YUGOSLAVIYA

YUGOSLAVIYA — Janubiy Yevropadagi davlat (2003 yilgacha mavjud bo’lgan). Serblar, xorvatlar, slovenlar qirolligi negizida 1929 yil tashkil topgan. Serbiya, Xorvatiya, Sloveniya, Bosniya va Gersegovina, Makedoniya, Chernogoriya uning tarkibida bo’lgan. 1929 yil yanvarda Yugoslaviyada harbiy-monarxiya diktaturasi qaror topgan. 1941 yil martda Yugoslaviya hukumati fashistik davlatlar tomonidan tuzilgan Berlin pakti (1940 yil 7 sentyabrda tuzilgan) ga qo’shildi. Bu Yugoslaviyada keng norozilik harakatiga sabab bo’ldi; 27 martda fashistik hukumat ag’darildi. 1941 yil 6 aprelda yu.ga fashistlar Germaniyasi hujum qildi va mamlakat hududi Germaniya okkupasiyasi zonalariga bo’lindi. Xalq ozodlik kurashi avj oldi. Mamlakatning shimoli Sharqiy qismi 1944 yil ozod etildi. 1945 yil 15 mayda Yugoslaviya armiyasi Yugoslaviyani fashistlardan ozod qilishni nihoyasiga yetkazdi. 1945 yil 29 noyabrda Yugoslaviya Federativ Xalq Respublikasi (YUFXR) e’lon qilindi. 1946 yil 31 yanvarda YUFXR Konstitutsiyasi tasdiqlandi. 1963 yilda qabul qilingan Konstitusiya bo’yicha mamlakat Yugoslaviya Sosialistik Federativ Respublikasi (YuSFR) deb nomlandi. Hokimiyat tepasida Yugoslaviya Kommunistlar Ittifoqi turdi. Yugoslaviyada o’zini-o’zi boshqarish asosidagi sotsializmning Yugoslaviya modelini qurish vazifasi qo’yildi. 1980-yillardan mamlakat og’ir iqtisodiy va siyosiy qiyinchiliklarga duch keldi. 1991 yil YuSFR parchalanib ketdi. Sloveniya, Xorvatiya, Bosniya va Gersegovina, Makedoniya federasiya tarkibidan chiqib ketdi va mustaqil davlatlarga aylandi. 1992 yil Serbiya bilan Chernogoriya Yugoslaviya Ittifoq Respublikasini tuzdilar. 2003 yil 4 Fevraldan bu davlat Serbiya va Chernogoriya deb atala boshladi.