va ko’nikmalarini chuqurlashtirish hamda yangilashni nazarda tutadi. Xalq ta’limining maktabdan tashqari ta’lim turida bolalar va o’smirlarning yakka tartibdagi qiziqish va ehtiyojlarini qondirish, ularning bo’sh vaqti va dam olishini maqsadga muvofiq ravishda tashkil etish uchun davlat organlari, jamoat tashkilotlari tomonidan madaniy- estetik, ilmiy, texnikaviy, sport kabi yo’nalishlarda makgabdan tashqari davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish nazarda tutiladi. Xalq ta’limini boshqarishning markazlashgan, markazlashmagan va aralash turlari mavjud. Markazlashgan boshqaruvda ta’lim-tarbiya jarayonini boshqarish ta’lim vazirligi hamda uning joylardagi organlari tomonidan amalga oshiriladi. Boshqaruvning bunday shakli Frantsiya, Italiya, Belgiya va Lotin Amerikasi mamlakatlarida yo’lga qo’yilgan. Bu mamlakatlarda davlat maktablarning moddiy ta’minoti bilan shug’ullanadi, ularni dastur, darslik, metodik va o’quv qo’llanmalar bilan ta’minlaydi, ma’lumoti to’g’risidagi hujjatni olish uchun yagona talablarni belgilaydi, o’qituvchilarni tanlash hamda tayyorlash ishlari bilan shug’ullanadi. Markazlashmagan boshqaruvda ta’limni boshqarish joylardagi ma’muriy organlar tomonidan amalga oshiriladi. Maktablar ta’minoti aholi zimmasida bo’ladi. Davlat tomonidan ma’lum vazifalar, ba’zi hollarda qisman moliyaviy ehtiyojlarni qondirish ishlari amalga oshiriladi. Bunday tur Buyuk Britaniya, Norvegiya, Shvesiya va AQShda tashkil etilgan. Masalan, AQShda har bir shtatning ta’lim bo’yicha o’z qonunlari mavjud. Boshqaruvning aralash turida ta’lim-tarbiya jarayonining barcha ishlari Markaziy va mahalliy hokimiyat organlari hamkorligida amalga oshiriladi. Hindiston, Pokiston, Yangi Zelandiya mamlakatlarida ta’limni boshqaruv shu tarzda amalga oshiriladi. O’zbekistonda Xalq ta’limi tizimi va kadrlar tayyorlashning davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini tarkibiy jihatdan o’zgartirish va ularni izchil rivojlantirish davlat yo’li bilan boshqariladi va markazlashgan holda demokratik tarzda olib boriladi. Barcha darajadagi ta’lim boshkaruv organlarining vakolat doiralari O’zbekiston Respublikasining «Ta’lim to’g’risida»gi qonuni (1997)ga muvofiq belgilanadi. Xalq ta’limini moliyalash respublika va mahalliy byudjet mablag’lari, shuningdek, byudjetdan tashqari mablag’lar hisobidan amalga oshiriladi. 2002/03 o’quv yili boshida O’zbekistonda 9799 umumiy ta’lim maktabi (6 million 329,1 ming o’quvchi), kunduzgi umumiy ta’lim maktablari negizida 288 litsey (88,9 ming o’quvchi) va 103 gimnaziya (65,7 ming o’quvchi), 141 maxsus o’quv yurti (158,5 ming o’quvchi), 62 oliy o’quv yurti (232254 talaba) faoliyat ko’rsatdi. Ad. Karimov I. A., Barkamol avlod — O’zbekiston taraqqiyotining poydevo- ri, T., 1997; Barkamol avlod orzusi, T., 2000; Pedagogika, T., 1996; O’zbek pedago- gikasi tarixi, T., 1997; Yo’ldoshev J. F., Ta’limimizistiqloli yo’lida, T., 1996; O’zbek pedagogikasi antologiyasi [tuzuv- chilar: K. Hoshimov, S. Ochil], 1, 2j.lar, T., 1995, 1999. Qunduzxon Husanboyeva.