YANTOQ

YANTOQ (— dukkakdoshlar oilasiga mansub ko’p yillik begona o’tlar turkumi. O’rta Osiyoning dasht, cho’l, chala cho’llarida hamda Rossiyaning Yevropa qismidagi chala cho’l rayonlarida 5 turi ma’lum. O’zbekistonda Yantoqning soxta yantoq va qirg’iz yantog’i turi o’sadi. Bo’yi 40-110 santimetr, tik, sershox, ildizi kuchli rivojlangan, yer osti suvlarigacha yetib boradi (10 metr va undan ortiq). Barg qo’ltig’ida qattiq tikanlari bor. Barglari cho’ziq, nashtarsimon, barg bandi kalta, ketma-ket joylashgan. Gullari mayda, qizil yoki pushti. May— sentyabrda gullaydi, avgust— oktyabr oylarida urug’laydi. Mevasi 10 tagacha urug’ bo’lgan dukkak. Yantoqning yer usti qismi qishda qurib qoladi, bahorda ildiz bo’g’zidagi kurtaklardan yangi poyalar o’sib chiqadi. Urug’i va ildiz bachkilaridan ko’payadi. Urug’i po’stlog’i qattiq bo’lganligi tufayli juda sekin unadi. Yantoqning hamma turi tuyachilik va qo’ychilikda yaxshi ozuqa hisoblanadi. Guli va ildizidan xalq tabobatida turli damlamalar tayyorlanadi. Ya.dan yuqori sifatli yemxashak, silos va oziq uni olinadi. Yantoq yaxshi asal beruvchi o’simlik. Daraxtsiz cho’llarda Yantoqdan o’tin sifatida foydalaniladi. Sug’oriladigan yerlarda, yo’l, ariq, kanallar bo’ylarida, tashlandiq yerlarda, ekinzorlarda begona o’t sifatida o’sadi. Kurash choralari: almashlab ekish, yerni chuqurroq haydash, iddizpoyalarni yig’ib olish, dalalarga chirigan go’ng solish va boshqalar