Xazar xoqonligi

Xazar xoqonligi – G’arbiy turk xoqonligi parchalanishi natijasida 7-asr o’rtalarida quyi Volgabo’yi va shimoliy Kavkazning Sharkiy qismida vujudga kelgan ilk o’rta asr davlati. Xazar xoqonligini turkiy Ashina xonadoni sulolasi boshqargan. 8-asr boshiga qadar xoqonlik poytaxti Dog’istondagi Samandar shahri, so’ngra quyi Volgadagi Itil shahri bo’lgan. 7-asrning 2-yarmida xazarlar Buyuk Bulg’oriya davlati tarkibiga kiradigan Azovbo’yi bulg’orlarining bir qismini tobe etganlar (qolgan qismi mag’lubiyatdan so’ng O’rta Volgaga, qolgani Dnepr ortiga, Dunay tomonga ketgan), shuningdek, Dog’istonning dengiz bo’yidagi Gunnsavirlar podsholigini bo’ysundirganlar. Kavkaz Albaniyasi Xazar xoqonligiga o’lpon to’lagan. Vizantiya Zakavkazeda o’rnashib olgan Arab xalifaligiga qarshi Xazar xoqonligi bilan ittifoq tuzgan. 8-asr boshiga kelib xazarlar shimoliy Kavkaz, Azovbo’yi, Qrimning (Vizantiyadan tortib olingan) katta qismi, shuningdek, Sharqiy Yevropaning Dneprgacha cho’zilgan hududiga egalik qilganlar. Ayni vaqtda ular Zakavkazeni qo’lga kiritish uchun arablar bilan kurash olib borganlar. 795 yil Kaspiy yo’lagi va daryoli orqali arablar Xazar xoqonligi hududiga bostirib kirishgan va xoqon (qag’an) qo’shinini tormor keltirishgan. Xoqon va uning mulozimlari Islom dinini qabul qilgan, biroq aholining aksariyati uni qabul qilmagani uchun ular ham dindan qaytganlar. 8-asrning 1-yarmida (taxminan 731 yil) Shimoliy Dog’istondagi xazarlarning bir qismi iudaizm (yahudiylik) ni qabul qilgan (shimoliy Dog’istonga sosoniylar Eroni, keyinchalik Vizantiya tomonidan quvg’in qilingan yahudiylar, jumladan, Knyaz bulan degan shaxs kelib joylashgandi). 8-asr oxiri — 9-asr boshida Bulanning avlodlaridan biri — Obadiya Xazar xoqonligi taxtiga o’tirgan va iudaizmni davlat dini deb e’lon qilgan. Biroq bu boshqa xazar aslzodalarining noroziligiga sabab bo’lib, mamlakatda qo’zg’olon boshlangan. Qo’zg’olonchilar Volga ortidan mad’yarlarni, Obadiya esa ko’chmanchi g’uzlarni yordamga chaqirgan. Qo’zg’olon bostirilgan, mad’yarlar Dnepr ortiga chekinganlar, ular bilan birga tirik qolgan isyonchilar (Kabarlar) ham ketgan. Qrimdagi gotlar va boshqa xalqlar Xazar xoqonligidagi notinch vaziyatdan foydalanib Vizantiya homiyligiga o’tishgan. Shu yillarda Don bo’yida Sarkel qal’asi qurilgan, u G’arbdan Itilga keladigan savdo yo’lini muhofaza etishga mo’ljallangan. 9-asr oxirida shimoliy Qora dengiz bo’yiga bijanaklar (pecheneglar) bosib kirib Xazar xoqonligiga qaram bo’lgan mad’yarlarni Dunaybo’yiga haydab yuborishgan (895). Xazar xoqonligining asosiy raqibi qad. Rus davlati bo’lgan. 9-asrdan rus drujinalari Kaspiy dengiziga qadar kelib, xazarlar uchun o’ta muhim bo’lgan Kaspiyvolga savdo yo’liga fob bo’lishgan. 913/914 va 943/944 yillarda rus qo’shinlari Xazariya hududidan o’tib Kaspiy bo’yini gorat qilganlar. 964/965 yil rus knyazi Svyatoslav Igorevich Volgaga yurish qilib, Xazar xoqonligini tormor keltirgan. Itil va Samandar vayron etilgan. Sarkel shahri bosib olingan. 10-asrning 2-yarmida xazarlar Islomni qabul qilish va tobe bo’lish evaziga Xorazm yordamida vaziyatni tiklamoqchi bo’lganlar. Biroq ichki nizolar, ko’chmanchi xalqlar (bijanaklar, g’uzlar)ning bosqinlari, 964/965 yildagi mag’lubiyat va boshqalar natijasida 10-asr oxiriga kelib Xazar xoqonligi barham topgan. Ad.: Artamonov M.I., Istoriya xazar, L., 1962; Pletneva S.A., Ot kocheviy k go- rodam, M., 1967. Faxriddin Hasanov.