YUDAKOV SULAYMON (SOLOMON) ALEKSANDROVICH

YUDAKOV SULAYMON (SOLOMON) ALEKSANDROVICH (1916.14.4, Qo’qon — 1990.6.11, Toshkent) — kompozitor. O’zbekiston xalqartisti (1976). Moskva konservatoriyasida ta’lim olgan (1934-41). 1941 yildan Toshkentga qaytib asosan ijod bilan shug’ullangan. 1943-44 yillari Tojikiston filarmoniyasi badiiy rahbari. Uning asarlari o’zbek (va tojik) xalq kuylari hamda zamonaviy ohang va usullar uyg’unligi, janr jihatidan xilma-xilligi, yorqin va hayotbaxsh kuylari bilan ajralib turadi. Yudakov — opera («Maysaraning ishi»), balet («Nasriddinning yoshligi» va «Jonli alanga»), kantatalar («Mening Vatanim», «Muborakbod», «Alyor» va boshqalar), 6 qismli «Mirzacho’l» vokalsimfonik syuita, vokal-simfonik poemalar, qo’shiqlar, romanslar, («Kuylama sohibjamol», «Basandas» va boshqalar), kamer cholg’u asarlar (masalan, «Sharq poemasi» va boshqalar), dramatik spektakllar, kinofilmlarga musiqa va boshqalar asarlar muallifi. «Maysaraning ishi» birinchi o’zbek hajviy operasi Toshkent, Samarqand, Ashxobod, Dushanba, Bishkek, Ufa, Moskva, Lodz (Polsha) teatrlarida sahnalashtirilgan, simfonik asarlari ko’p orkestrlar repertuaridan o’rin olgan. Qo’shiqdaridan «Dugonalar», «Davra qo’shig’i», «Jon O’zbekiston», «Karnaval valsi» va boshqalar ommalashgan. Davlat mukofoti (1951), Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti (1977) laureati. Ad.: Plungyan V., S. Yudakov, T., 1979; Sulaymon Yudakov v vospominaniyax sovremennikov (avtorsostavitel V.Plungyan), T., 2003.