XAYITQORA

XAYITQORA — kechpishar tarvuz navi. Butunittifoq o’simlikshunoslik ilmiy tadqiqot institutining O’rta Osiyo tajriba stansiyasida yaratilgan. Palagi uzun, yon shoxlar va barglar soni ko’p. Barglari konus Simon, rangi yashil, bir oz mayin tukli. Mevasi shakli teskari sharsimon, katta. Tusi to’q yashil, ba’zan qoramtir. Po’sti qalin (1,9—2,5 sm), qattiq. Yuzasi silliq, band tomoni sezilmas do’ngroq. Yerga tegib turgan joylari sarg’ish jigarrang. Vazni 3,5—4,5 kilogramm. Etining rangi qizil, sersuv, sershira, tarkibida 8,1% quruq modda va 7,2% qand bor. Hosili 120— 130 kunda pishadi. Hosildorligi 300— 320 ts/ga. Tashishga va saqlashga chidamli. 1949 yildan davlat reestriga kiritilgan. O’zbekistonning hamma viloyatlarida ekiladi.