YEVNUXOIDIZM
YEVNUXOIDIZM (Yunoncha eunuchos — bichilgan odam), erkaklarda — hezalaklik, ayollarda — erkakchalishlik — jinsiy bezlarning tug’ma kamchiligi yoki jarohatlanishi, yoxud gipofizdan gonadotrop gormonlar kam chiqishi sababli ro’y beradigan kasallik. Erkaklarda ko’proq uchraydi. Yevnuxoid gigantizm va evnuxoid semirish (yog’bosish) degan ikki turi bor. Odatda, aralash xili uchraydi. Belgilari: bo’y o’sib ketadi, skelet nomutanosib o’sadi (qo’l-oyoq, ayniqsa oyoq uzun bo’ladi), suyaklar ingichka, yelka tor, chanoq keng (ayollar chanog’i tor), muskullar bo’sh (ilvillagan) bo’ladi. Ko’krak, qorin va sonni yog’bosadi, jinsiy bezlar etilmaydi, ikkilamchi jinsiy belgilar uncha bilinmaydi, qov va qo’ltiqda jun o’smaydi, ovoz ingichka (bolalarga xos), jinsiy his susaygan bo’ladi. Jismoniy mehnatga yaraydi, ammo sustkash, zehni past bo’ladi. O’tmishda bolaligida bichilganlar (g’ulomlar)da ham shunga o’xshash hodisa kuzatilardi. Bemorlar genetik va endokrinolog nazoratida jinsiy gormonlar bilan uzoq davolanishi kerak.