YELIM

YELIM, yelimlar — asosan suyuqlangan yuqori molekulyar anorganik, ko’pincha organik moddalar yoki ularning eritmalari. Turli materiallarni bir-biriga yopishtirish uchun ishlatiladi. Yelim tarkibida qotiruvchi moddalar va qo’shimchalar, masalan, to’ldiruvchilar, erituvchilar, stabilizatorlar, plastifikatorlar, elastifikatorlar bo’ladi. Qo’shimchalar Yelimning qovushqoqligini, qotish tezligini, mustahkamligini, qattiqligini, issiqqa va sovuqqa chidamliligini oshiradi. Yelim suyuq (eritmalar, emulsiyalar, yakka monomerlar), quyuq yoki qattiq (donador, unsimon, ipsimon) bo’lishi mumkin. Yelimlar oddiy, konstruktsion (mashinalar, uchuvchi apparatlar, qurilish konstruktsiyalari va boshqalarni yig’ishda qo’llaniladigan) va maxsus (yopishqoq tasmalar) turlarga ajratiladi. Bundan tashqari, ular tabiiy va sintetik bo’ladi. Tabiiy Yelim hayvonlar va o’simliklar (kraxmal) mahsulotlaridan olinadi. Aksarisi namlikka chidamsiz, uz kuchini ancha tez yo’qotadi, chiriydi. Yog’och, qog’oz va boshqa buyumlarni elimlash uchun qo’llaniladi. Sintetik Yelim (smola) — polimerlar eritmasi, emulsiyasi, shuningdek, erituvchi qo’shilmagan smolalardan iborat. Namlik, issiq-sovuqqa, har xil temperatura, moylar, suyuq yonilg’ilar, turli zamburug’lar ta’siriga yaxshi chidaydi. Metall, chinni, yog’och, faner, penoplast, plastmassalar, organik oinalarni elimlash uchun ishlatiladi. Rezina Yelim — kauchuklar (tabiiy va sintetik) yoki rezinali aralashmalarning organik erituvchilari (asosan, benzin)dagi eritmasi. Rezinani metallga, yog’ochga, tsementga yopishtirishda ishlatilad.