XARTUMLILAR

XARTUMLILAR (Proboscida) sut emizuvchilar sinfi turkumi. Ustunsimon oyoqlari 5 barmoqli. Ustki labi va burni juda cho’zilib xartumni hosil qiladi (nomi shundan). Xartumlilar — o’txo’r. Hozirgi Xartumlilarning fillar oilasiga mansub 2 turi ma’lum. Xartumlilarning tepa jag’idagi 2 ta kurak tishi tashqariga o’sib chiqqan bo’lib, fil suyagi deyiladi. Fil suyagi jahon bozorida juda qadrlanadi. Hid bilish va eshitish organlari yaxshi rivojlangan. Terisi qalin, siyrak tukli, serajin burmalar hosil qiladi. Faqat hozirgi qirilib ketgan mamontlar terisi qalin jun bilan qoplangan bo’lgan. Xartumlilardan xo’jalik ishlarida foydalaniladi. Soni kamaygani uchun ayrim joylarda muhofazaga olingan.