YILQICHILIK

YILQICHILIK — chorvachilik tarmog’i. Otlarni urchitish, ko’paytirish, zotini takomillashtirish, naslchilik ishlari bilan shug’ullanadi. Yilqichilik ishchi hayvon tariqasida arzon, samarali energiya manbai. Yilqichilik xilma-xil qishloq xo’jalik ishlarida, sanoat korxonalarida, geologlarning razvedkachilik-qidiruv ishlarida, turli xil ilmiy ekspedisiya tarkibida, chegara qo’shinlari va qo’riqchilik xizmatida noyob ot-ulov vazifasini o’taydi. Yilqichilik Osiyo va Yevropada miloddan avvalgi 4-ming yillikda paydo bo’lgan. Ko’hna Yilqichilik markazlaridan biri, shubhasiz, O’rta Osiyo kengliklari hisoblanadi. Otlar miloddan avvalgi 2-ming yillikda O’rta Osiyodan kichik Osiyoga, undan Afrikaga tarqalgan. Amerikaga otlar yevropaliklar tomonidan 16-asrda, Avstraliyaga 17-asrda keltirilgan. Otlar qo’lga o’rgatilganidan va xonakilashtirilganidan keyin insonning ko’pgina ishlarni bajarishda doimiy yordamchisiga aylandi, armiyada alohida otliq qo’shinlar tuzildi. Ayrim xalqlarda Yilqichilik oziq-ovqat mahsulotlari — go’sht va sut olinadigan xo’jalik tarmog’i bo’lib qoldi. Qad. davrlardan boshlab inson o’z ehtiyojlariga javob beradigan ot sifatlarini takomillashtirib keldi. Yilqichilik taraqqiyotida salt miniladigan, aravaga qo’shiladigan va yuk ortiladigan asosiy otlar yaratildi. Mavjud mahalliy ot zotlarini takomillashtirish va davr talabiga mos yangi ot zotlarini yaratish 18 – va 19-asrlarda jadal sur’atlar bilan amalga oshirildi. Natijada 21-asr boshlariga kelib dunyo mamlakatlarida 250 dan ortiq xilma-xil turkum ot zotlari urchitilmoqda. Shular qatoridan odimlab yuruvchi, vazni 800-900 kilogramm yirik, og’ir yuk tortuvchi (16 tonnagacha) yilqi zotlari va bo’yi 30 santimetr, tugilgandagi vazni 5-6 kilogramm keluvchi mitti Falabella (Avstraliya) poni otlari o’rin olgan. Qadimgi Sharqning Movarounnahr hududi arg’umoklari o’zining takrorlanmas, xo’jalik uchun foydali biologik xususiyatlari bilan nom taratgan dongdor jonivorlar safidan hakli ravishda tarixda o’z o’rniga ega. O’zbek xalq dostonlari «Alpomish» va «Go’ro’g’li»dagi Boychibor va G’irotlar obrazlari bunga misoldir. O’zbekiston diyorida Yilqichilik an’analari va madaniyati minglab yillar bilan o’lchanadi. O’zbeklar avlodi qadimdan otdan tushmagan. Amir Temur, Mirzo Ulug’bek, Mirzo Boburlar umri «ot usti»da o’tgan. 20-asr boshida butun dunyoda 125 million., shu jumladan, O’zbekistonda 590 ming bosh yilqi mavjud bo’lgan. So’nggi yillarda qishloq xo’jalik mahsulotlarini ishlab chiqarishda zamonaviy mashina va mexanizmlardan keng ko’lamda foydalanish va avtomobil-yo’l transportining keng rivoji natijasi o’laroq ot kuchiga bo’lgan talab tobora so’nib bordi va oqibatda 20-asr, xususan, 20-asrning 30-yillaridan so’ng Yilqichilik rivojida salbiy o’zgarishlar sodir bo’ldi. Yilqichilik qoloqlikka yuz tutdi, e’tibordan chetda qoldi. 1990 yilga kelib O’zbekistonda yilqi soni atigi 89 ming boshni tashkil etdi, xolos. 1991— 2001 yillarda respublikada Yilqichilik rivojlandi va 152000 boshga yetdi. Hozirgi zamon dunyo Yilqichilik 4 ta asosiy yo’nalishda rivojlanmokda: naslchilik yilqichiligi; ishchi otlarni yetishtirish va ishchi otlar yilqichiligi; mahsuldor yilqichilik; milliy ot o’yinlari, ot sporti va ot sayohati yilqichiligi. Naslchilik yilqichiligi uchun mavjud yilqi zotlarini takomillashtirish, mamlakat ommaviy y.gi uchun qimmatbaho asl va toza zotdor yilqilarni yetishtirib berish asosiy vazifa sifatida belgilangan. Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va boshqa viloyatlar xo’jaliklarida Yilqichilik jadal rivojlanmoqda. Yangi Yilqichilik xo’jaliklari tashkil etildi. Jizzax viloyatida «Zarbuloq», «O’zbekiston», «Do’stlik»; Surxondaryoda qimiz va ot go’shti yetishtirishga ixtisoslashgan «Darband»; Qoraqalpog’istonda «Oqqal’a»; Samarqandda «Pangat» naslchilik xo’jaligi; Andijonda «Hamza» qimiz va ishchi ot yetishtiruvchi shirkat xo’jaliklari shular jumlasidandir. O’zbekiston Respublikasida 3 ot zavodi (Toshkent, Jizzax va Qashqadaryoda — Hisor), 1 naslchilik xo’jaligi, 12 naslchilik fermasi, 4 ferma va boshqa xo’jaliklar Yilqichilikni rivojlantirish bo’yicha ishlar olib bormoqda. Naslchilik Yilqichilikning asosini ot zavodlari va naslchilik Yilqichilik fermalari tashkil etadi. Bu yetakchi xo’jaliklar O’zbekistonda ommaviy tovar Yilqichilik xo’jaligi fermerlarini, «Nasl-xizmat» korxonasini va «Chorvanasl» birlashmasini zot sifatini yaxshilovchi deb tan olingan (sertifikatli) qimmatli nasldor yilqilar bilan uzluksiz ta’minlaydi. Ot zavodlari va naslchilik ferma yilqilari respublika otchopari kotila ishchanlik qobiliyati bo’yicha sinovdan o’tkaziladi. Sinovda yo’rtoqi, salt miniluvchi va ba’zan og’ir yuk tortuvchi zot yilqilariga mansub toy va g’o’nonlar maxsus dastur asosida mashq mashg’ulotlarini o’taydi, chopqirligi, kuchi va bardoshligi sinaladi. Ishchi otlarni yetishtirish. Yilqichilik naslchilik yo’nalishi bo’yicha ixtisoslashgan xo’jaliklarning Yilqichilik tovar fermalarida ishchi otlar saqlanadi, urchitiladi. Yilqilardan ishchi hayvon tariqasida foydalanish turi mahalliy sharoitga bog’liq. Mahsuldor yilqichilik go’sht yilqichiligi va sut yilqichiligi kabi tarmoqlardan iborat. Qozog’iston, Qirg’iziston, O’zbekistonning tog’ va tog’oldi zonalari, Qoraqalpog’iston va boshqa hududlarda mahsuldor Yilqichilik uyur yilqichiligi ko’rinishida avj olgan. Yil davomida yaylovlardan foydalanish arzon va sifatli yilqi mahsulotlarini (ot go’shti va ot suti) yetishtirishning asosiy garovi. Bitta yaylov biyasidan yiliga 1,5—2 tsentner tirik vaznda ot go’shti olish mumkin. Maxsus boqilgan yilqi va uning go’shtidan shi-rintob, yuqori kaloriyali, milliy tansiq oziq-ovqat mahsulotlari — qazi-qarta tayyorlanadi. Sut yilqichiligi va u bilan bog’liq bo’lgan qimiz tayyorlash texnika va texnologiyasi go’sht yilqichilik xo’jaligi ichida va go’sht yetishtirish bilan birga amalga oshiriladi. Qimiz yetishtirish tobora avj olmoqda. Hamdo’stlik mamlakatlari ichra 50 dan ortiq qimiz bilan davolash muassasalari aholiga xizmat ko’rsatmoqda. Jumladan, Qozog’istonda «Borovoe», Qirg’izistonda «Issiqko’l», O’zbekistonda «Chatqol», Boshqirdistonda «Shafronovo» va hokazolar. Ot sporti yilqichiligi milliy ot o’yinlari va xalqaro ot sporti hamda Olimpiya musobaqalarida qatnashuvchi komanda ishtirokchilari uchun zotdor, chopqir, kuchli va a’lo sifatli salt miniladigan hamda yo’rtoqi sportbop otlarni tayyorlash vazifalariga xizmat qiladi. Ot sporti taraqqiy etgan chet el mamlakatlari ichida Buyuk Britaniya, Germaniya, Shvetsiya, AQSh alohida o’rin tutadi. Dunyo mamlakatlari qatori O’zbekistonda ham qadimgi milliy ot o’yinlari va klassikot sporti uchun kuchli zamin tayyorlangan. Ot sporti, ko’pkari, ot poygasi respublika va respublikalararo federatsiyalari va qator ot sport mahorat maktablari, «Oltin taqa» kabi ot sport klubi o’z istiqboli muhim ishlarini Yilqichilik xo’jaliklari faoliyati bilan chambarchas bog’liq holda rivojlantirmoqda. Respublika ot sporti federatsiyasi, poyga va ko’pkari bo’yicha respublika federatsiyasi tuzildi va faol ish yuritmoqda. Milliy ot o’yinlari bo’yicha Bishkekda tashkil etilgan xalqaro federasiyaga O’zbekiston a’zo bo’ldi. Qator ot sport klublari va ot sporti bolalar mahorati maktablari ochildi. Ular respublika va viloyat ot-choparlari bilan hamkorlikda mashg’ulotlarni boshlab yuborganligi milliy ot o’yinlari va ajoyib ot sporti rivojidan yorqin dalolatdir. O’zbekiston chorvachilik ilmiy tadqiqot instituti Yilqichilik sohasi bo’yicha ilmiy ishlarni bajaradi, ishlab chiqarish texnologiyalariga oid zamonaviy dolzarb masalalar yuzasidan tarmoqqa ilmiy asosda amaliy yordam ko’rsatadi. Yilqichilik fan sifatida oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarining zoomuhandislik va veterinariya fakultetlarida o’qitiladi. Ad.: Konevodstvo (Pod Red. prof. V. A. Tshekina), T., 1952; Kalinin V. I., Yakovlev A. A., Konevodstvo, M., 1966; Bobilev I., Konnie igri, T., 1989. Abdusattor Amirov.