Xazarlar

Xazarlar — turkiy xalq. Gunnlar bosqinidan so’ng (4-asr) Sharqiy Yevropada paydo bo’lgan va G’arbiy Kaspiy bo’yi dashtida, shimoliy Dog’istondagi Sulak daryosi bilan kuyi Volga oralig’ida ko’chmanchi hayot tarzi kechirgan. Savirlar bilan birgalikda Xazarlar Eron va Vizantiyaning Zakavkazedagi mulklariga hujum qilgan. Xazarlar bunda o’zaro raqobatda bo’lgan goh Eron, goh Vizantiya tomonida turib urushga kirgan. 6-asrning 60-yillarida Xazarlar Turk xoqonligita tobe bo’lishgan. 7-asr o’rtasida, G’arbiy Turk xoqonligi parchalangach, uning davomi sifatida xazar xoqonligi barpo etilgan. Uzoq vaqt X.ning asosiy mashg’uloti ko’chmanchi chorvadorlik bo’lib qolgan. 8-asrda Xazarlarda urug’chilik munosabatlari yemirilib, ilk mulkchilik munosabatlari shakllangan. Aholining bir qismi o’troq hayotga o’tib, dehqonchilik va bog’dorchilik bilan (avval shimoliy Dog’istoida, so’ngra Volga bo’yida) shug’ullangan. 10-asrda Xazar xoqonligi barxam topgach, Xazarlar Dashti Qipchoqdagi turkiy bijanaklarga singib ketgan.