Xeylit

Xeylit (Yunoncha cheilos — lab) — lablarning yallig’lanishi; bunda lablarning qizil hoshiyasi, shilliq pardasi va terisi yallig’lanadi. Xeylitga lab yorilishi, kuyishi, turli shikastlar, oftobda, izg’irinda uzoq turib qolish, parazit zamburug’lar yoki viruslar, shuningdek, me’daichak faoliyatining buzilishi, yurak kasalliklari, organizmda vitaminlar (xususan, V guruh vitaminlar) yetishmasligi yoki allergiya (turli bo’yoqlar, lab bo’yog’i) sabab bo’ladi. O’tkir va surunkali kechadi. O’tkir Xeylitda lab qizaradi, shishadi va bezillab turadi; ba’zan yiringlaydi, temperatura ko’tariladi, bosh og’riydi. Surunkali Xeylitda lab pust tashlaydi, uzoq vaqtgacha bitmaydigan yoriklar, yarachalar paydo bo’ladi, lab bichiladi, shishadi va kattalashadi. Kasallikning ilk belgilari paydo bo’lganda darhol vrachga murojaat etish va davolanish lozim. Xeylitning oldini olishda shikastlangan labni rivanol, kaliy permanganat (Margansovka) yoki furasilin eritmasiga ho’llangan bint, paxta bilan tozalab artish; oftobda kuygan yoki shamolda yorilgan bo’lsa, tarkibida A vitamini bo’lgan yumshatuvchi mazlar surtish tavsiya etiladi.