Yovvoyi o’tlar qanday ko’payadi?

«Yovvoyi o’t» deyilishi bilan xayolimizga, u foydasiz o’simlik ekan, qabilidagi fikr keladi. Ammo tabiat nuqtai nazaridan barcha o’simliklar bir xil foydalidir. Odamlar faqat o’zlari uchun ahamiyatli o’simliklarni tanlab olib, o’stirishi, poliz yoki chopilgan yerlarda o’sadigan boshqa o’simliklarni esa yovvoyi o’t deb atashi esa butunlay boshqa masala. Yovvoyi o’tlar keltiradigan zarar ham turlichadir. Ayrim yovvoyi o’tlar o’tloqlarda o’tlab yurgan sigirlar yoki otlar uchun zaharlidir. Boshqa birlari esa quyoshni to’sib, namlikni va tuproqdagi ozuqa moddalarini tortib olishi bilan madaniy ekinlarga zarar keltiradi. O’tlarning yana bir turlari esa parazitlardir. Ular kasalliklar manbai bo’lishi bilan birga ekinlarga zarar keltiradigan hasharotlarni ham o’ziga jalb etadi. Yovvoyi o’tlarga qarshi kurashish, albatta, qiyin. Ularni har yili yulib tashlash kerak bo’ladi. Buning sababi shuki, yovvoyi o’tlar turli yo’llar bilan ko’payadi va insonga bu jarayonni nazorat qilishida jiddiy qiyinchiliklar tug’diradi. Yovvoyi o’tlarning ma’lum bir qismi bir joydan boshqa joyga hayvonlarning yemishi, chang, axlat yoki go’ng bilan birga ko’chadi. Ular ko’payishda insonning beparvoligiga ehtiyoj sezmaydi. Chunki ularning o’z tarqalish va ko’payish vositalari bor. Masalan, ituzum, zarpechak, sovunak kabi yovvoyi o’tlar shunchalik ko’p urug’ yetishtiradiki, ularning bir qismi har qanday sharoitda yashab qoladi. Boshqa yovvoyi o’tlarning urug’ida yoki mevasida tuk yoki qanotcha ko’rinishidagi o’simtalar bo’ladi. Shamol bunday urug’larni uzoq masofalarga uchirib ketadi. Shovul, qoqigul, kislisa kabi o’tlar shunday tarqaladi. Shunday yovvoyi o’tlar ham borki, ularning meva va urug’ida tuk o’rniga hayvonlar terisi va odamlar kiyimiga yopishib qoladigan tikan yoki ilgakchalar bo’ladi. Qushqo’nmas ana shunday o’tdir. Ammo epchil yovvoyi o’tlar, umuman, urug’ yordamida ko’paymaydi. Ularning yer ostida tarvaqaylab ketgan ildiz poyasi bo’ladi, biz yer yuzasida ko’rib turgan qismi esa pasham va tik o’simtalar, xolos. Agar uning yer ostidagi ildiz poyasi kesib tashlansa, ular qurib qolmaydi, aksincha, bir-biridan mustaqil ikkita o’simlikka aylanadi.