Xo’jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlar
Xo’jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlar – xo’jalik faoliyatini tashkil etish yoki bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan bog’liq holda yuzaga kelib shaxsning sog’lig’iga yoki jamiyat manfaatlariga yoxud davlatning iqtisodiy tizimiga zarar yetkazuvchi jinoyatlar. Xo’jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlarni 2 guruhga: xo’jalik faoliyatini tashkil qilish bilan va bevosita xo’jalik ishlab chiqarish jarayoni bilan bog’liq holda yuzaga keluvchi jinoyatlarga bo’lish mumkin. Xo’jalik faoliyatini tashkil qilish bilan bog’liq holda yuzaga keluvchi jinoyatlar asosan ishlab chiqarish jarayonidan oldingi bosqichda, ya’ni xo’jalik faoliyatini yuritish uchun zarur tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bosqichida yuzaga keladi. Ushbu guruhdagi jinoyatlarga, O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksiga ko’ra, savdo yoki vositachilik faoliyati bilan qonunga xilof ravishda shug’ullanish, faoliyat bilan litsenziyasiz shug’ullanish, qonunga xilof ravishda axborot to’plash, uni oshkor qilish yoki undan foydalanish, raqobatchini obro’sizlantirish kabi jinoyatlar kiradi. Bevosita xo’jalik ishlab chiqarish jarayoni bilan bog’liq holda yuzaga keluvchi jinoyatlar asosan mahsulot ishlab chiqarish, xizmatlar ko’rsatish, ishlar bajarish jarayonida, shuningdek, xo’jalik faoliyati natijalarini realizatsiya qilish bosqichida yuzaga keladi. Ushbu guruhdagi jinoyatlarga O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksiga ko’ra, sifatsiz mahsulot ishlab chiqarish va sotish, etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish, savdo yoki xizmat ko’rsatish qoidalarini buzish kabi jinoyatlar kiradi. Xo’jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlar oddiy va maxsus sub’yektlar tomonidan sodir etilishi mumkin. Jinoyatning oddiy sub’yektiga xo’jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish, xizmatlar ko’rsatish, ishlar bajarishni bevosita amalga oshiradigan, tashkil qiladigan, shuningdek, realizatsiya qiladigan fuqarolar kiradi. Bunday sub’yektlar tomonidan jinoyat sodir etilishi Xo’jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlarning asosiy tarkibini tashkil etadi. Jinoyatning maxsus sub’yektlariga mansabdor shaxslar, uyushgan guruh, takroran jinoyat sodir etgan shaxslar hamda xavfli retsidivistlar kiradi. Ushbu toifadagi jinoyatlar maxsus sub’yektlar tomonidan sodir etilganda jinoyatni og’irlashtiruvchi holat sifatida inobatga olinishi kerak. Ya’ni xo’jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlarni oddiy yoki maxsus sub’yektlar tomonidan sodir etilishi jinoyat kvalifikatsiyasiga bevosita ta’sir qiladi. Xo’jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlar, asosan, harakat bilan, ayrim hollarda aralash tarzda (harakat va harakatsizlik bilan) sodir etilishi mumkin (savdo yoki vositachilik faoliyati bilan konunga xilof ravishda shug’ullanish), faoliyat bilan litsenziyasiz shug’ullanish. Ushbu toifadagi jinoyatlar fakat bir holatda, ya’ni savdo yoki xizmat ko’rsatish qoidalarini buzish jinoyatida harakatsizlik orqali sodir etilishi mumkin. Xo’jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlar aksariyat hollarda qasddan, shuningdek, ehtiyotsizlik orqali ham sodir etiladi. Xo’jalik faoliyati sohasidagi jinoyatlar uchun jarima, axloq tuzatish ishlari, qamoq, ozodlikdan mahrum etish kabi jazolar qo’llanadi. Bunday jinoyatlarning deyarli barchasida muayyan huquqdan mahrum etish jazosi asosiy jazo sifatida qo’llanishi ushbu toifadagi jinoyatlar uchun jazo tayinlashning o’ziga xos xususiyatidir. Mirzayusuf Rustamboyev.