XO’JAPIRYOX TOG’I
XO’JAPIRYOX TOG’I – Boysun tizmasining Sharqiy tarmoqlaridan biri. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari chegarasida, To’polondaryoning o’ng sohilida joylashgan. Deyarli kenglik bo’ylab 30 kilometrga cho’zilgan. Balandligi 3500— 4000 metr, eng baland joyi 4425 metr (Xo’japiryox cho’qqisi). Suvayirg’ich qismining ba’zi joylari tekis, ko’p qismi qoyalardan iborat. Shimoliy, Sharqiy va Janubiy yon bag’irlari To’polondaryo va uning irmoqlari bilan zich va chuqur kesilgan (ularning ko’pchiligi dara shakliga ega). Qadimgi muzlik relef shakllari (troglar, morena uyumlari) hamda kichik hozirgi zamon muzliklari va doimiy qor qoplamlari uchraydi. Yiliga 700-800 millimetr yog’in tushadi. Tipik qo’ng’ir, och qo’ng’ir o’tloq dasht baland tog’ tuproqlari tarqalgan. O’t o’simliklar o’sadi, archazorlar bor. Xo’japiryox tog’i yaylov sifatida foydalaniladi.