YEYILISH

YEYILISH — buyumlar sirtining o’zaro ishqalanishi, tashqi muhitning bevosita ta’siri tufayli ularning o’lchamlari, shakli, massasi yoki sirtqi holatining asta-sekin o’zgarishi. Mashina detallari, inshootlarning qismlari, kiyimlar va boshqalar uchun Yeyilish ishqalanish sharoitiga, materialning xossasiga va buyumning tuzilishiga bog’liq bo’ladi. Tashqi ta’sirlarning tabiatiga ko’ra buyumlarning sirtqi qatlamlari abraziv, mexanikaviy, kimyoviy oksidlanib, termik Yeyilish xillariga bo’linadi. Abraziv Yeyilishga asosan ishqalanish sabab bo’ladi. Mexanikaviy Yeyilishda ishqalanish, yozilish, toliqish natijasida buyum o’lchamlari va massasi yoki ish sirtining holati o’zgaradi. Kimyoviy, oksidlanib va termik Yeyilishda buyum ob-havo (yog’ingarchilik, haroratning keskin o’zgarishi, chang) va emiruvchi (oksidli va ishqorli) muhitlar ta’sirida korroziyalanib (metallda), eskirib yeyiladi. Yeyilish buyumlarning sifatini pasaytirishga, iste’mol (ishlatish) qiymatini yo’qotishga olib keladi. Mashina detallarining yeyilishini kamaytirish uchun maxsus moylar va surkov moylarini ishlatish, zanglashga chidamli materiallardan foydalanish va boshqalar tavsiya etiladi. Buyumlar (mashina detallari va boshqalar ishqalanuvchi buyumlar) materialining Yeyilishga qarshilik ko’rsata olish xususiyati eyilishga chidamlilik deb ataladi. U ishlash jarayonida buyumning massasi kamayishi va o’lchami kichrayib borishi bilan baholanadi.