Qadimiy va ajoyib Xorazmning vatanimiz tarixida tutgan o’rni beqiyos kattadir. Ayniqsa bu yerda miloddan avvalgi VII asrda birinchi o’zbek davlatining tashkil topishi muhim tarixiy voqea hisoblanadi. Mana shu chuqur tarixiy davrdan to XIII asrning boshlarigacha bo’lgan davrlarda Turkiston zaminida o’sha qadimiy Xorazm davlatining mantiqiy davomi sifatida ko’p davlat va imperiyalar yuzaga keldilar. Masalan, qang’a, kushonlar, eftalitlar, turk xoqonligi, somoniylar, qoraxoniylar, g’aznaviylar, saljuqiylar va xorazmshohlar davlatlari shular jumlasidandir. Xorazmshohlar davlatining asoschisi shimoliy Xorazmning hokimi Mamnun ibn Muhammad hisoblanib, 996 yilda Xorazmshoh unvonini olgan edi. Uning vafotidan keyin ukasi Mamnun ibn Mamnun (997-1017) taxtni egallaydi. U nihoyatda aql-idrokli, tadbirkor va bilimdonlik bilan ish yuritib, qudratli davlatni tashkil etishga qattiq harakat qilgan. Poytaxt Urganchda hashamatli binolar qurilib, me’morchilik va umuman san’atning yuksak namunalari namoyish etildi. Ayni paytda Xorazmda Mamnun akademiyasi tashkil etilib, fanning turli sohalari bo’yicha ilmiy ishlar olib borildi. Xususan Beruniy va Abu Ali Ibn Sino singari mashhur olimlar ham Mamnun akademiyasida ilm bilan shug’ullandilar. Ammo Xorazmshohning gullab-yashnashi uzoqqa cho’zilmadi. U 1017 yilda G’aznaviylar davlati tomonidan bosib olindi. 1043 yilda esa Xorazmni g’aznaviylarga zarba bergan saljuqiylar davlati egallaydi. Shu tariqa Xorazm bir qo’ldan ikkinchi qo’lga o’tkazilib mustaqilligini qo’ldan beradi. Biroq mustaqil Xorazmshohlar davlatini tiklash g’oyasi yo’qolmadi. Aksincha u erksevar kishilar qalbida yashab, vaqti kelib u yuzaga chiqa boshladi. XI asrning oxirlarida saljuqiylar hukmdori tomonidan tayinlangan Xorazm hokimi Anushtegin mustaqil siyosatni yurgizishga dastlabki qadamni tashladi. U 1097 yilda vafot etgandan keyin Qutbiddin Muhammad (1097-1127) ismli o’g’li otasining izidan borib mustaqillikni tiklashga harakatni davom ettirdi. Biroq u saljuqiylar sirtmog’idan qutilolmay dunyodan ko’z yumdi. Uning o’rniga taxtni egallagan o’g’li Jaloliddin Otsiz (1127-1156) g’animlarga qarshi oshkora siyosat yurgizib, 1138 yilda Mang’ishloqni va Sirdaryoning quyi havzasidagi Jand shahrini bosib oldi. Keyingi yil Buxoroni ham egalladi. Shu ravishda Otsiz o’zining davlatining chegarasini saljuqiylarga qarashli yerlar hisobiga kengaytiradi. Shu orada Turkiston zaminida Tungusdan kelgan qoraxitoylar (turkiy tilli manjurlar)ning tajovuzi davom etayotgan edi. Ular Xorazmshoh davlatiga ham, saljuqiylarga ham katta xavf tug’dirgan. Shu bois Otsizni saljuqiylarning sultoni Sanjar bilan murosa qilgan vaqtlari bo’lgan. Ammo 1141 yilda Sanjarning qoraxitoylar tomonidan qaqshatqich zarbaga uchratilishi saljuqiylar davlatining taqdirini hal etadi. Otsiz bu qulay vaziyatdan foydalanib, Sulton Sanjarning poytaxti Marvni, so’nra 1142 yilda Nishopurni egallaydi. Biroq, ko’p o’tmay Sanjar Marvni qayta qo’lga kiritishga erishadi. Shundan keyin Otsiz noilojlikdan qoraxitoylarga tovon to’lab turishni bo’yniga olib u bilan ittifoq tuzdi. Sulton Sanjar o’zini o’nglab tayyorgalikni ko’rgandan keyin Xorazmga hujum qilib Otsizni yana bo’ysundiradi. Ammo Otsiz undan bosh o’girib saljuqiylarning markidagi Jand shahrini egallab, mustaqil siyosatni davom etdiradi. U 1156 yilda Xorazmshohlar davlatining to’la mustaqilligini ta’minlovni zaminni hozirlab vafot etadi. Otsiz o’zining vatanparvarligi va taraqqiyparvaligi bilan dong chiqargan edi. U Xorazmni qudratli davlatga aylantirishga kuch-g’ayratini ayamadi. Shuning uchun ham u xalqning hurmati va izzatini qozonadi. “Alouddin Otsiz, – deb yozadi mualliflardan biri – taxtga o’tirganida 29 yoshda edi. U ham otasiga o’xshab Sulton Sanjarning poytaxti Marvda yaxshi ta’lim olgan edi. Otsiz musulmonlar podshohiga xos islom diniga va ilohiyot olimlariga homiylik qilishdan tashqari, turli fanlar va san’at ahlini qadrlar, o’zi ham forscha qasida va ruboiylar yozar, juda ko’p buyuk shoirlarning baytlarini yoddan bilar edi. U Xorazm aholisiga g’amxo’r, adolatli podshohlik qildi”. Bir manbada aytilishicha fuqarolar Xorazmshoh Otsizni yaxshi ko’rar, uning zamonida fuqarolar xavf-xatardan mutlaqo holi, tinchlik va osoyishtalikda, adolatda yashadi. Aloiddin Otsiz jasur sarkarda edi, janglarda tolei kulib boqardi. Umumlashtirganda Otsiz 29 yil taxtda o’tirib, shundan 16 yil mustaqil hukmronlik qildi. Shu orada unga bir necha marotaba jang qilishga to’g’ri keldi. Otsizning o’g’li Il Arslon (1156-1172) ham XOrazm mustaqilligini ta’minlashga harakat qildi. Bu borada uning o’g’li Takish (1172-1200) ancha muvaffaqiyat qozonib, 1187 yilda Nishopurni, 1192 yilda Reyni, 1193 yilda Marvni, Eronning sharqiy tomonini qo’lga kiritdi. Bu bilan u Xorazmshohlar davlartining mustaqilligini saqladi. “O’rta asrlar mualliflarining, – yozishlaricha – Xorazmshoh Takish o’z fuqarolariga nisbatan adolatli bo’lgan, odatdan tashqari qobiliyatga ega, buyuk diplomat va lashkarboshi edi. Harbiy kuchdan o’rinli foydalanib va siyosiy ahvolni to’g’ri baholab, Takish o’z mulki qatoriga Mozandaron va Iroqni qo’shib oldi. Uning musiqani sevishi alohida esga olinadi. Hech kim udni uningchalik qoyil qilib chalolmagan… Takish hozirjavobligi, chechanligi bilan ham ajralib turardi… Xorazmshohlar davlatining kuchayishi Aloiddin Takish faoliyatining natijasi bo’ldi. Bu esa uzoq davom etgan og’ir janglar natijasida, shuningdek, yakkahokimlik uchun kurashlarda qo’lga kiritildi; Takish mamlakat taxtiga da’vogar birodari Sultonshohga qarshi yigirma yilga yaqin kurash olib bordi. Takish yildan yilga asta-sekinlik bilan o’z mamlakat hududini kengaytirib, sarhadi xalifa an-Nosir mulkiga borib taqalgan yirik imperiya barpo qilmaguncha kurash olib bordi. Manbalarning xabar berishicha, Xorazmshoh qayerda bo’lmasin, o’sha yer aholisi uning idora usuli va ko’rgan ma’muriy choralaridan mamnun bo’lgan. Takish davridagi hokimiyat markazlashuvi o’lpon to’laydigan xalq ahvolini ancha yengillashtirgan ko’rinadi.
Takish davrida davlat ma’muriy idora boshqaruvi qat’iyatli va tartib-intizomi bilan ajralib turadi”. Shuningdek Takish kuchli qo’shin tuzib shaxsan o’zi ham janglarda faol qatnashgan. Uni 170 yil otliq askarlari bor edi. Bunday ko’p sonli qo’shinni oziq-ovqat, yarog’-aslaha, ot va boshqa narsalar bilan ta’minlashning o’zi bo’lmagan, albatta. Ammo xalqni va shaxsan Takishning mustaqillik va ozodlikka qaratilgan xohish-irodasi qiyin va murakkab masalalarni hal etish imkonini bergan. Takish o’z vatanining taraqqiyotini va xalqaro mavqeini izchillik bilan amalga oshirib bordi. U 400 ga yaqin shaharlarni qo’lga kiritib, davlatni yirik imperiyaga aylantirish zaminini yaratdi. Takishning vatanparvarlik siyosatini o’g’li Sulton Muhammad (1200-1220) yuqori bosqichga ko’tardi. Natijada Xorazmshohlar davlatining chegarasi yanada kengayib, xalqaro mavqei oshdi. Zero, 1217 yilga kelib uning tarkibiga Movarounnahr, Xorazm, Isfaxon, Mozandaron, Karmana, Mekran, Kesh, G’azna, Gur, Bayman, O’tror, Ozarbayjon, Arran, Iroq, Sijiston, Fors, Tabariston, Jurjon va boshqa shahar va yerlar kirgan. Imperiya shaharlarida hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo rivojlandi. Dehqonchilik ham o’sgan edi. Ayniqsa uning poytaxti Ko’hna Urganch eng yirik va obod shahar sifatida shuhrat qozondi. Bu xususda o’rta asr muallifi Yoqut shunday yozgan: “Xorazm yerlariday keng va aholi ko’p yashaydigan joy dunyoning hech bir yerida bo’lmasa kerak, deb o’ylayman; buning ustiga aholisi mashaqqatli hayotga va oz narsaga qanoat qilishga o’rganib qolgan. Xorazmning aholi o’rgangan aksari joylari, bozorlari, g’amlab qo’yilgan narsalari va do’konlari bo’lgan shaharlardir. Aholi o’rnashgan joylar ichida bozori yo’qlari kamdan-kam topiladi. Shu bilan birga bu yerlarda umumiy xavfsizlik va tinchlik-xotirjamlik hukmrondir… Boyliklarning mo’lligi va poytaxtning kattalifi, aholisining ko’pligi, yaxshilikka yaqinligi hamda din va mazhab buyurgan narsalarni bajarishi jihatdan dunyoda Xorazmning bosh shahriga o’xshash shahar bo’lmasa kerak”.
Xullas, mustaqillik tufayli Xorazmshohlar davlati Sharq olamining eng yirik va obod diyori sifatida o’chmas iz qoldirdi. Fan va madaniyat rivojlanib va hashamatli binolar qurilib, shuhrati uzoq mamlakatlargacha taraldi.
Xorazm shohi saroyida 27 hukmdor yoki ularning vakillari itoat kamarini bellariga bog’lab, oltin nog’ora chalib turganlar.
Ammo Xorazmshohlar davlatining shon-shuhrati saroydagi icki ziddiyat va fitnalar, guruhvozlik va shaxsiy manfaatlarning avjiga minishi orqasidan so’nib bordi. Bu fitnaning asosiy aybori Sulton Muhammadning onasi Turkon xotun hisoblanadi. Bu mansabparast va o’zboshimcha ayolning saroydagi ta’siri shu darajada baland ediki, hatto shohning farmonlari va ko’rsatmalarini bekor qilib turgan. U o’zining qarindosh-urug’larini qobiliyat va tashkilotchiligini surishtirmay o’ta mas’uliyatli lavozimlarga tayinlagan. Natijada davlat boshqaruvida o’zboshimchalik va tartibsizlik keng quloch yoydi. Sulton Muhammad esa onasining qilmishlariga qarshi chora ko’rishga ojizlik qildi. Chunki davlatning salohiyatli lavoimlari onasining qarindosh va tarafdorlari tomonidan egallangan edi. Turkon xotun farzandlarini orasiga ham nizo va kelishmovchilik urug’ini sepadi. Natijada taxt uchun kurash harakati tobora kuchayib boradi. Poytaxt Ko’hna Urganchda Turkon xotunning qilmishlari orqasidan suv shu darajada loyqalashib ketadiki, Sulton Muhammad poytaxtni Samarqandga ko’chirishga majbur bo’ladi. Ammo, shunda ha, uning boshi tinchimay jasoratlik, mardlik, tadbirkorlik va sezgirlik singari fazilatlari nihoyatda zaiflashib ketadi. Natijada katta qurbonlar va qiyinchiliklar hisobiga bunyod etilgan imperiya ich-ichidan chiriy boshladi. Sulton Muhammad esa davlatni boshqarishda izchillik va muvozanatni yo’qotadi. Xorazmshohlar davlati og’ir kunlarni boshidan kechirayotgan paytda Chingizxon boshliq mo’g’ullarning tajovuzi boshlandi.