YERNING METEOROLOGI SUN’IY YO’LDOSHLARI

YERNING METEOROLOGI SUN’IY YO’LDOSHLARI – bulut qatlamining atmosferada taqsimlanishini kuzatish, yer sirti va atmosferaning issiqlik nurlanishini va Quyoshning qaytgan radiatsiyasini o’lchash uchun mo’ljallangan apparatlar. Ob-havoni oldindan aytish uchun meteorologik ma’lumotlar olish maqsadida foydalaniladi. Masalan, «Kosmos», «Molniya» tipidagi sun’iy yo’ldoshlarning ba’zilari, «meteor»; Amerika sun’iy yo’ldoshlari — «Tiros», «Nimbus» va boshqalar. Bular, odatda, 500-1200 kilometr balandlikda uchadi. Yerning meteorologiya sun’iy yo’ldoshlariga o’rnatilgan asboblar yordamida yerning yorug’ tomonidagi bulutlar rasmga tushiriladi va yerga uzatiladi. Yerning qorong’i tomonidagi bulutlarni ham ular yordamida aniqlash mumkin. Bunda infraqizil nurlardan foydalaniladi. Yerning meteorologiya sun’iy yo’ldoshlaridagi ba’zi asboblar bilan yerga va atmosferaga kelayotgan hamda cheksiz fazoga chiqib ketayotgan radiatsiya o’lchanadi. Shu asosda issiqlik balansi hisoblanadi. Yerning meteorologiya sun’iy yo’ldoshlari yordamida okean suvi sathi, yer yuzasi va atmosferaning har xil qatlamlaridagi havo temperaturasi namligi o’lchanadi. Okean, cho’l va tog’larda meteorologik stansiyalar kam bo’lganidan bu yerlarning iqlimi kam o’rganilgan. Yerning meteorologiya sun’iy yo’ldoshlaridan olingan ma’lumotlar yordamida shu hududlarning iqlimi ham o’rganiladi. Dengiz muzining birinchi rasmi Yerning meteorologiya sun’iy yo’ldoshlari yordamida olingan (1960). Qor va muz sohalarining fasllarga bog’liq ravishda o’zgarish xaritalari tuzib chiqilgan. Yerning meteorologiya sun’iy yo’ldoshlari yordamida tsiklonlar o’rganiladi. Kosmonavtlar ham yerning ob-havosini kuzatishadi, bulutlar, qor va muzlik soqalari, Daryo va okeanlar, cho’l va tog’larning turli ranglardagi rasmlarini olishadi.