YEVSTAXIY NAYI

YEVSTAXIY NAYI — quruqlikda yashaydigan umurtqali hayvonlarda yutqunni o’rta quloq bo’shlig’iga tutashtiradigan kanal. 1563 yilda italyan olimi B. Evstaxiy (1510-74) tasvir etgan. O’rta quloqdagi havo bosimini tevarak muhitdagiga baravarlash uchun xizmat qiladi. Yevstaxiy nayi jabra yorig’ining rudimentidan kelib chiqqan. Timsoqlarda o’zaro tutashuvchi kanallarning murakkab sistemasini hosil qiladi. Ilonlarda o’rta quloq reduktsiyalangani uchun Yevstaxiy nayi yo’q. Odam da o’rta quloq bo’shlig’i bilan yutqinning burun qismi oralig’ida joylashgan eshituv nayi, uzunligi o’rta yoshdagi odamlarda 30-40 millimetr, suyak va tog’aydan tuzilgan. Suyak qismi (10-15 millimetr) chakka suyagi tarkibida bo’lsa, Tog’ay (2/3) qismi 20— 25 millimetr bo’lib, yutqin tomonda joylashgan. Nayning bir uchi kengayib o’rta quloqqa ochilsa, ikkinchi uchi kengayib yutqinga ochiladi. Nay yutqin orqali o’rta quloq bo’shlig’ini tashqi muhit bilan bog’lab turadi. U o’rta quloq bo’shlig’idagi havoni almashtirib, bir muvozanatda saqlaydi va tovush to’lqinlarining normal o’tishini ta’minlaydi. Nay shilliq qavati yallig’lanib, teshigi berkilib qolsa, odam eshitish qobiliyatini yo’qotadi. Shu sababli samolyotda havoga ko’tarilish, zambarak otish, kuchli yer portlashlarida og’izni ochib turish tavsiya etiladi. Aks holda tashqaridan kuchli havo to’lqini nog’ora pardaga (o’rta quloq bo’shlig’ini chegaralab turadi) ta’sir etib pardani yirtishi mumkin. Yuqori nafas yo’llari kasalliklari (shamollash, angina, burun yondosh bo’shliqlarining yallig’lanishi) evstaxiitga (Yevstaxiy nayining yallig’lanishi) sabab bo’ladi.