ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR MIRZO

Zahirddin Muhammad Bobur Mirzo Umar Shayx Mirzoning katta o’g’li bo’lib, 1483 yil fevral oyida Andijonda tug’ilgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning bolalik va yoshlik davri asosan Andijon hamda Axsi shaharlarida o’tgan. U yoshligidanoq otasi saroyida ham ma’naviy, ham harbiy ta’limni chuqur o’zlashtiradi. Garchi Andijon ilm-ma’rifatda Samarqandchalik ravnaq topmagan bo’lsa-da, biroq, Umar Shayx Mirzo Samarqand hukmdori bo’lmish akasi Sulton Ahmad Mirzoga taqlidan o’z saroyiga ko’plab odamlar, adib va shoirlarni taklif qilgan.

Umar Shayx Mirzo vafot etgach, 1494 yil 10 iyun seshanba kuni, hali balog’atga yetmagan 12 yoshli Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Farg’ona ulusining sifatida taxtga o’tiradi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo o’ziga ishonchli beklari bilan Axsidan Andijonga kelganda, to’rt yog’och masofada bo’lgan Quva shaharida o’z amakisi – Movarounnahr hukmdori Sulton Ahmad Mirzo qo’shin bilan Andijon qasdida turganligi haqida xabar keladi. Ikkinchi tomondan Toshkent hukmdori (Bobur Mirzoning tog’asi) Sulton Mahmudxon Kosonni zabt etib, Axsini qamal qiladi. Uchunchi tomondan Qashqar xoni Abubakr dug’lot o’z qo’shini bilan Farg’ona ulusiga bostirib kelib, O’zgandni o’rab oladi.

Ammo Farg’ona beklari va amaldorlari o’z mustaqilliklarini saqlab qolish yo’lida qo’llaridan kelgan barcha chora-tadbirni ishga soladilar. Jumladan, ular Farg’ona taxtiga Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoni mavrusiy hukmdor etib tayinlashni Sulton Ahmad Mirzodan talab qilgan holda Xoja Qozi va Uzun Hasanni elchi qilib jo’natadilar. Mazkur elchilar talabnoma bilan birga Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning maxsus maktubini ham olib boradilar. Maktubda “… bu viloyatg’a albatta Sizning mulozimlaringizdan biro kishi tayinlanmog’i lozim. Men Sizga ham mulozim, ham farzandmen, agar bu xizmatni menga topshirsalar osonroq va yaxshiro hal bo’lg’usidir”, – deb yozilgan edi.

Zotan Bobur Mirzo ta’riflaganidek, Sulton Ahmad Mirzo har bir ishni beklarining ra’yidan tashqari qilmas edi. Bu safar ham shunday bo’ldi. Elchilarning so’zini beklar qabul qilmay, olg’a qarab hujumga o’tadilar. Quvaning botqoq qora suvidan faqat ko’prik orqali o’tish mumkin edi. Ko’prik esa ko’p mingli otliq qo’shinga dosh beraolmay sinib, ko’p kishilar suvga g’arq bo’lganlar. Buning ustiga otlarga o’lat kelib, yuzlab otlar yerga yumalab o’laboshlaydi. Nihoyat, dushman qo’shini orasida vahima va sarosimalik avj olib, parokandalik boshlanib ketadi. Bu vaqtda mahalliy xalq o’z ozodligi yo’lida jondan kechib, bosqinchilarga qarshi qaqshatqich hujumni boshlaydi. Bunday chigal vaziyatda chorasiz qolgan Sulton Ahmad Mirzo sulhga rozi bo’lib, orqasiga qaytib ketadi.

Farg’ona xalqi Sulton Ahmad Mirzodek zabardast dushmandan xotirjam bo’lgach, Sulton Mahmudxon va Qashqar xoni Abubakr, dug’lot askarlariga ham birin-ketin zarba berib, Farg’ona mustaqilligini qo’lda saqlab qoladilar.

Bu vaqtda Zahiriddin Bobur Mirzo yosh bo’lganligi tufayli, saltanat ishlarini asosan ishonchli beklardan biri Xoja Qozi va Bobur Mirzoning buvisi Eson Davlat begim (Yunusxonning xotini – Qutluq Nigor xonimning onasi) boshqaradilar.

XV asrning oxirida Movarounnahr va Xurosonda feodal tarqoqlik hukm surar, har bir bek o’z ixtiyoricha ish tutishga harakat qilardi. Shayboniyxonning tarixchisi Muhammad Solihning ta’biricha, “hamma bir-biridan qo’rqar, o’zicha shohlik talab qilib, mamlakatda ig’vo urug’ini sochardilar”. Movarounnahr tuprog’ida avj olgan o’zaro janglarda Bobur Mirzo ham qatnashishga majbur bo’ldi. Xalq ommasi og’ir ahvolda qolgan edi.

Sulton Mahmud Mirzo vafotidan so’ng, 1495 yil yanvar oyida uning ikkinchi o’g’li Boysung’ur Mirzoni Samarqand taxtiga o’tqazadilar. 1496 yil may-iyun oylarida Boysung’ur Mirzoga qarshi Samarqandda tarxonlar isyoni boshlanadi. Bundan xabar topgan Bobur Mirzo ham Samarqand taxtiga da’vogar bo’lib 17 iyunda o’z qo’shini bilan Shavdor tumaniga yetib kelib, Samarqand qamaliga kirishadi. Ayni shu paytda Sulton Ma’sud Mirzo Samarqandning ikkinchi tarafidan, Sulton Ali Mirzo esa uchinchi tarafdan qamal qiladilar.

Ammo qish yaqinlashib qolgani tufayli mazkur shahzodalar Samarqandni qamaldan bo’shatib, o’z yurtlariga qaytib ketadilar.

1497 yil may oyida Bobur Mirzo Samarqandga ikkinchi marta qo’shin tortib kelib, Yor yayloq tumaniga o’rnashib, Boysung’ur Mirzoga qarshi urush ochadi va Boysung’ur Mirzoni shahar ichiga qamaydi. Samarqand shahari ittifoqchilar tomonidan yana qamal qilinadi. Biroq qish yaqinlashgani tufayli qamalni to’xtatib, shahardan chekinadilar. Ammo bus afar Bobur Mirzo uzoqqa ketmaydi. U Xo’ja Diydor qal’asini o’ziga lashkargoh qilib belgilab, o’sha yerda qishlaydi.

Bu vaqtda shahar ichida oziq-ovqat tanqiligi boshlanib, Boysung’ur Mirzo qo’shinlari orasida parokandalik vujudga keladi. Boysung’ur Mirzo ittifoqchilarga bas kelaolmasligini sezib, Shayboniyxondan ko’mak so’rab, Turkistonga odam yuboradi. Shayboniyxon fursatdan foydalanib, darhol qo’shin tortib kelib, shahar tashqarisida Bobur Mirzo lashkargohining ro’parasida o’rnashadi. Bobur Mirzo Shayboniyxon bilan jang qilish maqsadida maydonga chiqsa-da, biroq Shayboniyxon urush maydoniga chiqmay, shahar ichiga kirishga harakat qiladi. Lekin Boysung’ur Mirzo Shayboniyxonni shaharga kiritmaydi. Bu iltifotsizlikdan ranjigan Shayboniyxon o’z qo’shinini olib, Turkistonga qaytib ketadi.

Shundan so’ng Boysung’ur Mirzo Samarqandni saqlab qololmasligiga aqli yetib, shaharni tashlab chiqib, Qunduz hukmroni Xusravshoh huzuriga ketadi. Nihoyat Samarqand arkoni davlati kengashib, navqiron Bobur Mirzoni shaharga kiritadilar va saltanatni boshqarishni taklif qiladilar. Shunday qilib, 1497 yil noyabr oyining oxirida Bobur Mirzo tantanali ravishda Samarqand taxtiga o’tiradi va Temur taxtining haqiqiy sohibi deb e’lon qilinadi.

Uzoq davom etgan o’zaro urushlar natijasi Samarqand va uning atrofidagi aholi nihoyat darajada qiynalgan va ezilgan edi. Shahar deyarlik vayronaga aylangan, aholining mol-mulki esa talangan edi. Binobarin, Bobur Mirzo Samarqandda uzoq turaolmadi. Qo’shinni boqish, ot-ulovni yem-xashak bilan ta’minlash uchun hech narsa yo’q edi. Aholiga biror narsa bilan ko’maklashish haqida gapirmasa ham bo’lardi. Bunday vaziyatdan sarosimaga tushgan beklar birin-ketin Bobur Mirzoni tashlab qocha boshlaydilar. Buning ustiga Andijondan Uzun Hasanning saltanatga qarshi isyoni haqidagi xabar keladi. Yuz bergan siyosiy va iqtisodiy tanglikni mushohida qilgan Bobur Murzo, qanday bo’lmasin Andijonni saqlab qolish payiga tushadi. Mazkur sabablarga ko’ra, Bobur Mirzo Samarqandda 100 kun hukmronlik qilgach, uni taqdirning irodasiga havola qilib, tashlab chiqib ketishga majbur bo’ladi.

Bobur Mirzo Samarqanddan chiqib, Xo’jandga yetganda, Andijonning qo’ldan ketganligi, Uzun Hasan hokimiyatni qo’lga olib, Bobur Mirzoning diniy murabbiysi va homiysi Xoja Qozini asirga olib, qatl qilingani haqida xabar keladi. Xo’jandda esa Muhammad Husayn Kuragon o’z hokimiyatini o’rnatgan edi. Samarqandni esa Sulton Ali Mirzo egallagan edi. Garchi Bobur Mirzo ikki yil davomida Samarqand bilan Andijon orasida sargardon bo’lsa-da, biro har ikki shahardan aqalli birini qo’lga kiritishga muvaffaq bo’lolmadi.

Farg’ona viloyatida Uzun Hasanning hukmronligi mustahkam emas edi. Chunki xalq og’ir soliqlar, o’lpon va turli jarimalarning ko’pligi oqibatida so’ng darajada qashshoqlashgan edi. Boz ustiga uzluksiz o’zaro qirg’inlar mehnatkash xalqning tinkasini quritgan edi. Nihoyat xalq qo’zg’olonlari boshlanib, Uzun Hasan hokimiyati larzaga kelaboshlaydi. Vaziyatdan mohirlik bilan foydalangan Nosir Mirzo (Bobur Mirzoning kichik ukasi) shaharga hujum qilib, Uzun Hasan hokimiyatini tugatib, shaharni qo’lga oladi va keyin akasi Bobur Mirzoga topshiradi. Bobur Mirzo Andijon taxtiga ikkinchi marta o’tirishi 1499 yil iyul oyiga to’g’ri keladi.

Biroq Andijon taxtiga bo’lgan jangu jadallar tinchimadi. Bobur Mirzoning eng xavfli raqibi Sulton Ahmad Tanbar Umar Shayx Mirzoning ikkinchi o’g’li Jahongir Mirzoni Bobur Mirzoga qarshi qayray boshlaydi. Mazkur aka-uka shahzodalar va ularning orqasida turgan guruhboz bek va amaldorlarning o’zaro qonli nizolari har ikki tomonga ham biror manfaat keltirmadi. Aksincha, xalq ommasining og’ir ahvoli yanada mushkullashdi. Mamlakatda oziq-ovqat tanqisligi kuchayabordi. Nihoyat 1500 yil fevral oyining oxirida Bobur Mirzo bilan Jahongir o’rtasida tinchlik sulhi imzolandi.

1500 yilda Muhammad Shayboniyxon Samarqandga hujum qiladi. Ammo hujum muvaffaqiyatsiz tugaydi. Shayboniyxonning Buxoroni zabt etishi Samarqand beklarini ancha tashvishga solidi va ular Sulton Ali Mirzoning siyosatiga qarshi turadilar. Ayni paytda Samarqandda oziq-ovqat tanqisligi boshlanib, ocharchilik avjiga chiqadi. Xalq noroziligi kuchayadi va saroydagi beklarning orasi buziladi. Bu tanglikdan qutulish uchun Sulton Ali Mirzo Shayboniyxon bilan muzokara boshlashga majbur bo’ladi. Sulton Ali Mirzoning tutgan siyosatidan norozi bo’lgan bek va amirlar Bobur Mirzoga odam yo’llab, Samarqandga taklif qiladilar. Ammo Bobur Mirzo kechikadi. 1500 yilda Sulton Ali Mirzoning roziligi bilan Samarqand Shayboniyxonga urushsiz taslim bo’ladi. Shayboniyxon Samarqandga kirgach, temuriy shahzodalarga nisbatan o’ta shafqatsizlik qiladi va ularni qilichdan o’tkazadi. Bu jazodan Sulton Ali Mirzo ham benasib qolmaydi.

1500 yilda Shayx Abul Mukarram boshchiligida Samarqand shaharining Feruza darvozasini Bobur Mirzoga ochib beradilar. Bobur Mirzo to’satdan shaharga bostirib kirib, Shayboniyxonning asosiy kuchini qirib tashlaydi. Bu paytda Shayboniyxon Konigilda edi. U qolgan qo’shinini yig’ib, Turkistonga chekinishga majbur bo’ladi. Bobur Mirzo Samarqand taxtiga ikkinchi marta o’tirishga musharraf bo’ladi.

Lekin Bobur Mirzo bu safar ham Samarqandda uzoq muddat turaolmaydi. Chunki shaharda vayronalik hamda dahshatli ocharchilik hukm surardi. Bu haqda Bobur Mirzoning o’zi shunday yozadi: “Elga bisyor tanqislik bo’ldi. Anga yettikim, faqir va miskin it etini, eshak etini yeya kirishtilar”. Ana shunday bir vaziyatda Shayboniyxon Bobur Mirzoga sulh haqida muzokara yuritishni taklif qiladi.

Bobur Mirzo hech qayerdan hech qanday yordam ololmagach, noiloj sulhga rozi bo’ladi. Sulh bitimining shart-sharoiti haqida Bobur Mirzo o’zining “Boburnoma” asarida hech narsa demaydi. Mazkur sulhning shart-sharoitlarini Bobur Mirzoning qizi Gulbadanbegim o’zining “Humoyunnoma” asarida quyidagicha izohlaydi: “Ana shunday vaqtda Shohibekxon (Shayboniyxon) “agar o’z singlingiz Xonzoda begimni menga bersangiz, oramizda sulh tuziladi va ittifoqchilik aloqalari o’rnatiladi”, – deb aytgizib yubordi. Oxir Xonzoda begimni o’sha xonga berib, o’zlarining qaytishlari zarur bo’ladi.

Bobur Mirzo Samarqandni tashlab chiqqach, o’ziga sodiq kishilari bilan Toshkent hukmdori – tog’asi Sulton Mahmudxon huzuriga keladi va Shayboniyxondek makkor dushmanga qarshi birlashib kurashmoqqa da’vat qiladi. Ko’p iltijolardan so’ng, Sulton Mahmudxon rozi bo’lib, Qashqar hukmdori Sulton Ahmadxon bilan harbiy ittifoq tuzishadi. Ammo har ikki hukmdor Shayboniyxonga qarshi borishdan avval Farg’ona viloyatidagi qo’sh hokimiyatchilikni tugatishga qaror qiladilar. 1503 yilda 30 minglik qo’shin bilan Farg’onaga – Sulton Ahmad Tanbalga qarshi yurish boshlaydilar.

Ittifoqchilarning yurish xabarini eshitgan Sulton Ahmad Tanbal Shayboniyxondan yordam so’rab, uning huzuriga o’z ukalari Bek Telba va Shoh Boyazidlarni jo’natadi. Shayboniyxon qulay fursatdan foydalanib, Samarqanddan chiqib, O’ratepa va Xo’jand orqali o’tib Toshkent yaqinida ittifoqchilarga qattiq zarba beradi. Ana shundan so’ng Farg’ona viloyatida ham temuriylar hukmronligi inqirozga uchrab, halokatga yuz tutadi.

Bobur Mirzoning endilikda o’zaro jangler va qirg’inlar natijasida nihoyatda ezilgan va qashsoqlashgan Farg’onani dushman qo’lidan qaytarib olishga ko’zi yetmaydi. Chunki mamlakatdagi ichki ahvol beqaror, bek va amirlarning xalqqa nisbatan o’tkazilgan istibdodi xalqning hukmdorlarga bo’lgan ishonchini butunlay yo’qqa chiqargandi. Shuningdek, Shayboniyxondek kuchli dushman qarshisiga chiqmoqlik uchun ham Bobur Mirzoda yetarli kuch-qudrat yo’q edi. Zero Bobur Mirzoga kelib qo’shilgan qo’shin ahilining ko’pchiligi mahalliy bek va amirlarga qarashli kishilardan iborat edi. Bunday kishilar ko’pincha beqaror bo’lib, ayni jang asnolarida pand berib qo’yardilar. Holbuki, Bobur Mirzoga sadoqatli kishilar qo’shinda juda oz qolgan edi. Ular ikki yuzdan ortiq emas edi.

Bobur Mirzo mazkur vaziyatni o’zining o’tkir idroki bilan aql tarozusida o’lchab, Movarounnahrda bundan buyon sargardon bo’lib yurish befoyda ekanligiga imoni komil bo’lgach, qolgan askarlari va yaqin kishilarini olib, Hisor tomon ketadi.

1503 yil iyul oyida Hisor yayloqlaridan biri Ilok yaylog’iga kelib tushadi. Bobur Mirzo Hisorga kelishidan maqsadi Hisor hukmdori Xusravshohdan umidvor edi. Biroq Xusravshohga yuborgan kishisi undan yaxshi xabar olib kelmaydi. Shundan so’ng, Bobur Mirzo Iloqdan ko’chib, Qubidiyonga keladi. Ko’p o’tmay Xusravshohning inisi Boqi Chag’oniyoniy o’z qo’shini va ko’ch-ko’roni bilan kelib, Bobur Mirzoga mulozimat ko’rsatadi.

Boqi Chag’oniyoniy Termiz, Shahrisafo va Chag’oniyonning hukmdori edi. Muhammad Shayboniyxon Badaxshon va Hisorga bosib kelayotganini eshitgan Boqi Chag’oniyoniy vaqt g’animatida Bobur Mirzoga kelib qo’shilgan edi. Ana shu asnoda Xuroson hukmdori Sulton Husayn Boyqarodan Bobur Mirzoga maktub keladi. Maktubda “Xolo ham agar o’zbek mutavajjih bo’lsa, man Murg’ob yoqasini berkitay, Badiuz-Zamon Mirzo Balx va Shibirg’on va Andxo’y qo’rg’onlariga mazbut kishilaarini qo’yib, o’zi Gurzivon va Darayi Zangda ul Ko’histonni berkitsun. Sen (Bobur Mirzo – T.F.) Kohmard va Ojarda ul Ko’hpoyani berkitib, Xusravshoh, Hison va Qunduz qo’rg’onlarida e’tmodli kishilarini qo’yib, o’zi va inisi Vali Badaxshon va Xatlon tog’larini berkitsunlar. O’zbek ish qilolmay yongisidur”, – deyilgan edi.

Ammo Bobur Mirzoning ta’biricha, Kohmard va Ojar tog’ istehkomlari Sulton Husayn Boyqaro aytganday mudofaaga bardosh beraoladigan darajada emas edi. Ikkinchidan, Shayboniyxondek kuchli dushmanga zarba beraoladigan qo’shin ham yo’q edi. Uchinchidan, Shayboniyxonning Hisorga yaqinlashayotganini eshitgan Boqi Chag’oniyoniy va boshqa beklar ayni zamonda Shayboniyxonga ro’para kelmaslikni talab qiladilar. Bobur Mirzo ham qo’shinning ozligini nazarda tutib, Samtu yo’li bilan Qizil suv tomonga yuradi. Xuddi shu asnoda Hisor va Qunduzda bo’lgan mo’g’ul beklari o’zlarining uch to’rt ming uylik kishilari bilan kelib, Bobur Mirzoga qo’shiladilar. Bu xabarni eshitgan Xusravshoh o’z kuyovi Ya’qub Ayubni maktub bilana Bobur Mirzo huzuriga yuboradi. Maktubda “agar ahd (bitim) qilsalar, qullikga kelgumdir”, – deyilgan edi. Bobur Mirzo Ya’qub Ayub bilan bitim tuzadi. Bitimga muvofiq Xusravshoh o’z qo’shini bilan kelib qo’shiladi.

Xusravshoh o’z qo’l ostidagi aholiga, sipohlariga jabr-zulmni haddan oshirgan edi. Binobarin, el va ulusining xatti-harakatlarida Xusravshohga nisbatan dushmanlik alomatlari zohir edi. Uning zolimligi shu darajaga yetgan ediki, o’z tarbiyasidagi Ma’sud Mirzoni ko’ziga mil tortib ko’r qilgan. Boysung’ur Mirzoni bo’g’ib o’ldirgan edi.

Xusravshohning zolimligi, bee’tiqodligidan bezgan barcha qo’shinlari Bobur Mirzo tomoniga o’tadilar. Bunga chiday olmagan Xusravshoh Bobur Mirzodan ijozat olib, Xurosonga ketadi. Shayboniyxon Xurosonni olganda, Xusravshohni tutdirib qatl qildiradi.

Bobur Mirzo Kobul tomonga yurib, 1504 yil sentabr oyida Kobulni Zunnun arg’unning o’g’li Muhammad Muqimdan tortib oladi. Shunday qilib, Kobul va uning atrofi Bobur Mirzo tasarrufiga o’tadi.

1505 yilda Husayn Boyqaro barcha o’g’illari qatori Bobur Mirzoni ham Hirotga chaqirtiradi. Bu yig’ilishdan maqsad – Shayboniyxonga qarshi ittifoq tuzib, urushga tayyorgarlik ko’rish edi. Bobur Mirzo bu kengashga albatta borajagini aytib, Sayyid Afzalni jo’natadi.

1506 yil 5 may kuni Sulton Husayn Boyqaro Shayboniyxon ustiga qo’shin tortib, Bobo Ilohiy mavzeiga yetganda vafot etadi. Bobur Mirzo fotiha zarurati bilan Hirotga boradi va Sulton Husayn Boyqaroning o’g’illari bilan uchrashib, ularning o’zaro ichki nizo va xusumatlarini sezadi hamda bu shahzodalar bilan ittifoq tuzib, Shayboniyxonga qarshi kurashib bo’lmasligiga aqli yetib, noumid bo’lib qaytib keladi. Kobulga yaqinlasharkan, amakivachchasi Mirzoxon Kobulda isyon ko’tarib, o’zini shoh deb e’lon qilgani haqida xabar keladi. Bobur Mirzo ko’p qiyinchiliklardan so’ng, Kobulni isyonchilardan tozalab, o’z qo’liga oladi. Isyon boshlig’i Muhammad Husayn Mirzo bilan Mirzoxonni Xurosonga jo’natadi.

1507 yilda Shayboniyxon Hirot bilan butun Xurosonni zabt etgach, Qandahorga yurishga jazm qiladi. Bu paytda Bobur Mirzo Qandahorni aka-uka Shohbek va Muhammad Muqim arg’unlardan tortib oladi va ukasi Nosir Mirzoni Qandahor hokimligiga tayinlab, o’zi Kobulga qaytib keladi. Qandahorning sobiq hukmdorlari Shayboniyxon huzuriga borib, arz qiladilar. Shayboniyxon Bobur Mirzoni Qandahorda deb gumon qilib, o’z qo’shini bilan kelib, shaharni qamal qiladi. Nosir Mirzo shaharda turolmay, Kobulga qochib keladi.

Bu xabarni eshitgan Bobur Mirzo Shayboniyxon bilan uchrashishdan ko’ra har holda ko’zidan nariroq turishga qaror qiladi. Bobur Mirzoning fikricha, mavjud vaziyat taqozosiga ko’ra, Shayboniyxon ko’zidan yiroqroq turish maqsadida Badaxshonga yoki Hindistonga yurmoqlik lozim edi. Nihoyat, Hindiston tomonga yurishga qaror qiladi.

1507 yil sentabr oyida Bobur Mirzo Kobulga amakivachchasi Abdurazzoq Mirzoni (Ulug’bek Mirzo Kobuliyning o’g’li) qo’yib, Hindiston safariga yo’l oladi. Ammo Shayboniyxon Qandahorni ololmay, sulh qilib, orqaga qaytgan xabarini eshitgan Bobur Mirzo yana Kobulga qaytib keladi.

Nosir Mirzoga G’azna viloyatini va Abdurazzoq Mirzoga Nanginahor, Mindaravur, Darayi Nur, Kaz va Nurgul hokimligini in’om qiladi.

1508 yil mart seshanba kechasi Bobur Mirzoning katta o’g’li Humoyun Mirzo tug’iladi. Shu munosabat bilan Bobur Mirzo o’zini bundan buyon Bobur podshoh deb atashlarini buyuradi.

1510 yilda Marv yaqinida Shayboniyxonning o’limidan so’ng, Bobur podshoh Eron shohi Ismoil Safaviy bilan harbiy bitim tuzib, Samarqandga yurish boshlab, shaharni qo’lga kiritadi va bitimga muvofiq, shoh Ismoil Safaviy nomiga xutba o’qitdiradi. Sunna mazhabiga mansub bo’lgan Movarounnahr xalqi, ayniqsa Samarqand beklari shia mazhabiga mansub bo’lgan shoh Ismoil Safaviy nomiga xutba o’qitilishidan qattiq norozi bo’ladilar. Natijada shahar xalqi orasida “Bobur podshoh shia mazhabini qabul qilibdi”, degan mish-mishlar tarqaladi. Ruhoniylar ta’siri ostida bo’lgan keng xalq ommasi, mish-mishlarga ishonib, Bobur podshohga nisbatan dushmanlik kayfiyatida bo’ladilar. Shunga qaramay, Bobur podshoh Samarqandda sakkiz oy hukmronlik qiladi.

Bu asnoda Shayboniylardan Ubaydulloxon besh ming qo’shin bilan Buxoroga yurish boshlaydi. 1512 yil 28 aprelda Hayrobod bilan Qorako’l o’rtasidagi Ko’limalik yonida hal qiluvchi jang bo’ladi. Bu jangda Ubaydullaxon qo’shini kutilmaganda Bobur podshoh qo’shinini tor-mor keltiradi. Bobur podshoh tezlik bilan Samarqandga qaytib keladi va o’z yaqinlari va qolgan askarlarini olib, Hisor orqali Kobulga ketadi. Bobur podshoh endilikda Movarounnahrga hukmronlik qilishni hayolidan butunlay chiqarib tashlaydi va taqdiriga tan berib, yana Hindiston tomon yurish masalasini kun tartibiga qo’yadi.

Bobur podshoh Kobuldan Hindistonga besh marta yurish qiladi. Beshinchi yurishda, ya’ni 1526 yil 21 aprelda tarixda mashhur jang – Panipat janggi bo’ladi. Bu jang Dehli hukmdori Sulton Ibrohim ibn Sulton Iskandar ibn Baxlul Lo’diy bilan bo’lib o’tadi. Tarixchilarning hamjihatlik bilan bergan ma’lumotlariga qaraganda, Sulton Ibrohim Lo’diyning yuz mingga yaqin askar va mingtaga yaqin jangari fillari bo’lgan. Bobur podshohning esa jami o’n-o’n ikki ming askari bor ekan.

Bobur podshohning qizi Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarida yozishicha, Sulton Ibrohimning bir yuz sakson ming otliq askari, bir ming besh yuzga yaqin harbiy jangari fillari bo’lgan. Bobur podshohning esa qo’shini savdogarlar va yaxshi-yomon bilan qo’shganda, o’n ikki ming kishidan iborat bo’lib, bular ichida jangga yaroqlilari olti-yetti ming kishidan iborat bo’lgan. Bu jangda Bobur podshoh yangicha harbiy san’at “to’lg’ama” usulini qo’llaydi. Yetuk sarkardaning ko’p janglarda orttirgan harbiy tajribasi Sulton Ibrohimning tartibsiz ko’p sonli qo’shini ustidan g’alaba qozonishiga sabab bo’ladi. Bobur podshoh bu jangda shimoliy Hindistonni Dehli va Agra shaharlari bilan qo’lga kiritadi va o’z hukmronligini o’rnatadi.

Bobur podshoh shimoliy Afg’oniston va shimoliy Hindistonda o’z hukmronligini o’rnatib, yevropalilar ta’biri bilan aytganda, “Buyuk mo’g’ul imperiya”sini tuzadi va boburiylar sulolasiga asos solar. 1526 yil 27 aprel kuni Dehlida Bobur podshoh nomiga xutba o’qiladi.

Zahiriddin Muhammad Bobur podshoh bir-biri bilan dushmanlik kayfiyatida bo’lgan mustaqil knyazlik (roja)larni sekin-asta qurol va muzokara yo’llari bilan birlashtirib, to umrining oxirigach, ya’ni 1530 yilgacha markazlashgan yirik imperiyani vujudga keltiradi. Tabiiyki, bunday katta markazlashgan imperiyani vujudga keltirish, bebosh bek va amirlarning boshini qovushtirish osonlikcha bo’lmaydi. Bundan tashqari ayrim erksevar qabilalarning bo’ysunmasligi natijasi ko’tarilgan isyon hamda qo’zg’olonlarni shafqatsizlik bilan bostirishga, yuzlab, minglab kishilarni qilichan o’tkazishga to’g’ri kelgan. Masalan, Bobur podshoh Panipat janggi haqida yozarkan, “Tangri taolloh fazl va karami bilan mundoq dushvor ishni bizga oson qildi va andoq qalin cherikni yarim kunda andoq yer bila yakson qildi. Besh-olti ming kishi Ibrohimning yaqinida bir yerda – o’q qatlga yetibturlar. O’zga har yerda o’lganlarni bu ma’rakada o’n besh – o’n olti ming taxmin qilur edik. So’ngra Ograga kelganda Hinduston eli taqriridin andoq ma’lum bo’ldikim qirq-ellik ming kishi bu ma’rakada o’lgon ekandur”, – deydi.

Gulbadan begim Bobur podshohning Hindistonni fath qilganidan keyin voqealar haqida yozarkan, Bobur podshohning so’nggi hukmronlik davrlarini hamda o’limi sabablarini quyidagicha izohlaydi: “Bobur podshoh Sulton Ibrohim Lo’diyni jangda halok etgach, butun hokimiyatni qo’lga oladi. Sulton Ibrohim Lo’diyning Bayda ismli onasi bo’lib, Bobur podshoh insof va diyonat yuzasidan sobiq shoh avlodiga shafqat ko’rsatib, mazkur malika Baydani o’z huzuriga chorlab: “Siz mening ham onamsiz, meni o’g’lingiz Sulton Ibrohim qatorida o’g’lim deb qarang”, – deb katta iltifotlar ko’rsatadi. Unga maxsus qasr, bog’ va yerlar in’om qiladi. Biroq malika Bayda o’z o’g’lining xunini olish maqsadida Bobur podshohning bakovuli (oshpaz) Ahmad Chashnagirni bir bo’lak zaharni podshoh oshiga qo’shib berishga undaydi va katta boylik evaziga rozi qiladi.

Ahmad Chashnagir mazkur zaharni nonga qo’shib beradi. Bobur podshoh mazkur nondan ozroq tanovul qiladi. Zahar asta-sekin ta’sir qiluvchi kuchga molik bo’lgan. Ana shu voqeadan so’ng, Bobur podshoh kundan-kun ozib, darmonsizlanib, kasalga chalinadi.

Gulbadan begimning yozishicha, ana shu kunlarda Bobur podshoh hukmdorlikdan ko’ngli sovib, tabiatida darveshlik, uzlatga chekinish ishtiyoqi namoyon bo’ladi. Hatto kunlardan bir kun o’z ahli ayoli, farzandlari hamda yaqin kishilarini huzuriga yig’ib, “ko’nglim saltanat va podshohlikdan olindi. Shu Zarafshon bog’ida bir burchakda o’tirsam, mening xizmatim uchun Tohir oftobachi ham yetib ortadi, podshohlikni Humoyunga bersam” – deydi. Ammo saroy ahli yig’i-sig’i qilib, qabul qilmaydi. Buning ustiga yosh o’g’li Olur Mirzo qorin og’rig’iga uchrab, vafot etadi. Olur Mirzoning vafotiga chidaolmagan onasi – Dildor begim savdoyi bo’lib qoladi. Bu musibatlardan ortiq darajada ezilgan Bobur podshoh Debalpurga sayr qilmoq va bir oz ko’ngulni yozmoq uchun ketadi.

Shu asnoda Sumbulga hokim qilib tayinlangan Muhammad Humoyunning betobligi haqida xabar keladi. Humoyunni Sumbuldan kemada olib kelishadi. Bobur podshoh Debalpurdan qaytib kelib, Humoyunning ahvoli og’irligidan qattiq tashvishga tushadi. Shu payt Mohim begim eriga, “Siz mening farzandimga beparvosiz, chunki podshohsiz, nima g’amingiz bor, sizning boshqa farzandlaringiz ham bor, mening esa bitta, yakkayu-yagona farzandim bor”, – deydi. Bu tahqiromuz so’zdan qattiq ta’sirlangan Bobur podshoh darhol bir kishini topib, hazrat Murtazo Alining mozorini ziyorat qilmoq uchun jo’natarkan, unga o’z nomidan “Xudoyo, agar jon berish mumkin bo’lsa, menki Boburmen, umri jonimni Humoyunga bag’ishlaymen”, – deb duo qilishini so’raydi.

Gulbadan begimning yozishicha, shu kunning o’zidayoq Bobur podshohning tobi qochadi. Humoyun Mirzo esa o’z boshidan suv qo’yib, g’usl qilib, tashqariga chiqadi va ko’rgani keluvchilarni qabul qilaboshlaydi. Bobur podshoh esa shu yotgancha kasali og’irlashib, qaytib o’rnidan turmaydi. Nihoyat, bir kun barcha shahzodalar, malikalar, amaldorlar beklar va o’ziga yaqin kishilarni huzuriga chorlab, podshohlik taxtiga Humoyun Mirzoni munosib ko’rgnligini va hamma katta-kichik unga bo’ysunishi lozim ekanligi haqida vasiyat qiladi. Shundan so’ng 1530 yil 25 dekabr dushanba kuni 47 yoshida vafot etadi.

Zahiriddin Muhammad Bobur podshoh aqlli, o’qimishli, ziyrak, tadbirkor va jasur kishi bo’lgan. Yosh Boburning ota taxtiga o’tirish davri – Movarounnahrda feodal tarqoqlikning kuchaygan hamda o’zaro qonli kurashlarning avjiga chiqqan davriga to’g’ri keladi. Binobarin, davr taqozasi Boburni ham bu mojarolarda faol qatnashmoqqa majbur qiladi. O’n yildan ziyodroq olib borilgan to’xtovsiz urushlar va nihoyat Movarounnahrning Shayboniyxon tarafidan bosib olinishi, Boburni o’z vatanini tashlab, Afg’oniston tomonga bosh olib ketishga majbur qiladi.

Zahiriddin Muhammad Bobur podshoh garchi shimoliy Afg’oniston bilan shimoliy Hindistonni birlashtirib, yirik saltanat barpo etib, buyuk hukmdor shoh darajasiga ko’tarilgan bo’lsa-da, biroq u o’z vatanini esdan chiqaraolmadi. U vatanni orziqib qo’msadi, unga yanada muhabbati ortdi. U umrining oxirigacha o’z vatanini Movarounnahrda sodir bo’layotgan voqealardan doimo ko’z-quloq bo’lib yashadi. Bobur begona yurtlarga borib qolib, vatanni sog’inib, zamondan norozi bo’lib, taqdirga e’tiroz bildirib, o’zining mashaqqatli qismatidan achchiq-achchiq nolidi:

Yana mahrumi xonumon qilding,
Yana ovorayi jahon qilding.
Tol’e yo’qu jonimga balolig’ bo’ldi.
Hr ishniki ayladim, xatolig’ bo’ldi.
O’z yerni qo’yub Hind sori yuzlandim,
Yorab netayin, ne yuz qarolig’ bo’ldi.

Zahiriddin Muhammad Bobur podshoh o’z zamonasining iste’dodli davlat arbobi, yetuk sarkarda, hassos shoir, talantli adib, adabiyot va san’atning qadrini ulug’lovchi hamda ilmu fan ravnaqi uchun qayg’urgan buyuk donishmand alloma bo’lgan. Binobarin, bizning davrimizgacha yetib kelgan asarlari jahon tarixchilari va sharqshunoslarini hamon qiziqtirib kelmoqda. Boburning fikr doirasi nihoyatda keng, xotirasi esa kishini hayratga soladigan darajada yorqindir Uni tabiatning barcha mavjudotlari, shuningdek ijtimoiy hayotning turli-tuman sohalari-yu, hodisalari qiziqtirgan.

Javoharlal Neru o’zining “Hindistonning kashf etilishi” nomli asarida Boburga baho berib, shunday yozadi: “Bobur dilbar shaxs, uyg’onish davriga xos hukmdor, dovyurak, serg’ayrat va epchil inson, u hayot nafossatidan lazzatlana bilgan”. Yana “Bobur Hindistonga kelishi bilan u yerdaa yangi davr va yangi saltanat boshlandi. Mamlakat qudrati va shuhrati oshib, boburiylar saltanatining shuhrati butun Osiyo va Yevropa bo’ylab tarqaldi”, – deb yozadi. Muallif yana Bobur haqida gapirarkan, uni diniy jaholat (mutaassiblik)dan holi hukmdor bo’lganligi va Hindistonliklarning milliy urf-odatlari, rasm-rusmlarini barbod qilmaganligini alohida ta’kidlaydi. “Boburnoma”ni 1826 yilda ingliz tiliga tarjima qilgan V. Erskin hamda Djon Leyden Boburga baho berarkanlar “Biz Osiyodagi hukmdorlar ichida Bobur singari zukko va talantli kishilarni kamdan-kam uchratamiz. Undagi aqlning aktiv faoliyati, xushchaqchaq, sovuqqonlik, bevago taqdirning nayranglaariga qaramay, ruhining tetiklifi, podshohlar orasida kamdan-kam uchraydigan saxiylik, mardligi, iste’dodliligi, fanga, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug’ullana olishi jihatdan olib qaraganda, Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta ham podshoh topaolmaymiz”, – deb yozadilar.

XIX asrning ingliz olimi Eduard Xolden Bobur haqida quyidagi so’zlarni yozib qoldirgan: “Bobur olijanoblikda qanday xislatlar bor bo’lsa, ularning barchasini egallagan. Agar vaqt va sharoitning xilma-xilligini nazarga olinsa, u paytda Bobur lashkarboshi, ma’mur va adabiyotchi sifatida Tsezar bilan bir qatorda turishga arzimaydigan bo’lib ko’rinmaydi. Boburning xarakteriga qaraganda sevishga arziydigan xarakterdir”.

Shuningdek, yirik sharqshunos S.P.Tolstov ham Bobur haqida quyidagi satrlarni yozgan: “Farg’onalik Zahiriddin Muhammad Bobur – Sharqdagi uyg’onish davrining eng atoqli siyosat va madaniy arboblaridan biridir”. Boburning merosi xilma-xildir. U ham shoir, ham yozuvchi bo’lgan, u muzika ilmi, she’riy uslub hamda harbiy san’at haqida ilmiy risolalar yozgan. Ammo uning bu asarlaridan ko’plari hozirgacha topilamagan yoki bizgacha yetib kelmagan. Uning “Boburnoma”dan tashqari “She’rlar devoni” bo’lib, mazkur devon Boburning Lutfiy va Navoiydan qolishmaydigan darajada yetib bir lirik shoir ekaniga dalildir. Bobur o’zining “Mubayyin” nomli asarida soliq soliq tartiblari, ekin maydonlarini tayinlash, qanday yerlardan qaysi hajmda soliq olishni shariat mezoni bilan o’lchab, chiroyli nazm bilan yozgan. Taxminlarga ko’ra, har holda, Bobur mazkur asarini o’g’li Humoyun Mirzoga atab yozgan bo’lishi kerak. Chunki quyidagi misralar yuqorida aytilgan taxminni yoritadi.

Bilgaysen, ey xujastayi farzand,
Jigarim bilan jonimga payvand.
Mas’alalarkim, ul zarur erdi.
Yetdi ko’nglimga kim, yig’ishtirsam
Tonglaliq kundakim hisob o’lg’ay,
Manga ajru sanga savob o’lg’ay.
Ja’mida sa’yu ehtirom qilay.
Seni otingg’a men tamom qilay.
Dinu donishda har kun afzun bo’l,
Davlatu baxt ila Humoyun bo’l.
Komron bo’l, jahonda davlat ko’r.
Yuz tuman obro’-yu izzat ko’r.
Bu demakdin g’arazkim erdi bas.
She’ru shoirlik ermas erdi havas.
Yil to’qqiz yuz yigirma sekiz edi,
Fiqhda Bobur ushbu nazm dedi.

Zotan mazkur g’azalda o’z o’g’li Humoyun Mirzo bilan Komron Mirzolarning nomini tilak sifatida zikr qilib o’tgan.

Bundan tashqari, Bobur Xo’ja Axrorning tasavvufga doir “Volidiya” nomli asarini nazmga solib, eski o’zbek tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, Bobur aruz ilmiga mansub bo’lgan “Muxtasar” nomli qimmatli asarning ham muallifidir. Bu asarning yagona mo’tabar nusxasi Parij Milliy kutubxonasi fondida saqlanayotir. Parij Milliy kutubxonasida saqlanayotgan, 1533-1554 yillarda Hoji Muhammad Samarqandiy tomonidan ko’chirilgan mazkur qo’lyozma nusxasi 1971 yilda O’zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi tarafidan birinchi marta nashrga tayyorlandi.

Bobur alifbe masalalari bilan ham shug’ullangan. U alohida xat turi – “Xatti Boburiy”ning ixtirochisidir.

Zahiriddin Muhammad Bobur ismi lug’aviy ma’nosi – “Yo’lbars”dir. Uning jismi ismiga monand bo’lib, yo’lbarsdek kuchli, dovyurak, abjir va epchil bo’lgan. Epchillikda unga teng keladigan odam kam topilgan. U shunchalik kuchli va chapdast bo’lganki, ikki qo’ltig’iga ikki odamni olib, qal’a devori ustida yugurib mashq qilgan. Har qanday xavf-xatar va qiyinchiliklarni pisand qilmagan. Barcha mushkul masalalarni sovuqqonlik va aql tarozusi bilan hal qilgan. U ajoyib suzuvchi va g’avvo ham bo’lgan. Binobarin, o’z yo’lida uchragan barcha daryolardan (Ganga daryosi bundan mustasno) suzib o’tgan.

Naql qilishlaricha, Bobur podshoh bir kun o’z mulozimlari bilan ulkan daryo bo’ylab sayr qilib yurardi. Podshohdan norozi bo’lgan bir guruhlar uni qatl qilish uchun mohir xanjarboz hinduni yollashadi. Mazkur hindu uzoqdan turib o’z raqibiga xanjar otishda shunchalik chapdast ekanki, otilgan xanjar raqibning tomog’iga bexato sanchilib, til tortmay o’ldirar ekan. Hindu xanjarini eng ichiga berkitib asta-sekin yurib Bobur podshohga yaqinlasha boshlaydi. Shu payt qirg’oqda yugurishib o’ynab yurgan norasida bolalardan biri – olti yoshlik hindu bolasi nogoh daryoga tushib ketadi va qudratli daryo mavjlari uni o’rab, oqizib keta boshlaydi. Bu fojiali voqeani ko’rgan Bobur podshoh atrofidagi mulozimlarga hech narsa demay, darhol o’zini daryoga otib, hindu bolasini halokatdan qutqarib olib chiqadi. Podshoh tomonidan sodir bo’lgan ajoyib insonparvarlik, mehr-shafqat va oliy fazilatni ko’rgan haligi hindu hang-mang bo’lib qoladi-da, bir ozdan so’ng es-hushini yig’ib olgach, podshoh huzuriga borib ta’zim qilgach, xanjarini podshohga uzatib, “Ey olampanoh! Mana bu xanjarni qo’lingga ol-da, mening ko’ksimni pora-pora qilib tashla. Chunki men sening oldingda gunohkormen. Zero, shirin joningga qasd qilmoqchi edim. Ammo sening insonga bo’lgan mehr-shafqating, muruvvating va bahodirliging qarshisida boshimni egib, taslim bo’laman. Hamda sening qatlingga meni oyoqlantirgan mal’unlarga la’natlar o’qiyman! Ey olijanob podshohim, olampanohim! Agar istasang o’la-o’lgunimcha huzuringda qolib, sadoqat kamarini belga bog’lab xizmatingda bo’lay”, – deydi.

Darhaqiqat, Zahiriddin Muhammad Bobur podshohning hayot tarzini ifodalovchi tarixiy asarlar, rivoyatlar va naqllarda uning adolatli, imoni barkamol musulmon va oq ko’ngilli pok inson ekanligi haqida yozilgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur mashhur “Boburnoma” asarining bir necha sahifalarida o’zining xotinlari va farzandlarining ismini yozib qoldirgan. Lekin Bobu podshohning xotinlari, o’g’illari va qizlarining mukammalroq ro’yxatini uning qizi Gulbadan begimning “Humoyunnoma” asarida uchratish mumkin. Chunonchi, Bobur besh yasharlik vaqtidayoq Samarqandda o’z amakisi – Samarqand hukmdori Sulton Ahmad Mirzoning qizi Oysha Sulton begimga beshikketti qilingan va unga uylangan. Biz avvalgi sahifalarda Boburning ikki xotini Oysha Sulton begim va Zaynab Sulton begim haqida eslatib o’tdik.

Bobur Mirzoning uchinchi xotini Muhim begim edi. Mohim begim Bobur podshoh haramidagi barcha xotinlaridan o’ktami edi. Mohim begim husn-latofatda beniyoz, aql-idrokda benuqson, tadbirkor va xushfe’l ayol bo’lgan. Kezi kelganda saltanat ishlarida yetuk maslahatdon ham edi. Mohim begimdan besh farzand dunyoga keladi. Jumladan, Humoyun Mirzo, Borbo’l Mirzo, Mehr Jahon begim, Eshon Davlat begim va Foruq Mirzo. Bulardan faqat Humoyun Mirzodan boshqasi yoshligidanoq o’lib ketadilar.

Bobur podshohning to’rtinchi xotini Gulruh begim edi. Bobur podshoh Gulruh begimga 1508 yilda uylangan edi. Gulruh begimdan Komron Mirzo, Askariy Mirzo, Shohruh Mirzo, Sulton Ahmad Mirzo va Guli’zor begimlar tug’ilgan. Biroq Komron Mirzo bilan Askariy Mirzodan boshqalari yoshligida vafot qilganlar.

Bobur podshohning beshinchi xotini Dildor begim edi. Dildor begimdan Gulrang begim, Gulchehra begim, Hindol Mirzo, Gulbadan begim va Olur Mirzolar tug’ilganlar. Olur Mirzo o’limidan keyin savdoyi bo’lib qolgan onasi Dildor begim har holda keyinchalik yana sog’ayib ketgan bo’lishi ehtimol, chunki Dildor begimning Humoyunshoh hukmdorlik davrida ham saroy yig’ilishlarida, anjumanlarida ishtirok qilgani haqida Gulbadan begim mufassil ma’lumot beradi. Oltinchi xotini Ma’suma Sulton begim haqida o’tgan sahifalarda eslatildi.

Bobur podshohning yettinchi xotini Mehri begim edi, undan bitta qiz tug’ilib, ismini Mehrjon begim deb ataganlar.

Bobur podshohning sakkizinchi xotini Afg’oniy og’acha edi. U Malik Mansur Yusufzayning qizi edi. Afg’oniy Og’achaning asl nomi Bibi Mubarakadir.

Afg’oniston va Pokistonning Subai Sarhad viloyatidagi pashtunlarning folklore asarlarida Bobur nomi alohida ehtirom bilan tilga olinadi. Ayniqsa, Yusufzay qabilasi orasida “Bobur va Bibi Muboraka” nomli afsona qadimdan hikoya qilib kelinadi. Mazkur asarda naql qilinishicha, yoz kunlarining birida Bobur podshoh darvesh libosida Yusufzay tog’ yon bag’ridan oqib chiqayotgan buloqdan ko’zachada suv olayotgan Bibi Muborakaga ro’para kelib qoladi. “Darvesh” bilan go’zal qiz orasida otashin va pok muhabbat paydo bo’ladi. Pashtun malagining chiroyiga mahliyo bo’lgan “darvesh” ertasiga uning ota-onasiga sovchi yuboradi. Shundan so’ng Bobur podshoh bilan Bibi Muborakaning to’yi bo’ladi. Keyinchalik Bobur podshoh Bibi Muborakani o’zi bilan Hindistonga olib ketadi. Afg’onistonlik Habibiyning ma’lumotiga qaraganda, Bobur podshoh bilan Bibi Muborakaning nikohi 1516 yilda bo’lgan. Bibi Muboraka Yusufzay qavmidan Shoh Mansur Bojavuriyning qizi edi. “Humoyunnoma” da Bibi Muborakani – Afg’oniy Og’acha deb berilgan. Bibi Muboraka Sher Shoh Suriy zamonasida Boburning xokini Kobulga keltirib dafn ettiradi. So’ngra u Hindistonda to Akbar podshoh zamonasigacha yashagan. Bibi Muborakaning Bobur podshohdan farzandi bo’lmagan.

Bobur podshoh to’qqiz o’g’il va to’qqiz qizning otasi bo’lgan. Biroq ularning o’n bittasi yoshligida vafot qilganlar. Bobur podshoh vafotida hayot bo’lgan farzandlari – Humoyun podshoh, Komron Mirzo, Askariy Mirzo, Hindol Mirzo, Gulrang begim, Gulchehra begim va Gulbadan begim edilar.

Gulrang begim va Gulchehra begimlar Bobur podshohning Dildor begimdan tug’ilgan qizlaridir. Bobur podshoh o’lim to’shagida yotgan chog’ida katta xotini Mohim begimni o’z huzuriga chorlab, “Gulrang begim bilan Gulchehra begimni shavharga (erga) uzatish lozim. Binobarin, fikrimcha, Gulrang begimni Eson Temur Sultonga, Gulchehra begimni esa To’xta Bug’a Sultonga uxzatilsa xo’bro’q bo’lur”, – degan buyruqni beradi.

GULBADAN BEGIM Bobur podshohning Dildor begim nomli xotinidan tug’ilgan uchinchi qizidir. Gulbadan begim 1523 yilda Kobulda tug’ilgan. Gulbadan begim otasi Bobur podshohning farmoniga ko’ra, katta onasi Mohim begim qo’lida tarbiyalanadi.

Gulbadan begim 1529 yilgacha Kobulda yashaydi. Bobur podshoh Hindistonni qo’lga kiritgach, Mohim begim bilan birga podshoh otasining huzuriga – Agraga boradi. Otasi Bobur podshoh vafotidan so’ng, akasi Humoyun podshoh saroyida yashaydi. 1539 yilda Gulbadan begimni Hizr Xo’jaxonga turmushga chiqadilar. U bir o’g’il tug’adi, ismini Saodatyor qo’yadilar. 1556 yil Humoyun podshoh vafotidan so’ng saltanat taxtiga uning o’g’li Jaloliddin Akbarshoh o’tigach, shohning onasi Hamida bonu bilan Gulbadan begim saroyga – Dehliga qaytib keladilar. Ana shundan so’ng, Gulbadan begim to umrining oxirigacha jiyani Akbar podshoh saroyida yashaydi.

Gulbadan begim o’z zamonasining eng o’qimishli, oqila va donishmand ayollaridan edi. U jiyani Jaloliddin Akbar podshohning “Firdavs makon va jannat oshyon Hazrat haqidagi voqealardan nimaiki bilsangiz, yozingiz, degan ishorasifa muvofiq, “Humoyunnoma” nomli ajoyib va muhim asarni yozadi. “Humoyunnoma” Bobur podshoh bilan Humoyun podshohning hayot tarzi va sarguzashtlarining muxtasar tarixi bo’lib, mantiqan “Boburnoma”ning davomidir. Bu asarning muhimligi yana shundaki, “Boburnoma” asaridagi ayrim voqealarning kelib chiqish sabablarini mukammal ochib beradi. Ammo asarning oxirgi qismi o’sha zamonning suronli yillarida yo’qolib ketgan.

Gulbadan begimning “Humoyunnoma” asari tarix, jug’rofiya, etnografiya, til va adabiyot faniga qiziquvchilar uchun muhim manba bo’lib xizmat qiladi.

“Akbarnoma” muallifining yozishiga qaraganda, 1575 yilda Gulbadan begim Makka ziyoratiga ketadi va 1582 yilda ko’p qiyinchiliklar bilan ziyoratgohdan qaytib keladi.

Gulbadan begim 1603 yilda 80 yoshida vafot etadi. Akbar podshoh uni katta hurmat bilan dafn etadi. “Akbarnoma” muallifi Abulfazlning yozishicha, Akbar podshohning o’zi o’g’il sifatida uning tobutini ko’tarib, dafn marosimida o’g’illik vazifasini e’timomiga yetkazadi.

NOSIRIDDIN HUMOYUN PODSHOH Zahiriddin Muhammad Boburning eng katta o’g’li bo’lib, 1508 yil mart oyida Kobul arkida Mohim begimdan tug’ilgan. Humoyun yaxshi ma’lumotli, yumshoq tabiatli oddiy odam edi. Garchi qahramonlikka xos xislatlari mavjud bo’lsa-da, biroq qat’iyatsizlik undagi asosiy nuqson edi. U 1530 yil dekabr oyida 23 yoshida taxtga o’tiradi va o’zini Humoyun podshoh deb ataydi. Humoyun o’zining qat’iyasizligi tufayli o’z ukalariga nisbatan taxtga – podshohlikka noloyiqroq ko’rinardi.

Bobur podshoh vafot qilganda hali Bengaliya qo’lga kiritilmagan, ko’pgina afg’on amirlari markaziy hokimiyatni tan olmas edilar. Bu ham yetmagandk, Humoyun taxtga o’tirishi bilan janjalkash ukalari har xil ig’vo va fasodni qo’zg’ay boshlaydilar. Humoyun podshoh ukalarining da’vosini tinchitish maqsadida, katta ukasi Komron Mirzoga Kobul bilan Qandahordan (Kobul va Qandahor avvaldan Komron Mirzo tasarrufida edi) tashqari Panjob va Hind vohasini, o’rtancha ukasi Askariy Mirzoga Mevatni, o’z ulusi bo’lmish Sumbulni esa kichik ukasi Hindol Mirzoga in’om qiladi. Humoyun podshohning mazkur tadbiri o’z manfaatlariga zid bo’lib, markaziy saltanat qudratini nihoyat darajada mushkul ahvolga solib qo’ygan edi. Natijada, markaziy saltanat, qo’shinning moddiy taqdirini hal qiluvchi iqtisodiy markazlardan mahrum bo’lib qolgan edi. Ikkinchidan, Gujarot podshohligi hamda Bengaliya va Biharda hukmronlik qilayotgan zabardast afg’on feodallari Humoyunga qarshi kurashga hozirlik ko’rayotgan edilar.

Humoyun podshoh o’z hukmronligining dastlabki yillarida afg’on feodallariga qarshi kurashda katta mahorat ko’rsatdi. Shuningdek, marhum Ibrohim Lo’diyning ukasi Muhammad Lo’diyga qarshi qattiq jangler olib bordi. 1532 yilda Muhammad Lo’diy mamlakatning sharqiy chegarasiga bostirib kiradi. Biroq Laknau yaqinidagi jangda qattiq zarbaga uchraydi. Shuni ham aytish lozimki, Muhammad Lo’diyning tarafdorlaridan Sherxon (Shershoh) nomi bilan mashhur bo’lgan afg’on amir bor edi. Sherxon afg’on amirlari orasida o’zining qat’iyatli va jasurligi bilan dong chiqargan edi. Sherxon yoshligida Dehlining sobiq sultoni marhum Ibrohim Lo’diyning saroyida bir guruh askarga boshchilik qilardi. Ibrohim Lo’diy Bobur podshoh tomonidan tor-mor etilgach, Sherxon Bobur podshoh xizmatiga o’tib, lashkarboshilik mansabiga ko’tarilgan hamda Bobur podshoh qo’shinida ko’zga ko’ringan lashkarboshilardan edi. Keyinchalik, Bobur podshoh Sherxonni Bihar viloyatiga hokim qilib tayinlagan edi.

Bobur podshoh vafotidan so’ng Humoyun shohning hukmronlik davrida ichki va tashqi nizolarning vujudga kelishidan foydalangan Muhammad Lo’diy qo’ldan ketgan hokimiyatni, ya’ni akasi marhum Ibrohim Lo’diyning hokimiyatini qayta tiklashga jazm qiladi. Muhammad Lo’diy Biharni bosib olganda Sherxon unga bay’at bildiradi va uni tomonida turib Humoyunga qarshi kurashadi. Biroq tez kunda Muhammad navbatdagi janglardan birida o’ldirilgach, Sherxon Bihar viloyatida o’zini mustaqil hukmdor deb e’lon qiladi. 1537-1540 yillar mobaynida Sherxon Humoyunga qarshi bir necha marta urush qilib, nihoyat 1540 yilda Dehlini bosib oladi va Humoyunni ta’qib qilib, sekin-asta uning yerlarini tasarruf qila boshlaydi. Nihoyat, oxirgi jangda Sherxon Humoyun lashkargohiga shabixun urib, Humoyunning deyarlik barcha askarlarini qirib tashlaydi. Humoyunni o’zi esa o’ng qo’lidan yaralanib, mo’jiza yuz berib omon qoladi. Hatto Humoyun haramining bir qismi Sherxon qo’liga tushib qoladi.

Humoyun qolgan askarlari bilan Kobulga qochadi. Lekin Kobul hukmroni Komron Mirzo akasi Humoyunni Kobulga kiritmaydi. Humoyun ko’p qiyinchiliklar bilan ikkinchi ukasi Qandahor ko’p qiyinchiliklar bilan ikkinchi ukasi Qandahor ukasi Qandahor hokimi Askariy Mirzo huzuriga boradi. Biroq Askariy Mirzo ham akasini shaharga kiritmaydi. Ana shundan so’ng Humoyunning darbadarlik davri boshlanib, u viloyatdan bu viloyatga o’tib, biridan marhamat kutib, ikkinchisidan quvg’in bo’lib, sarson-sargardonlikda yuradi. Ayni paytda Shershoh Humoyunni ta’qib qilib Loxurgacha keladi. Humoyun Loxurdan Rojputga boradi. Rojput hokimi Humoyunni shaharga kiritmaydi. Humoyun nochor ahvolga tushib, dashtu sahrolarda izg’ib yurishga majbur bo’ladi. Humoyun ana shunday ayanchli holda och-nahor qochib yurgan kezlarida ham dushman ta’qibidan qutilmaydi. U qaysi viloyat yaqinidan o’tsa, o’sha viloyat hukmdorlari uning ketidan quvib jang qilardilar. Shershoh esa hali ham Humoyunni ta’qib qilardir. Humoyun qayerga borsa, u yerda ko’p turolmas va qarorgohni yangilashga majbur bo’lardi. Humoyun bir yil davomida darbadarlikda yurgach, nihoyat Qandahor hukmroni – ukasi Askariy Mirzodan ko’mak istab shaharga yaqin boradi. Biroq Askariy Mirzo yordam berish o’rniga uni asir olishga urinadi. Humoyun ukasidan qochib Kazvinga keladi. Gulbadan begimning yozishicha, Eron shohi Taxmosp Humoyunni yaxshi qabul qiladi va u 1544 yilgacha Eronda qoladi.

Humoyun Eron shohi Taxmospdan (1524-1576) yodam so’raydi. Shoh Taxmosp esa Qandahorni Eronga qo’shib olish ilinjida, Humoyunga 14 ming piyoda askar beradi. Humoyun shu yili Qandahorga hujum boshlaydi. 1545 yilda Humoyun ukasi Askariy Mirzoni yengib, Qandahorni qo’lga kiritgach, shaharni Shoh Taxmospning o’g’liga topshiradi. Biroq ko’p o’tmay shoh Taxmospning o’g’li shahzoda vafot etadi. Qandahorga esa Bayramxon hokim qilib tayinlanadi.

Humoyun endi Kobulga – ukasi Komron Mirzoga qarshi yurish boshlaydi. Bu xabarni eshitgan Komron Mirzo Kobulmni tashlab Hindistonga qochadi. 1545 yilning kuzida Komron Mirzo Hindikushdan o’tib, Badaxshonni egallaydi. Humoyun Badaxshonga askar tortib boradi va Badaxshonni qo’lga kiritgach, o’zi kasal bo’lib yotib qoladi. Komron Mirzo Badaxshondan qochib chiqarkan, akasi Humoyunning betobligini eshitgach, tezlikda Kobulga kelib, qal’ani egallaydi. Gulbadan begim bu voqeani quyidagicha izohlaydi: “Mirzo Komronning odamlari Hisor (qal’a) darbonlarini (soqchilarini) ushlab oldilar va Mirzo Komron oldiga olib keldilar. U kishi qamanglar deb buyurdilar. Shundan keyin Mirzo Komronning odamlari Hisorning tepasiga chiqib ketishdi. Haram ahlining behisob narsalarini talon-taroj qilib, Mirzo Komron sarkorining qo’liga topshirdilar. Begimlarning kattalarini Mirzo Askariyning uyiga kiritib, uyning eshitini g’isht bilan urib, ganch bilan suvab berkitdilar. Shu uy to’rt devorining tepasida begimlaar osh va suv berar edilar”.

Bu xabarni bemor yotgan Humoyunshoh eshitgach, noiloj to’shakdan turib, Badaxshondan Kobulga kelib, shaharni muxosara qiladi. Komron Mirzo qamalga dosh berolmasligini sezib, Kobulni tashlab qochadi. Humoyunshoh Kobulni qo’lga kiritadi.

Komron Mirzo Kobuldan qochib, Badaxshonga boradi hamda u yerni ishg’ol qiladi. Humoyun Mirzo tezlikda Badaxshonga borib, Komron Mirzoni qarorgohi Toliqonni qamal qiladi. Komron Mirzo noiloj qolib, taslim bo’ladi. Humoyun uning gunohini kechirib, unga Ko’lob viloyatini beradi. Shundan so’ng Humoyun ichki nizolarni biroz tinchitgach, Balx hukmdori Pir Muhammadxonga qarshi yurish qiladi. Biroq, Humoyun askarlari Balx qal’asini ololmay, Dashti Qipchoq tomon yuradi. Humoyun Dashti Qipchoqda boshidan yaralanib Badaxshonga qaytadi. Biroz vaqt o’tgach, Kobulga qaytib keladi. Ammo Komron Mirzo yana Humoyunga qarshi bosh ko’taradi. Aka-uka o’rtasida yana jang boshlanadi. Biroq jangda Komron Mirzo qattiq shikastlanib, Lamg’onot tomonga qochadi.

1553 yilda Komron Mirzo yana qo’shin to’plab Humoyunga qarshi urush boshlaydi. Ammo jangda yengilib, Shershoh Suriyning o’g’li Salimshohning oldiga qochib boradi. Salimshoh Komron Mirzoga yaxshi iltifot ko’rsatmagach, u yerdan kechasi Xushobga qochadi. Lekin chegaraga qo’yilgan odamlar uni ushlab Humoyunga topshiradilar. Bu safar Humoyun ukasi Komron Mirzoning har ikkala ko’ziga mil tortib, ko’r qilish haqida farmon beradi. Humoyun Komron Mirzodan hotirjam bo’lgach, ikkinchi ukasi Askariy Mirzoning gunohini kechirib, uning iltimosiga ko’ra Badaxshonga ketishiga ijozat beradi.

Humoyunshoh noahil ukalaridan forig’ bo’lgach, qo’ldan ketdan Hindiston mamlakatini qaytadan musaxxar qilishga kirishadi. Bu vaqtda Humoyunshohni darbadarlikka mahkum qilgan Shershoh Suriy vafot etgan edi. Shershoh Suriy 1545 yilda Rajputni zabt etgach, Chittorani qamal qiladi. Qamal asnosida shahar ichidan otilgan daydi o’q Shershohga tegib, halok qilgan edi. Taxtga uning kichik o’g’li Jalolxon o’tiradi. Odilshoh qat’iyatsizlik va aysh-ishrat bandasi bo’lgani tufayli saltanatni boshqarolmaydi. Tez kunda uning nabirasi Feruz taxtga o’tiradi. Biroq 1554 yilda Feruz amakishi Odilshoh nomi bilan mashhur bo’gan Muborizxon tarafidan o’ldiriladi. Ayni paytda taxtga yana ikki da’vogar bor edi. Bular Iskandarshoh va Ibrohimshohlar bo’lib, ular o’zlarini shoh deb e’lon qilgan edilar. Chunonchi, Agradan to Malvgacha bo’lgan yerlar Muhammad Odilshohga, hamda Himalay tog’laridan to Gujarotgacha bo’lgan yerlar Ibrohimshohga qaram edi.

Hindistonni qaytadan qo’lga kiritish uchun Humoyunshohda hamma imkoniyatlar mavjud edi. Chunki, asosiy dushman Sur sulolasining o’z ichida hamjihatlik yo’q edi. Binobarin, Humoyunshoh Kobuldan Hindiston tomon yuradi. 1555 yil fevral oyida Humoyunshoh Loxurni qo’lga kiritadi va iyul oyida Iskandarshohning qo’shiniga qattiq zarba berib, Dehlini qo’lga kiritadi hamda Hindistonda Buyuk mo’g’ul imperiyasining asosini tiklaydi. Ammo Hindiston hali butunlay fath etilmagan edi. Biroq Dehli fathidan yetti oy o’tgach, tasodifiy hodisa ro’y berib, Humoyunshoh olamdan o’tadi. Chunonchi, kunlardan bir kun o’rda ichidagi kutubxonada Humoyunshoh munajjimlar bilan suhbatlashayotgan chog’da masjid mezanasidan kechki namozga da’vat etayotgan muazzinning ovozi eshitiladi. Humoyunshoh namozni qazo qilmaslik uchun shoshilib kutubxonadan chiqib, pillapoyaga qadam qo’yadi va nogahon oyog’i toyib, yiqilib pillapoyadan yumalab yerga tushadi. Boshi yorilib, ikki kun yotgach, 1556 yil 24 yanvar kuni 49 yoshida vafot qiladi. Humoyunshoh hammasi bo’lib 25 yil hukmronlik qiladi. Jumladan 15 yil Kobul, Qandahor va Shimoliy Afg’oniston viloyatlarida hukmdorlik qiladi. Humoyunshoh otasi Boburshohdek zahmatkash va faol kishi edi. U ham o’zining qisqa umri davomida juda ko’p zahmatlar chekdi. Lekin noumid bo’lmadi, oqibatda, Hindistondek ulug’ mamlakat hukmronligini qo’lda saqlab qolaoladi. Javohirla’l Neru yozganidek, “Humoyun madaniyatli va o’qimishli kishi edi, ammo, u otasi kabi jangchi emasdi”.

Humoyunshoh yumshoq tabiatli kishi edi. U kitob o’qishni yoqtirari, binobarin, o’zining jang safarlarida ham bir necha kitoblarni birga olib yurardi. U dunyoviy ilmlardan matematika va falakiyotga qiziqar, shuningdek, musiqa tinglashni ham yoqtirar va haftada ikki marta musiqa anjumanida qatnashardi. U asirga tushganlar orasidan musiqa ilmidan xabardor bo’lgan kishilarni ajratib olib, ularga alohida e’tibor bilan qarardi. Humoyunshoh saroydagi faylasuflar, munajjimlar, shoirlar, ruhoniylar va boshqa ahli ilmlar bilan suhbatlar o’tkazardi. U Erondan ikki mohir rassomni Dehliga taklif qilgan, hamda ulardan o’ziga va o’g’li Akbarga rassomlikdan dars berishlarini iltimos qilgan edi.

Humoyunshoh oxirgi vaqtlarda af’yun yeyishga o’rgangan edi. Uning she’riyatga iqtidori kuchli edi, turkiy va forsiy tilida g’azallar bitardi. O’zining g’azallarini to’plab bir devon tartib bergan. Humoyunshohning yettita xotini bo’lib, ulardan besh o’g’il va olt qiz ko’rgan edi. To’ng’ich o’g’li Al’amon Mirzo, keyingisi Ibrohim Sulton Mirzo va Farruhfol Mirzo degan o’g’illari yoshlikda vafot qilganlar. Humoyunshohning birinchi xotini Hamida Bonu begim bo’lib, Jaloliddin Muhammad Akbarshohning onasidir. Ikkinchisi Mohi Chuchuk begim bo’lib, u Muhammad Hakim Mirzo, Farruhfol Mirzo, Baxtiniso begim, Omina Bonu begim va Sakina Bonu begimlarning onasi edi. Uchinchisi Xonish og’o begim bo’lib, u Ibrohim Sulton Mirzoning onasi edi. To’rtinchisi Beka begim bo’lib, u Aqiqa begimning onasi edi. Beshinchisi Bibi Gunnor begim bo’lib, u Baxshi Bonu begimning onasi edi. Oltinchisi Chon begim va yettinchisi Mevajon begim bo’lib, Hadang Yasovulning qizi edi. Humoyunshohning oltinchi qizi – Jahon Sulton begim Kobulni Komron Mirzo zabt qilgan, ikki yoshligida qamalda vafot etgan.

KOMROM MIRZO Zahiriddin Muhammad Boburshohning ikkinchi o’g’lidir. U 1509 yilda Kobulda tug’ilgan. Onasi – Gulruh begim. Komrom Mirzo ham akasi Humoyunshoh kabi o’qimishli va bilimdon kishi edi. Ammo uning tabiatida o’jarlik, takabburlik va shuhratparastlik alomatlari bo’lib, biroq Humoyunshohdan farqli o’laroq jur’atli, qat’iyatli va jang talab kishi edi. U ilm-fan ahliga xayrixoh bo’lib, o’z saroyiga olimlar, shoirlar va adiblarni yig’ar, maxsus anjumanlar o’tkazardi. Kitob yig’ish va kitob mutolaa qilish uning sevimli mashg’uloti edi. O’zi ham turkiy va forsiy tillarda g’azallar yozardi.

Otasi Zahiriddin Muhammad Boburshoh vafot qilganda, Komron Mirzo Kobul va Qandahorda hukmron edi. Ota taxtiga o’tirgan akasi Humoyunshohga nisbatan dushmanlik alomatlari zohir bo’la boshladi. Komron Mirzo ukasi Askariy Mirzo birgalashib, taxtga da’vogar bo’lib, Humoyunshohga qarshi urush harakatlarini boshlaydi. Humoyunshoh janjalkash ukalarini tinchitish maqsadida Komron Mirzoga Panjob va Hind vohasini in’om qiladi. Shunga qaramay Komron Mirzo Humoyunshohga bo’ysunishdan bosh tortadi va dushmanlik harakatlarini to’xtatmaydi. Humoyunshoh Shershoh Suriy bilan jang qilib turgan bir paytda, Komron Mirzo Humoyunshohga yordam berish o’rniga Agraga kelib, Humoyunshohga qarshi bosh ko’targan ukasi Hindol Mirzoga qo’shilib, Agrani ishg’ol qiladi. Natijada Humoyunshoh qo’shinlari Shershoh Suriydan yengilib, Eron chegarasiga qochishga majbur bo’ladi. Eron shohi Tahmospdan yordam olgan Humoyunshoh 1545 yilda Askariy Mirzoni yengib, Qandahorni olgach, Kobulga – Komron Mirzoga qarshi yurish boshlaydi. Komron Mirzo esa Kobulni tashlab Hindistonga qochadi va 1545 yilning kuzida Badaxshonni zabt qiladi. Humoyunshoh Badaxshonga boradi. Komron Mirzo Badaxshondan qochib kelib Kobulni egallaydi. Humoyunshoh yana Kobulga qaytishga majbur bo’ladi. 1548 yili Komron Mirzo Kobuldan qochib Badaxshonga borib, u yerda egallaydi. Humoyunshoh yana Badaxshonga borib, Komron Mirzoni jangda yengib, uning gunohini kechirib Ko’lob hukmronligini beradi. Ammo bir yildan so’ng Humoyunshohning Balxga qarshi qilgan yurishi muvaffaqiyatsiz tugagach, bundan foydalangan Komron Mirzo yana akasiga qarshi jang taraddudiga tushadi. Nihoyat 1550 yilda Kobul yaqinidagi Tangio degan joyda urush boshlanadi. Atrofni xandaq bilan o’rab, ushbu xandaqning ikki tomonida ikki hukmdorning qo’shinlari saf tortadi. Komron Mirzo odamlari tomonidan otilgan o’q xandaq yaqinida turgan Hindol Mirzoga tegib, halok qiladi. Shundan so’ng har ikki qo’shin bir-biri ustiga yopirilib, jang boshlanadi. Jang nihoyasida Komron Mirzo yengilib, jangohni tashlab qochadi. Uning ukasi Askariy Mirzo asirga olinadi.

Komron Mirzo Shershoh Suriyning o’g’li Salimshohning oldiga qochib borib, o’z ahvolini bayon qiladi va undan yordam berishni so’raydi. Gulbadan begimning yozishicha qaraganda, Salimshoh Komron Mirzoning iltimosiga ochiq javob bermaydi, Komron Mirzo tashqariga chiqqach, “o’z ukasini (Hindol Mirzoni) o’ldirgan kishiga yordam berish joizmikan, aksincha bunday odamni yo’qotib yuborish kerak” – deydi. Salimshohning bu so’zi Komron Mirzoning qulog’iga chalingach, o’z odamlari bilan ham kengashmay, kechasi qochib ketadi. Komron Mirzo Xushobga kelib, shu yerda yana yangi isyonga hozirlik ko’rayotgan chog’da, ya’ni 1553 yili shu yerga qo’yilgan Humoyunshoh odamlari uni ushlab, Humoyunshoh huzuriga olib boradilar.

Gulbadan begimning yozishicha, Komron Mirzo dastidan g’am tortgan xonlar, sultonlar va barcha kishilar Humoyunshohga: “Davlat tepasida podshoh bo’lib hukm egasi bo’lgan kishiga birodarlik rasmi manzur bo’lmaydi. Agar birodarlik ro’yxotirini qilsangiz, podshohlikdan keching, agar podshohlikni xohlasangiz birodarlikdan keching” – degan talabni qo’yadilar va “Mamlakatga raxna solganning boshi kesilgani yaxshi”, degan qarorga keladilar. Humoyunshoh noiloj ko’pchilikning talabiga rozi bo’lib, Komron Mirzoning ikki ko’ziga mil torttirib, ko’r qilishni buyuradi.

Komron Mirzoning ko’ziga mil tortilib, ko’r qilingach, u Ka’batullo ziyoratiga jo’nab ketgan. Komron Mirzo bir necha muddat Makkada yashab, 1557 yil 6 dekabrda o’sha yeda vafot etgan. O’sha zamon tarixchilarining yozishiga qaraganda, Komron Mirzoning jasadi Makka shahrining qabristonida, Muhammad payg’ambarning katta xotinlari – Hadichayi Kubroning qabrlarining oyoq tomoniga dafn qilingan.

Komron Mirzodan ikki o’g’il va ikki qiz qolgan. Uning xotini Xonim begim deb atalgan. Katta qizi – Habiba begimni o’zi hayotlik davrida Oq Sulton ismli bekka nikohlab bergan edi. Komron Mirzoning Humoyunga qilgan befoyda jangu-jadallaridan zerikkan kuyovi Oq Sulton qaynotasiga e’tiroz bildirib: “… Siz hamma vaqt hazrat Humoyunshohga qarshi chiqasiz, buning nima ma’nisi bor, sizga bu munosib emas. Hazratning farmonlarini bajaring va itoat qiling yoki menga shunday qilishga ijozat bering, chunki odamlar buni bizdan gumon qilmoqdalar” – deydi. Komron Mirzo esa: “Endi sen ham menga nasihat qiladian bo’lib qoldingmi?”, – deb g’azablaadi. Qaynotasidan bu tariqa istehzoli kinoyani eshitgan Oq Sulton nihoyat darajada achchig’lanib: “Men bundan buyon sizning huzuringizda bo’lsam, halol xotinim xarom bo’lsin!”, – deb, xotinini olib, Komron Mirzodan ajralib Bakharga jo’nab ketadi. Uning ketidan Komron Mirzo Shoh Husayn Mirzoga farmon yuboradi. Farmonda “Oq Sulton bizni xafa qilib ketdi. Agar o’sha tomonga borsa, uni xotini bilan ketishga yo’l qo’ymang. Xotinini ajratib oling, o’ziga xohlagan tarafiga ketishiga ijozat bering” – deyilgan edi. Shoh Husayn farmonga muvofiq, Habiba begimni Oq Sultondan ajratib oladi va o’zi Ka’batullo ziyoratiga ketishga ruxsat beradi.

Komron Mirzoning ikkinchi qizi Oysha Sulton begim edi. Komron Mirzoning katta o’g’li Abulqosim Mirzo bo’lib, 1528 yilda tug’ilib, 1559 yilda vafot etgan. Ikkinchi o’g’li Ibrohim Sulton Mirzo 1530 yilda tug’ilgan va 1553 yilda vafot etgan. Mazkur shahzodalarning hayot tarsi va taqdiri haqida hozircha ma’lumot uchramadi.

ASKARIY MIRZO Zahiriddin Muhammad Boburning uchinchi o’g’lidir. U 1512 yilda Kobulda. Komron Mirzo bilan bir onadan – Gulruh begimdan tug’ilgan. Bobur vafotidan so’ng taxtga o’tirgach, Humoyunshoh ukasi Askariy Mirzoga Mevat viloyatining hukmronligini bergan edi. Gulbadan begimning yozishiga qaraganda, Askariy Mirzo o’z tug’ishgan akasi Komron Mirzoning ta’siriga berilib, Humoyunshohga nisbatan dushmanlik kayfiyatida bo’lib, bir necha marta isyon ko’targan. Askariy Mirzoni qanoatlantirish maqsadida keyinchalik Qandahor viloyatini ham unga topshirgan. Biroq, 1542 yilda Humoyunshoh Shershoh Suriydan yengilib, qayoqqa borishini bilmay, sargardon bo’lib yurgan kezlarida, najot istab Qandahorga – ukasi Askariy Mirzo huzuriga borganda, u akasiga boshpana berib, yordam ko’rsatish o’rniga uni ushlab, asirga olmoqchi bo’ladi. Humoyunshoh ukasining niyatidan voqif bo’lib qolgach, unga chap berib qochadi va shundan so’ng Eronga o’tib ketadi.

Humoyunshoh Erondan yordam olib qaytib kelgach, birinchi navbatda Qandahorga – ukasi Askariy Mirzoga qarshi jang boshlaydi va undan Qandahorni tortib oladi. Keyinchalik Askariy Mirzoning gunohidan o’tib unga G’azna viloyatini beradi. Humoyunshoh Qandahorga uchinchi ukasi Hindol Mirzoni hokim qilib tayinlagan edi. Komron Mirzoning qutqusi bilan Askariy Mirzo yana Qandahorni qo’lga kiritish uhcun shaharni qamal qiladi. Komron Mirzo bilan Askariy Mirzo ukalari Hindol Mirzoni aldab, agar shahar darvozasini ochib, Qandahorni topshirsa, unga G’azna viloyatini berishga va’da qiladilar. Qamal cho’zilib xalq og’ir ahvolda qolganini hisobga olga Hindol Mirzo akalarining taklifini qabul qiladi va Qandahorni tashlab chiqib G’aznaga boradi. Biroq Askariy Mirzo Qandahorga kirib olgach, Hindol Mirzoga G’aznani emas, Lamg’onotni beradi. Bunday riyokorlikdan ranjigan Hindol Mirzo Badaxshonga ketadi.

Humoyunshoh Qandahorga bostirib kelib, Askariy Mirzoni asir oladi va yana uning gunohidan o’tib, unga Toliqonni beradi. 1550 yilda Askariy Mirzo akasi Komron Mirzo bilan birlashib yana Humoyunshohga qarshi bosh ko’taradi. 1551 yilda Kobul yaqinida bo’lgan jangda Askariy Mirzo yana asirga olinadi. Bu safar uning gunohidan kechirilmaydi. O’zining iltimosiga ko’ra, Badaxshonda ham yashay olmaydi. Nihoyat Askariy Mirzo irodayi haj qilib, Ka’batullo ziyoratiga jo’naydi. 1554 yilda, Abul Fazlning ma’lumotiga ko’ra, 1558 yilda Askariy Mirzo Shom (Suriya) bilan Makka oralig’idagi vodiyda olamdan o’tadi va Makka shahridagi qabristonda akasi Komron Mirzo qabrining ro’baro’siga dafn qilinadi.

Tarixchilarning bergan guvohligiga qaraganda, Askariy Mirzo harbiy ishda salohiyatli, o’qimishli, adib va shoirtabiat kishi bo’lgan. Uning xotini Sultonim begim edi. Undan farzand qolgan-qolmaganligi ma’lum emas.

HINDOL MIRZO Zahiriddin Muhammad Boburshohning to’rtinchi o’g’li bo’lib, 1518 yilda Kobulda tug’ilgan. Onasi Dildor begim edi. Hindol Mirzoning tug’ilgan xabari kelganda, Boburshoh Bahrani olgan, ya’ni Hindistonni fath qilishga kirishgan davri edi. Binobarin, yangi tug’ilgan farzandiga “Hindni ol!” ramziy ma’nosida Hindol deb ism qo’ygan edi.

Boburshoh hayotlik davrida Badaxshon hukmroni Mirzoxon vafot (1526) etgach, Badaxshonni idora qilish uchun Humoyun Mirzoni Badaxshondan o’z huzuriga chaqirib olganda, Humoyun Mirzo o’z o’rniga ukasi Hindol Mirzoni qo’yib kelgan edi. Biroq vaqt o’tgach, Boburshoh Mirzoxonning o’g’li Sulaymon Mirzoni Badaxshonga hokim qilib tayinlaydi va u yerdan o’g’li Hindol Mirzoni o’z huzuriga chaqirib oladi.

Humoyunshoh taxtga o’tirgach, ukasi Hindol Mirzoga Mevat va Olur viloyatlarining hukmronligini bergan edi.

1538 yili Humoyunshohning qat’iyatsizligi tufayli vujudga kelgan ichki nizolardan foydalangan Shershoh Suriy Bihar, Jinpur va Kanaujgacha bo’lgan yerlarni bosib oladi. Shu asnoda Hindol Mirzo Humoyunshohga qarshi bosh ko’taradi va Agra shaharini bosib oladi hamda o’zini podshoh deb e’lon qiladi. Biroq Komron Mirzo o’z qo’shini bilan kelib, Hindol Mirzoni o’ziga bo’ysundirib, Agrani undan tortib oladi. Ammo tez fursatda Shershoh Suriy Agra va boshqa shaharlarni birin-ketin bosib olgach, Komron Mirzo bilan Hindol Mirzo Kobulga qochib, borib, jon saqlaydilar.

1544 yilda Humoyunshoh Erondan qaytib kelgach, boshqa ukalari qatori Hindol Mirzoning ham gunohini kechiradi va u umrining oxirigacha akasi Humoyunshohga sodiq qoladi.

1551 yildagi “handaq janggi”da Hindol Mirzo Komron Mirzo odamlari tomonidan yaralanadi va o’sha kuni olamdan o’tadi. Hindol Mirzoning jasadi Kobulda otasi Boburshoh maqbarasi yoniga dafn etiladi. 1607 yilda Nuriddin Muhammad (Salim) Jahongirshoh bobokaloni Zahiriddin Muhammad Boburshoh qabrini ziyorat qilish uchun Kobulga kelganda Hindol Mirzoning qabriga lavha o’rnatishga farmon beradi.

O’sha davr tarixnavislarining yozishicha, Hindol Mirzo dilovar va olim kishi bo’lgan. Uning saroyida olimlar, shoirlar va din ahllari tarbiyat topganlar. U she’riyatga qiziqar, o’zi ham turkiy va forsiy tillarda g’azallar bitardi. Hindol Mirzoning xotini Mahdi Xo’janing singlisi Sultonim begim edi. Hindol Mirzodan farzand bor-yo’qligi haqida ma’lumot uchratmadik.

JALOLIDDIN MUHAMMAD AKBARSHOH Humoyunshohning katta o’g’lidir. U 1542 yil 15 oktabrda harbiy safar paytida tug’iladi. Onadi Hamdi Bonu begimdir. Akbarshohning yoshlik davri otasi Humoyunshohning uzluksiz jangu jadallar va darbadarlikda yurgan davriga to’g’ri keldi. Humoyunshohning Sirhinddagi g’alabasidan so’ng, 1555 yil 22 iyunda Akbarshoh rasmiy ravishda valiha deb e’lon qilinadi. Shu yili noyabr oyida esa Humoyunshoh o’g’li Akbarshohni Panjobga hokim qilib, yoniga Bayramxonni otabek qilib tayinlaydi. 1556 yil yanvar oyida Humoyunshohning to’satdan vafot qilgan xabari Panjobga yetib keladi. 14 fevralda esa Panjobning Kalanaur bog’ida Akbarshohni taxtga o’tirish marosimi bo’lib o’tadi.

Humoyunshohning fojiali o’limi sabab, taxt talashuvlar boshlanib ketadi.

Chunonchi, Dehli taxtiga da’vogarlardan afg’on Odilshoh bor edi. U Xemu nomli sardorini 50 ming otliq askarga lashkarboshi tayinlab, mingga yaqin jangari fillar hamda 51 dona zambarak bilan Dehliga yurish boshlaydi. Dehli noyibi Turdibekxon harchand qarshilik ko’rsatsa-da, biroq Xemu uni yanchib tashlaydi. Shu asnoda Panjobdan Akbarshoh bilan Bayramxon o’n ming qo’shin bilan Dehliga yetib kelib, Xemuning zambaraklarini qo’lga kiritadilar. Bu jangda Akbarshoh qo’shini zo’r harbiy iste’dod va mahurat ko’rsatadi. Jangda Xemuga o’q tegib, yarador holda asirga olinadi va qatl qilinadi. Natijada, Sur sulolasiga mansub bo’lgan afg’onlar harakati butunlay tarqalib ketadi. Endilikda Dehli va Agra uchun hech qanday xavf qolmagan edi.

Akbarshoh hokimiyatga kelishi bilanoq, otasi Humoyunshoh davri qo’ldan ketgan yerlarni yana imperiyaga qayta qo’shish boshlangan edi. Akbarshoh butun Shimoliy Hindistonni, hatto, janubni ham fath etgandi. U Gujarot, Bangola, Sind, Kashmir va Orissani o’z tasarrufiga kiritadi. U hatto Markaziy va Janubiy Hindistonda ham g’alaba qozonib, u yerlardan o’lpon undiradi.

Jahonga mashhur davlat arbobi Javohirla’l Neru Akbarshoh haqida ehtiros bilan shunday yozadi: “Akbar 1556 yildan to 1606 yilgach, qariyb ellik yil Hindistonda hukmronlik qildi. Akbar nomi Hindiston tarixida buyuk nom bo’lib, ayrim jihatlari Ashokani eslatadi. Ajablanarlisi shuki, Hindistonning eramizdan avvalgi uchinchi asrida yashagan buddoyi imperatori Ashoka bilan Hindistonda eramizning o’n oltinchi asrida yashagan musulmon imperatori Akbar deyarli aynan bir xil mavzularni tilga olib, bir so’zlarni ishlatishgan. Butun Hindiston shu ikki buyuk farzandining tilida so’zlagan bo’lsa ajab emas”.

Akbarshoh Zahiriddin Muhammad Boburshoh asos slogan sulolaning uchinchi hukmdori edi. Akbarshoh aql-idrok va o’tkir zehn sohibi edi. Akbarshoh cheklanmagan hokimiyat egasi – mustabid shoh edi. Akbarshoh garchi mustabid hukmron bo’lsa-da, lekin hokimiyatni boshqarishda aql mezoni bilan ish tutib, o’ta tadbirkorlik bilan dono siyosat yuritadi. Binobarin, ana shu davrdan boshlab Zahiriddin Muhammad Boburshoh asos slogan davlat butun dunyoga mashhur bo’ladi va Yevropada bu davlatni “Buyuk mo’g’ul imperiyasi” deyish odat tusiga kiradi.

Akbarshoh davrida Buyuk mo’g’ul imperiyasiga shimolda Tibet chegaralaridan janubdagi Godavari daryosigacha va g’arbda Gujarotdan shaqda Bangol qo’ltig’igacha bo’lgan ulkan yerlar kirgandi. Rajputan hokimliklari – Mevar, Marvar (Amber) hamda Gondvanadagi bir necha mayda hind rojaliklari ham Akbarshoh qo’l ostida edi. Shuningdek, Malva, Berar, Xandesh, Gujarot, Kashmir va Ahmadnagardagi musulmon hokimliklarning bir qismi, keyinchalik Qandahor ham Akbarshoh imperaiyasiga qo’shib olingan edi.

Akbarshoh bobosi Boburshohga o’xshash mard jangchi va iqtidorli sarkarda edi. U hech qchon urush qilishdan qochmasdi, lekin qilich bilan qozonilgan g’alabadan ko’ra, mehr-shafqat va hamiyat bilan erishilgan g’alabani afzal ko’rardi. U hind xalqining farovonligi yo’ida juda ko’p va g’ayrat sarfladi. Akbarshoh Hindistonda mavjud bo’lgan islom dini bilan hinduizm dinini bir-biriga yaqinlashtirishga harakat qiladi. Natijada uning o’zi ijod etgan yangi din – “dini ilohiy”ni vujudga keltirdi. Ammo uning bu “yangi dini” ravnaq topmadi. Aksincha, musulmon ruhoniylarining g’azabini keltirib, o’ziga dushman orttirdi. Shunga qaramay, Akbarshoh asta-sekin hind ommasining va hind zodagonlarining e’tiborini qozona boshladi. U musulmon bo’lmagan kishilardan olinadigan jon solig’i – juziyani bekor qildi. O’zi esa aslzoda Rajput oilaasiga mansub bo’lgan qizga uylandi. O’z o’g’lini ham keyinchalik Rajput qiziga uylantirdi. U hind zodagonalarini o’z saroyidagi eng yuqori mansaablarga tayinladi. Zotan, Akbarshohning eng jasur lashkarboshilari, eng iste’dodli va tadbirkor vazirlari hamda viloyatlardagi noiblarning ko’pchiligi hindlardan edi. Mana shunday tadbirkorlik natijasida omma orasida zo’r shuhrat qozondi. U bilimga ishtiyoqmand bo’lib, juda ko’p narsalarga qiziqardi. Chunonchi, harbiy bilim va siyosat sohasida yetuk bilimdon bo’libgina qolmay, ko’pgina kasb-hunarlardan ham yaxshi xabardor edi. Akbarshoh o’z atrofiga ko’pgina iqtidorli, sadoqatli kishilarni to’plashga erishgandi. Chunonchi, Abulfazl, Birbol eng yaqin yordamchilari edi. Uning moliya vaziri Todar Mal Akbarshohning farmoniga ko’ra soliq solish nizomini qaytadan ishlab chiqdi. Jaypurlik Roja Man Singx shohning eng iste’dodli lashkarboshisi edi.

Akbarshoh jismonan g’oyat kuchli, g’ayratli odam edi, u o’ta xavfli vahshiy hayvonlarni ov qilishni yaxshi ko’rardi. Uning biror kimsadan dili og’risa ham unga nisbatan muloyim va marhamatli bo’lishga harakat qilardi. U kamdan-kam g’azablanardi, agar g’azablanguday bo’lsa, atrofidagilar uning g’azabiga dosh berolmasdilar. Lekin g’azabi uzoqqa cho’zilmadi. U g’oyat darajada besaranjom umr kechirdi. Chunki uning umri o’zining ulkan mamlakatini birlashtirish tashvishida va bosqinchilik yurishlarda o’tdi. U o’zini qiziqtirgan savollarga javob beraoladigan har qanday odamni o’z huzuriga chorlab undan javoblar olardi. Shuningdek, xilma-xil din va mazhablarga mansub bo’lgan ruhoniylarni yig’ib, diniy mavzularda munozaralar olib borardi.

Akbarshoh ilm-ma’rifatga nihoyatda tashna edi. Uning hukmronlik davrida (1556-1605) maxsus davlat tasviriy san’at korxonasi va rasmlar bo’lmasi – naqqoshlik ta’sis etilgan. Naqqoshxonada Hirot rangli nafis suratlar (minityura) maktabi namoyandalarining nodir tasviriy san’at asarlari ko’z qorachig’idek saqlanar va bu ijodiy kamolot namunalari asosida talablarga dars berilardi. Akbarshohnign farmoniga muvofiq “Boburnoma”, “Temurnoma”, “Chingiznoma”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, “Kalila va Dima”, Jomiyning “Bahoriston”i, Nizomiyning “Hamsa”si, “Mahabharata” ning fors tilidagi tarjimasi “Razmnoma”, “Ramayana” va boshqa ko’pgina asarlar qo’lyozma rangli nafis suratlar bilan bezatiladi. Bu ajoyib san’at namunalarini ijod etishda Mir Sayyid Ali va Xo’ja Abdusamadlar bilan birgalikda talantli hind musavvirlari Basavan, Dasvant, Madhu, Miskin, La’l, Kesu va boshqalar ham faol ishtirok etganlar.

Hind ayollari orasida beva qolgan hind ayoli o’zini gulxanga tashlab o’ldirish (sati) urfi qadim zamonlardan buyon davom etib kelardi. Akbarshohning farmoni bilan mazkur udum bekor qilingan.

Agra shahri Akbarshohning dastlabki poytaxti bo’lgan. Keyinchalik Agradan o’n besh milya narida Fotihpur – Sikrida yangi bir shaharni bunyod etadi. Bu yerda Shayx Cheshtiy yashagani sababli Akbar shu joyni tanlagan edi. Chunki Akbarshoh mazkur Shayx Salim Cheshtiyga ixlosmand edi. Akbarshoh bu yerda haqiqatan ham ajoyib bir shahar qurdiradi. Fotihpur – Sikra qariyb o’n besh yil davomida mamlakat poytaxti bo’lib turdi. Keyinchalik esa Akbarshoh Loxurni o’ziga poytaxt qilib oladi.

Xitoy tarixchisi Chen Xanshengning yozishiga qaraganda, Akbarshoh uzoq vaqt farzand ko’rmaydi. U rajputlik malikadan bitta valiahd tug’ilishini ko’p intizorlik bilan kutadi. Bir necha ibodatxonalarga borib, mozorlarga borib, Xudodan farzand so’raydi. Nihoyat, 1569 yil 30 avgust iltijosi ijobat bo’lib, valiahd tug’iladi. Akbarshoh o’zining diniy rahnamosi Shayx Salim Cheshtiyga bo’lgan ixlosi tufayli, valiahdga Salim deb nom qo’yadi. Salim 32 yoshga yetgach, otasidan taxtni tortib olishga harakat qiladi. U Hindistonning janubida joylashgan portugaliyaliklar kuchiga suyangan holda, Ollohobodga askar tortib kelib mustaqillik e’lon qiladi. Akbarshoh kichik o’g’li shahzoda Fozilni Dekan viloyatidan Agraga qarab askar tortishga buyruq beradi. Ammo yo’lda shahzoda Salimning odamlari shahzoda Fozilni o’ldirishadi.

1501 yilda Akbarshoh Salimning gunohini kechirib, Ollohobodga hokim qilib tayinlaydi. Shahzoda Salim u yerda yana otasi Akbarshohga qarshi bosh ko’taradi. 1603 yilda ota-bola yarashadilar. Shahzoda Salim yana Ollohobodga hokim qilib tayinlanadi. Shahzoda Salim Ollohobodda deyarli mustaqil yashaydi. Ayni shu paytlarda Akbarshoh saroyida guruhbozlik kuchaya boshlagan edi. Shahzoda Salimning Xusrav ismli 17 yoshli o’g’li bor edi. Bu payda taxt valiahdligiga kimni tayinlash masalasi dolzarb masala bo’lib turardi. Akbarshoh saroyidagi eng nufuzli amaldor beklardan Man Singh (Xusravning tog’asi) va Aziz Ko’ki (Xusravning qaynotasi)lar valiahdlikka Xusrav nomzodini qo’yishga harakatni boshlab yuboradilar. Voqeaning bunday tus olishi shahzoda Salimni tinch qo’ymaydi va u otasi Akbarshoh huzuriga bosh egib keladi.

Akbarshoh o’z farzandlari va ishongan beklaridan bunday fisq-fasodlarni ko’rgach, juda qattiq iztirob chekadi va kasal bo’lib, 1605 yil 17 oktabrda 64 yoshida vafot etadi. Akbarshohdan uch o’g’il bor edi. Ulardan Doniyol, Murod (Fozil) Akbarshohdan avvalroq vafot qilgan edilar. Faqat Salim qolgan edi.

MUHAMMAD HAKIM MIRZO Humoyunshohning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1544 yilda Mohi Chuchuk begimdan tug’ilgan. Humoyunshoh Muhammad Hakim Mirzoga Kobul hokimligini bergan edi. Shahzoda yosh bo’lgani sababli davlat ishlarini onasi Mohi Chuchuk begim olib borardi. Humoyunshoh vafotidan so’ng, uning beklaridan biri termizli Abulmaoli bek Akbarshoh saroyida xizmatda edi. Ko’p o’tmay Abulmaoli Akbarshohga qarshi fitna uyushtirib, fitna fosh bo’lgach, saroydan qochib ketadi. Abulmaoli ko’p sargardonlikdan so’ng nihoyat shahzoda Muhamamd Hakim Mirzoning onasi Mohi Chuchuk begimga maktub yozib, Kobulga kelishi haqida ijozat so’raydi. Mohi Chuchuk begim ijozat bergach, Abulmaoli Kobulga keladi va biroz vaqt o’tgach, Mohi Chuchuk begimning ijozati bilan uning qizi ya’ni shahzoda Muhammad Hakimning singlisi Faxrinisoni o’z nikohiga kiritadi. Abulmaoli Kobulda yosh shahzodaning ishonchiga kirib olgach, saroy berklarini birin-ketin har xil ig’volar bilan yo’qotishga harakat qiladi. Unign maqsadi Kobul viloyatini Akbarshoh qo’l ostidan chiqarib olish edi. Yosh shahzodaning otabegi Haydar Qosim va Mohi Chuchuk begim Abulmaolining g’arazli kirdikorlaridan voqif bo’lib, uni yo’ldan qaytarishadi. Shundan so’ng, 1564 yil mart oyining oxirida Abulmaoli o’z qaynonasi Mohi Chuchuk begimni va bir necha beklarni o’ldirib, yosh shahzodani o’z himoyasiga olib, Kobulda mustaqillik bayrog’ini ko’taradi.

Shahzoda Muhammad Hakimning otabegi Haydar Qosim Kobuldan qochib, Badaxshonga boradi. U Badaxshon hukmroni Sulaymon Mirzoga voqeani tushuntiradi hamda Kobulni musaxxarq qilishga undaydi. Sulaymon Mirzo tezda qo’shin to’plab, Kobulga qarab yuradi. Bu xabarni eshitgan Abulmaoli Kobul qo’shini bilan Sulaymon Mirzoga qarshi yo’lga chiqadi. Har ikki tarafning qo’shini Puli G’urband yaqinida uchrashadilar. Qattiq jang bo’ladi. Jangda Abulmaoli qo’shini mag’lubiyatga uchrab, uning o’zi esa asirga olinadi va Kobulga keltirib, qatl qilinadi. Sulaymon Mirzo bir necha muddatdan beri Kobulni qo’lga kiritish ishtiyoqida yurgan edi. Binobarin, u o’zining ishonchli beklaridan uch-to’rttasini Kobulda qoldirib, o’zi Badaxshonga ketadi va u yerdan yana bir necha beklarni Kobulni zabt etish chorasini ko’rish uchun jo’natadi. Sulaymon Mirzoning bunday qabih rejasini sezgan Kobul a’yonlari bu xabarni shahzoda Muhammad Hakimga yetkazadilar va o’zlari Badaxshonlik beklarni yo’qotish chorasini ko’radilar. Bu xabar Sulaymon Mirzoga yetgach, tezda qo’shin bilan Kobulga keladi. Shahzoda Muhammad Hakim esa Kobulga ishonchli beklardan birini qo’yib, o’zi Jalolobodga – akasi Akbarshoh huzuriga ketadi. Sulaymon Mirzo shahzodaning orqasidan quvlab, Jalolobod yaqinigacha boradi, biroq uni qo’lga tushira olmaydi. 1564 yilda Akbarshoh Sultaymon Mirzoga qarshi katta qo’shin bilan yuboradi. Sulymon Mirzo Akbarshoh qo’shiniga chidash berolmasligiga ko’zi yetib, Kobulni tashlab, Badaxshonga ketadi. Shahzoda Muhamamd Hakim yana Kobul hukmroni bo’lib qoladi.

1580 yilda Bengaliya va Biharning harbiy boshliqlari markaziy hukumatga qarshi qo’zg’olon ko’taradilar. Qo’zg’olonga sabab Akbarshohning mamlakatda diniy va ma’muriy o’zgarishlar joriy qilishida edi. Rivoyatlarga qaraganda, shariat qozisi tarafidan “dindan ozgan hukmronga (shohga) qarshi qo’zg’olon ko’tarish gunoh emas”, degan fatvo beriladi. Shu asnoda mamlakatda qo’zg’olonchilar Akbarshohning o’gay ukasi Muhammad Hakim bilan til biriktirib harakat qilmoqdalar, degan gaplar tarqaladi. “Mirotul olam” asarining muallifi Baxtovarxonning yozishicha, shahzoda Muhammad Hakim Mirzo hatto Hindiston taxtini egallash uchun urinib ko’rgan. Ammo shahzoda Murod (Akbarshohning o’g’li) uni tor-mor qiladi. Akbarshoh esa o’gay ukasining gunohini kechib, unga yana Kobul viloyatini qaytarib beradi. “Abdullanoma” asarining muallifi Hofiz Tanish Buxoriyning ma’lumotiga qaraganda, Muhammad Hakim Mirzo akasi Akbarshoh hokimiyatini nomigagina tan olardi. Amalda esa mustaqil edi.

Muhamamd Hakim Mirzo bo’sh va qat’iyatsiz kishi edi. U ichkilikka nihoyatda ruju qilgandi. Lekin Bengaliyadagi qo’zg’olondan tashqari Muhammad Hakim Mirzoning shoh saroyidagi ayrim yirik mansabdorlar bilan maxfiy aloqasi bor deb gumon qilishardi. Bu ishda moliya ishlari boshlig’i Shoh Mansurdan hadiksirashardi. 1581 yilda Muhammad Hakim Mirzo 15 minglik qo’shin bilan Loxurgacha boradi. Biroq Man Singx unga zarba berib, Kobulga qaytib ketishga majbur qiladi. Biroq Akbarshoh 50 minglik otliq askar va 500 janggari fillari bilan ukasi Muhamamd Hakim Mirzoni ta’qib qilib, Kobul tomon yuradi. Akbarshoh yo’ldayoq Shoh Mansurni dorga ostiradi, o’zi esa 1581 yilning avgust oyida Kobulga kiradi. Muhamamd Hakim Mirzo akasi Kobulga kirishi bilan, toqqa qarab qochadi. Bovujud, Akbarshoh yana o’z ukasi Muhammad Hakim Mirzoning gunohidan o’tadi va Kobulni unga qoldirib, qaytib ketadi.

Muhammad Hakim Mirzo Badaxshon hukmdori Sulaymon Mirzoning qiziga uylangan edi. U aysh-ishratga mukkasidan ketgan va shuning oqibati o’laroq, 1585 yilda navbatdagi mayxo’rlikdan so’ng u o’z yotoqxonasida o’lib qoladi. Uni bobokaloni Zahiriddin Muhammad Boburshoh maqbarasini janubiy tarafiga dafn qiladilar. Muhammad Hakim Mirzodan ikki o’g’il qolgan edi. Kattasi Afrosiyob Mirzo – 14 yashar, kichigi Kayquboq Mirzo – 11 yashar edi.

AFROSIYOB MIRZO 1571 yilda, KAYQUBO MIRZO esa 1574 yilda Kobulda tug’ilgan edilar. Mazkur shahzodalarning onasi Badaxshon hukmdori Sulaymon Mirzoning qizi edi.

Muhammad Hakim Mirzo vafotidan so’ng Kobul va Zobulistonda ancha tartibsizliklar kuchaydi. Bu voqealarning rivojlanishida Buxoro hukmdori Abdullaxonning ham qo’li edi. Chunki Abdullaxon Badaxshonni Shohruh Mirzodan tortib olgach, endilikda Kobulni ham o’z tasarrufiga kiritish fikrida edi. Hatto, Abdullaxonning ayg’oqchilari Kobul hokimining saroyida ham ish olib borardilar. Zotan, Faridun nomli shaxs marhum hukmdor Muhammad Hakim Mirzoning o’g’illari Afrosiyob Mirzo va Kayqubod Mirzolarni o’zbeklar tomoniga (Buxoroga) qochib ketishga undaydi. “Tarixi Akbarshohiy” asarining muallifi Abulfazl Allomiyning yozishiga qaraganda, agar Faridunning mazkur rejasi amalga oshguday bo’lsa, Abdullaxon Kobulga ham da’vogar bo’lishi mumkin edi.

Ammo Akbarshoh Kobuldagi tartibsizliklarning oldini olish maqsadid zudlik bilan harakat qilib, lashkarboshi Man Singhga tezlik bilan Kobulni ishg’ol qilishga buyruq beradi va Kobul qaytadan imperiyaga qo’shib olinadi.

Man Singh qo’shinlari Kobulni zabt etgach, Faridunni qo’lga tushiradilar. Man Singh Faridunni Akbarshoh huzuriga keltirdi. Taftish natijasi Faridunning sotqinligi ma’lum bo’ladi. “Tarixi Akbarshohiy” asarining muallifi Abulfazl Allomiyining yozishicha, Faridunni “gunohlarini yuvib kelish uchun” Ka’batulloga badarg’a qiladilar. Akbarshoh jiyanlari – Afrosiyob Mirzo va Kayqubod Mirzolarni o’z saroyiga olib ketadi. Kobul hukmronligini esa viloyatda tartib o’rnatish maqsadida Man Singhga topshiradi.

NURIDDIN MUHAMMD JAHONGIRSHOH (SHAHZODA SALIM) 1569 yil 30 avgust oyida Agra (Fatxpur)da tug’ildi. U Akbarshohning katta o’g’li edi. Uning onasi Javdoboiy rajput rojasi Udiy Singhning qizi edi.

Shahzoda Salim otasining saroyida barcha ilm-fanlardan bahramand bo’lgan murabbiy va ustozlar qo’l ostida voyaga yetadi. Otasi Akbarshoh unga Ollohobod viloyatining hokimlgini beradi. Shahzoda Salim Ollohobodda o’ziga maxsus saroy qurdiradi hamda o’z nomidan farmonlar chiqara boshlaydi. 1601 yilda esa otasi Akbarshohdan mustaqil hukmronlik qila boshlaydi. 1601-1605 yillar davomida Akbarshohning bu sevimli o’g’li – shahzoda Salim uning boshiga ko’pgina notinchliklarni keltiradi. Akbarshohning bu davrda qayg’u va hasratining chegarasi yo’q edi. Nihoyat, 1603 yilda ota-bola o’rtasida sulh vujudga keladi. Mazkur voqea xususida shahzoda Salim keyinchalik o’zining “Tuzuk-i Jahongiriy” nomli asarida: “O’z otasiga qarshi kurashgan hukmdorning davlati uzoqqa bormasligini men yaxshi bilardim”, – deb yozgan edi. Ana shu sulhdan so’ng Akbarshoh Salimni Mevardagi urush harakatlariga boshchilik qilishi haqida buyruq beradi. Biroq Salim bu vazifani bajaridan qat’iy bosh tortadi. Shundan so’ng unga Ollohobodga qaytib ketishga ijozat beriladi. Salim Ollohobodga qaytib kelib, yana mustaqil hukmron bo’lib yashaydi. Ayni shu paytlarda Akbarshoh saroyidagi yirik amaldorlar orasida Salimni valiahdlikdan mahrum qilish haqida maxfiy fitna uyushtirilayotgan edi. Bu fitnadan xabar topgan Salim nima qilishini bilmay, nihoyat otasi Akbarshoh huzuriga borib bosh egadi. 1603 yil noyabrda Akbarshohning otalik mehri jo’sh urib, Salimni biroz koyigach, o’n kunlik qamoqqa solib, so’ngra ozod qilib yuboradi. Biroq 1605 yilda Akbarshoh qattiq iztiroblar natijasida kasal bo’lib yotib qoladi. Bu vaqtda hatto saroyda taxtga valiahd belgilash haqida maxsus kengashlar ham bo’lib o’tadi. Saroy a’yonlarining ko’pchiligi taxt vorisligiga Salimning nomzodini yoqlab chiqadilar. Akbarshoh o’z o’limi oldidan saroy a’yonlarini chorlab, shahzoda Salimga shoxlik kiyimini kiydiradi va boshiga salla o’ratib, beliga o’zining xos xanjarini tqib qo’yadi. Bu bilan Akbarshoh saroy a’yonlariga “mendan keyin taxt sohibi faqat shahzoda Salimdir”, – degan ma’noni bildiradi. Zotan, Akbarshohning uch o’g’lidan hozir tirik qolgani faqat shahzoda Salim edi. Shahzoda Murod 1600 yilda va shahzoda Doniyol esa 1601 yilda vafot etgan edilar. 1605 yil 17 oktabrda Akbarshoh vafot etgach, 1605 yil 24 oktabrda Agra shahrida Salim taxtga o’tiradi va o’ziga Nuriddin Muhammad Jahongir podshoh g’oziy nomini oladi. Jahongirshoh taxtga o’tirgach, to’ng’ich o’g’li shahzoda Xusravni ushlatib, Agra qo’rg’onida maxbus tariqasida saqlaydi. Bu vaqtda Man Singh uzoq Bengaliyada edi. Shahzoda Xusrav qo’rg’ondan qochib chiqib, Panjobga ketadi. U yerda o’ziga qo’shin to’playdi. Tez kunda uning qo’shini 12 ming kishiga yetadi. Shahzoda Xusrav Lohurni qurshab turganda, Jahongirshoh qo’shini yetib keladi. Ota va o’g’ilning qo’shini jangga kiradi. Bu jangd shahzoda Xusrav yengilib, Kobulga ketmoqchi bo’lib kemaga o’tiradi. Ammo kema Chinob mavzeiga yetganda qumga tiqilib qoladi. Uning orqasidan quvib kelayotgan qo’shin uni ushlab Agraga olib ketadilar. Jahongirshoh 19 yoshli o’g’li shahzoda Xusravsni ko’ziga mil tortishni buyuradi. Shundan so’ng Jahongir shahzoda Xusravni nazorat qilib turishni uchinchi o’g’li shahzoda Xurramga (keyinchalik Shoh Jahon nomi bilan mashhur bo’ladi) topshiradi. Shahzoda Xurram esa 1622 yilda akasi Xusravni bo’g’ib o’ldiradi va otasiga shahzoda Xusrav sanchi kasalidan vafot qildi, deb yolg’on xabar yuboradi.

Shahzoda Xusravdan Dovar Baxsh nomli o’g’il qolgan edi. Jahongirshoh vafot etgan chog’da shahzoda Xurram Dekanda edi. Uning qayinotasi Osafxon saroyda ishboshqaruvchi lavozimida edi. Binobarin, kuyovi shahzoda Xurram Dekandan yetib kelgungacha taxtga shoh avlodidan biror kishini muvaffaq o’tkazib turish uchun hiyla ishlatib, marhum shahzoda Xusravning o’g’li iste’dodsiz, bo’shang Dovar Baxshni taxtga o’tqazadi. Shahzoda Xurram 1628 yil fevralda poytaxtga yaqinlashgach, Osafxon Dovar Baxshni qochirib yuboradi. U Eronga o’tib ketadi va u yerda Eron shohi tomonidan nafaqa belgilanadi.

Jahongirshohning hukmronlik davri deyarli Akbarshoh davrining davomidir. Jahongirshoh shimoliy va janubiy Hindistonda deyarli otasining olib borgan siyosatini davom ettirdi. Jahongir o’z hukmronligining birinchi yilida o’zining ikkinchi o’g’li shahzoda Parvez boshchiligida 20 minglik askarni Mevarga qarshi yuboradi. Biroq mazkur jang har ikki tomonga ham hech qanday yutuq keltirmaydi. 1608 yilda yana Mevarga qarshi yurish boshlanadi, biroq lashkarboshilarni almashtirish siyosati kutilgan natijani bermaydi va urush harakatlari yana bir necha yil so’nadi. 1613 yilda Jahongir yana Mevarga qarshi urush harakatlarini boshlab yuboradi. Bu safar uchinchi o’g’li shahzoda Xurram boshchiligida Mevarga qarshi qo’shin jo’natadi. Jahongir qo’shinlari rajputlarni o’rab olib, ularni ochlik girdobida qamal qiladi. Nihoyat, rajputlar orasida ocharchilik vav abo kasali dahshatli tus olgach, Mevar hokimi Amar Singh sulh so’raydi. 1615 yilda sulh tuzilib, Mevar viloyati yana imperaiyaga qo’shib olinadi.

Buyuk mo’g’ul imperiyasining sharqiy qismida joylashgan Bengaliyada doim g’alayonlar qaynab turardi. Bu yerda afg’on mustaqil zodagonlari markaziy hukumatga qarshi isyon ko’tarib turardilar. Nihoyat, 1612 yil 12 mart Dakka yaqinida bo’lgan jangda Bengaliyadagi eng so’nggi mustaqil afg’on rahnamosi Usmon yaralanib vafot etadi. Shundan so’ng, boshliqsiz qolgan afg’onlar ustindan hukmronlik o’rnatiladi.

Jahongirning eng muhim yutuqlaridan biri, deyarli olib bo’lmaydiga tog’ qo’rg’oni – Nagarkotni imperaiyaga qo’shishi bo’ldi. Bu qo’rg’on 1620 yilda uzoq qamaldan so’ng qo’lga kiritiladi. Jahongir qo’rg’onni borib ko’rgach, qo’rg’onda 23 harbiy istehkom bo’lib, 7 darvozasi borligi, hamda bu xushmanzara vodiyga maftun bo’lganligi haqida yozgan. Dekanda asl kelib chiqishi habashistonlik Malik Ambar ismli sarkarda rahnamolik qilardi. Bu sarkarda o’zining o’tkir aql va idroki, harbiy salohiyati tufayli Jahongir qo’shinlariga bir necha marta zarba yetkazib kelardi. 1623 yilda Malik Ambar Bijopurni qamal qiladi. Shu asnoda Jahongirning uchinchi o’g’li shahzoda Xurram o’z otasiga qarshi bosh ko’taradi va Malik Ambarga kelib qo’shilib, Burxonpurni qamal qiladi. Jahongir tezlikda ikkinchi o’g’li shahzoda Parvez va amir Mahobatxonni shahzoda Xurramga qarshi yuboradi. Jangda Xurram taslim bo’ladi. Malik Ambar orqaga chekinadi. 1626 yilda Malik Ambar vafot etadi. Ana shundan so’ng Jahongir qo’shinlari Dekanning Akbarshoh davridagi qisminigina qo’lga kirita oladilar.

Jahongir hali saltanat tepasiga kelmagan vaqtlaridayoq Eron shohi Shoh Abbos (1587-1628) ga nisbatan yaxshi fikrda bo’/lgan edi. U taxtga o’tirgandan so’ng ham shunday fikrda edi. Jahongir o’zining Shoh Abbosga yo’llagan maktublarida uni “birodarim”, “qadrdonim” deb yozardi. Biroq Shoh Abbos, aksincha Jahongirga nisbatan g’arazli rejalar tuzib, Hindistonga qarashli Qandahor viloyatini Eronga qo’shib olish harakatida edi. Shuningdek, Dekan yarim orolidagi Bijopur, Golkonda va Ahmadnagar hokimlarini shahzoda Xurramni ham Jahongirga qarshi qo’zg’olon ko’tarishga undayotgandi.

Jahongir 1611 yilda 35 yoshli Mehriniso nomli juvonga uylanadi. Jahongirshoh o’qimishli va ma’rifatparvar kishi edi. Jahongirshoh o’zining bobokaloni Zahiriddin Muhammad oburga taqlidan o’z tarjimai holi va o’n yetti yillik hukmronlik davrini qamrab olgan “Tuzuk-i Jahongiriy” (Jahongir tuzuklari) nomli asarini yaratgan. Mazkur asar “Jahongirnoma” nomi bilan mashhurdir.

Jahongirshoh hind-musulmon ijtimoiy birligini yanada mustahkamlash yo’lida bir qator muhim tadbirlarni amalga oshiradi. U islom dinining mavjud qonun-qoidalariga xilof bo’lishiga qaramay, “Qur’onni – rexta – hindistoniy tiliga tarjima qilishni buyurgan. Hindlar orasida asrlar osha hukm surib kelayotgan ba’zi bir zararli urf-odatlarni bekor qilishga qaratilgan farmonlar chiqargan. Chunonchi, Bangola viloyatida soliqni to’lay olmagan kishilarning norasida farzandlarini tortib olish tartibi joriy qilingan bo’lib, bunday go’daklar “xojasaro” (mahram) deb nomlanganlar. “Jahongir tuzuklari”da aytilishicha, Jahongirshoh bu xususda: “Bundan buyon hech kim bu qabih ish bilan shug’ullanmasin, norasida xojasarolarni xarid etish va sotish man etilsin!” deb farmon chiqargan. Jahongirshoh o’z zamonasining sohibi qalamlaridan biri edi. U tarix, adabiyot va ayniqsa, tasviriy san’at bilan qiziqqan. Buxorolik Abulhasan va Usto Mansurlar uning tarbiyasi va homiyligi tufayli tasviriy san’atda kamolot pog’onalariga ko’tarilganlar. Zotan, Abulhasan mo’yqalamiga mansub bo’lgan asarlardan Jahongirshoh va Shoh Jahonning suratlari bizgacha yetib kelgan.

“Jahongir tuzuklari”da yozilishicha, XVII asrda Hindistonda muomalada bo’lgan pullar oltin, kumush va jez (bronza)dan zarb etilgan. Chunonchi, oltin tangalar – muhr, kumush tangalar – rupiya deyilgan. Bir to’lalik (bir to’la – 12 grammga teng) oltin tanga “nuri jahoniy” (“jahon nuri”) deb yuritilgan. Ayrim rivoyatlarga qaraganda, Jahongirshoh o’zining sevimli xotini Nurjahon begim sharafiga mazkur “Nur jahoniy” – oltin tangani zarb ettirgan, degan fikrlar ham mavjud. “Nuri sultoniy” (“Sultonlik nuri”) – 50, “Nuri davlat” (“davlat nuri”) – 20, “Nuri karam”, (“Iltifot nuri”) – 10, “Nuri mehr” (“Mehr nuri”) – 5, “Nuroniy” yarim va “rivojiy – chorak to’lalik bo’lgan. Kumush tanga – rupiyaning “Jahongiriy” nomi bilan yuritilgani bir to’la og’irlikda zarb qilingan. Shuningdek, “kavkabi tol’e” (“Tole’ yulduzi”) – 100, “kavkabi iqbol” (“Iqbol yulduzi”) – 50, “kavkabi murod” (“Murod yulduzi”) – 10, “Kavkabi sa’d” (“baxt yulduzi”) – 5, “sultoniy” yarim “hayri qabul” (“qabul xayri”) – chorak to’la og’irlikda bo’lgan. Jezdan zarb etilgan chaqalar ham shu xildagi vazn va qiymatga bo’lingan.

Jahongirshoh o’z saroyiga olimlar, shoirlar, rassomlar, musiqachilar va turli kasb-hunar egalaridan yetuk kishilarni yig’ib, ularga homiylik qilardi. Saroyda g’azalxonlik anjumanlari bo’lib turar, Jahongirshohning o’zi ham she’r aytardi.

Jahongirshohning til va adabiyot sohasidagi iste’dodi uning “Tuzuk-i Jahongiriy” asaridan ma’lum. U turkiy til, ya’ni eski o’zbek tilini mukammal bilishi bilan faxrlangan. Jahongirshoh saroyida bo’lgan ingliz fuqarosi Terri uning tabiati haqida so’z yuritib, shunday deydi: “Bu hukmdorning tabiati doim menga qiziq tuyuladi. Ba’zan u dahshatli, gohida esa juda muloyim va adolatli bo’lib ko’rinadi.” Haqiqatan ham Jahongirshohning tabiatiga tushunish mushkul edi. Jahongir o’z qarshisida tiriklayin terisi shilib olinayotgan odamning qimatiga beparvolik bilan qarab, tamosho qilib o’tiravergan. Ayni zamonda esa nihoyatda nazokatli va nozik ta’bga molik kishi bo’lgan. Biroq Jahongirshoh otasi Akbarshohdan farqli o’laroq aysh-ishratni va mayxo’rlikni yaxshi ko’rardi.

NURJAHON BEGIMning yoshlikdagi ismi Mehriniso bo’lib, asli kelib chiqishi eronlik edi. Uning ota-onasi kambag’allik natijasida Erondan Hindistonga ko’chib kelgan edi. Mehrinisoning otasi Akbarshoh xizmatiga yollanadi. Shahzoda Salim (Jahongir) Mehrinisoni bozorda uchratib qolib, unga oshiqi beqaror bo’lib, uning isqida yonadi. Shahzoda Salim Mehrinisoni xotinlikka olmoqchi bo’lganda, Akbarshoh yo’l qo’ymaydi. Akbarshoh Nurjahonni tezlikda saroy a’yonlaridan biri Ali Quli Istajliy (Sher Afkan)ga turmushga chiqishga majbur qiladi. Sher Afkan bilan Nurjahonning to’ylari o’tgach, Sher Afkanni Bengaliya qo’shinlari sardor qilib tayinlab, Bengaliyaga ko’chirib yuboradi.

Nihoyat, Jahongirshoh taxtga o’tirgandan so’ng, Sher Afkam kunlardan bir kun Bengaliya hokimi Qutbiddinning qabulida bo’lib, hokim bilan acchiqlashib qoladi va uni o’sha yerda pichoqlab o’ldiradi. Fojia ustiga kirgan soqchilar Sher Afkanni ham o’ldiradilar. Shundan so’ng, beva qolgan Mehrinisoni Agraga – saroyga jo’natadilar. Bu davrda Mehriniso 35 yoshda edi. Bir necha vaqt o’tgach, 1611 yilda Jahongirshoh Mehrinisoni o’z nikohiga kiritadi.

Mehriniso o’zining maftunkor go’zalligi, oqila va bilimdonligi bilan butun saroy ahlini o’ziga rom qiladi. U saroyda katta e’tiborga sazovor bo’ladi. Endi uni Mehriniso emas, Nurmahal (“Saroyning nuri”) deb atay boshlaydilar. Darhaqiqat, u o’tkir zehn sohibasi, bilimdon va tadbirkor, nozik ta’b shoira ham bo’lgan. (Uning otasi Jahongirshoh saltanati davrida E’timod-ud Davla nomi bilan saroyda bosh vazirlik lavozimida bo’lib, uning o’g’li, ya’ni Nurjahonning akasi Osafxon esa saroy boshqaruvchisi mansabida qoyim bo’lgan. Nurjahon keyingi yillarda davlat ishlarida Jahongirshohga maslahatchi bo’lib qolgan edi. Keyinchalik, Jahongirshohning salomatligi tez-tez yomonlasha boshlagach, davlat idora ishlarini Nurjahonning o’zi boshqarar edi. U Jahongirshoh vafotidan so’ng Lohurda hayot kechirib, 1645 yilda vafot etadi. Maqbarasi Lohurdadir.

SHAHZODA XUSRAV 1587 yilda tug’ilgan edi. Jahongirshohning katta o’g’li edi. Bu shahzoda tarjimai holi, tabiati va taqdiri haqida “Jaloliddin Muhammad Akbarshoh” va “Nuriddin Muhammad Jahongirshoh (Salim)” bobolarida aytib o’tildi.

SHAHZODA PARVEZ Jahongirshohning ikkinchi o’g’li bo’lib, u 1586 yilda tug’ilgan edi. Jahongirshoh taxtga o’tirgach, Mevar viloyatini qaytadan imperiyaga qo’shib olish uchun o’g’li shahzoda Parvez boshchiligida 20 ming kishilik qo’shin yuboradi. 1616 yilda bundan tashqari shahzoda Parvezga Ollohobod viloyatining hokimligi topshiriladi. Jahongirshohning sog’ligi yomonlashgach, taxtga valiahd qilib shahzoda Parvez tayinlangan edi. 1601-1605 yillar mobaynida shahzoda Xurramning otasi Jahongirga qarshi ko’targan g’alayonlarni bostirishda shahzoda Parvez faol ishtirok etadi. 1626 yil oktabr oyida shahzoda Parvez to’satdan vafot etadi.

1596 yilda tug’ilgan SHAHZODA SHAHRIYOR – Jahongirning to’rtinchi o’g’li. U irodasiz va qat’iyatsiz kishi edi. U Nurjahon begimning avvalgi eri Sher Afkandan bo’lgan qizi Lodila begimga uylanadi va butun faoliyati davomida Nurjahon begimdek tadbirkor ayolning qo’lida qo’g’irchoqqa aylanadi. Nurjahon begim shahzoda Shahriyorni valiahdlikka tayinlash niyatida edi. Shuning uchun ham uning birodari shahzoda Xurram bilan munosabatlari keskinlashib ketadi. Nihoyat, Jahongir vafotidan so’ng taxt da’vosi bilan bosh ko’targan shahzoda Shahriyorni Osafxon qattiq zarbaga uchratadi va uni asirga olib, ko’ziga mil torttiradi.

SHOH JAHON Shahzoda Xurram Jahongirning uchinchi o’g’li bo’lib, 1592 yil yanvar oyida Loxurda tug’iladi. U 1612 yilda 21 yoshida ya’ni Nurjahonning akasi Osafxonning 19 yoshli Arjumand bonu nomli qiziga uylanadi. Nurjahonning otasi E’timod-ud-Davla bilan Osafxon keyingi o’n yil davomida saroyning eng yirik amaldorlari, shahzoda Xurramga yaqin turgan kishilar edi. Biroq, 1622 yilda E’timod-ud-Davla vafot etgach, Nurjahon begim bilan shahzoda Xurram orasida zimdan adovat vujudga keladi. Bunga sabab, Nurjahon begimning niyati taxtga shahzoda Shahriyorni valiahd qilib tayinlatish edi.

Shahzoda Xurram o’z kelajagi haqida taraddudlanib, 1622 yilda o’z qaramog’ida turgan nogiron akasi shahzoda Xusravni pinhona o’ldiradi. Mana shu zaylda saroy ichida asta-sekin guruhbozlik avj olib, kundan-kun saltanatdan putur keta boshlaydi. Ana shunday vaziyatni ko’pdan beri kutib turgan Eron shohi Shoh Abbos 1622 yilda to’satdan Qandahorni qamal qiladi va 45 kunlik qamaldan so’ng shaharni qo’lga kiritadi. Jahongirshoh Qandahorni qaytarib olish maqsadida katta qo’shin to’plab, shahzoda Xurram boshchiligida Qandahorga yubormoqchi bo’ladi. Lekin shahzoda Xurram bunday notinch vaziyatda Hindistondan uzoqlashishni istamay, Qandahorga borishdan bosh tortadi va tez kunda otasi Jahongirsohga qarshi qo’zg’olon ko’taradi. Qandahor esa Eronga qo’shib olinadi. Jahongirshohning tarixchisi uning Shoh Jahon haqidagi fikrini quyidagicha ifodalagan edi: “Shoh Jahon mening iltifotimga noloyiqdir, ishonchimni oqlamadi”. Binobarin, taxt valiahdi qilib ikkinchi o’g’li shahzoda Parvezni, kichik o’g’li shahzoda Shahriyorni esa Qandahor uchun yuboriladigan qo’shinga sarkarda etib tayinlagan edi. Biroq bu davrda Shoh Jahonning qo’zg’oloni tufayli bu yurish amalga oshmay qoladi. 1623 yil mart oyida Shoh Jahon Billochpurdagi jangda yengilib, Manduga va u yerdan Dekang qochadi. Shahzoda Parvez bilan Mahobatxon boshchiligidagi shoh qo’shini uni ta’qib qiladi. Shoh Jahon Dekandan Orissa orqali Bengaliyaga borib, Rajmahalni zabt qiladi va undan Patna tomon yurib, Biharni qo’lga kiritadi. Bihardan yana qo’shimcha kuch to’plab, Ollohobodni qamal qiladi. Shu asnoda shoh qo’shib yetib kelib, Shoh Jahon qo’shinini tor-mor qiladi. Shoh Jahon qolgan qo’shinini yig’ib, Dekanga qochadi va u yerda Malik Ambarga qo’shilib, Birxonpurni qamal qiladi. Shahzoda Parvez bilan Mahobatxon yaqinlashib kelgach, Shoh Jahon shaharni qamaldan bo’shatib, ulardan kechirim so’raydi. Shoh Jahon taslim bo’lgach, uning tasarrufida bo’lgan Raxtas va Asirgarh qo’rg’onlari g’oliblar ixtiyoriga o’tadi. Shuningdek, o’zining ikki o’g’li – Doro Shukuh bilan Avrangzebni kafil tariqasida otasi Jahongirshoh ixtiyoriga topshiradi. Shundan so’ng Shoh Jahonning gunohi kechirilib, Balagxat hokimligi unga topshiriladi. Biroq Shoh Jahonning qo’zg’oloni bostirilgan bo’lishiga qaramay, mamlakatning iqtisodiy va siyosiy ahvoli tobora tanazzulga yuz tutmoqda edi. Chunonchi, saroydagi guruhbozliklar, fitnalar va nihoyat ota bilan o’g’il o’rtasidagi kelishmovchiliklar mamlakatning ichki va tashqi mavqeiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda edi. Ayniqsa, Shoh Jahonning uch yildan ko’proq davom etgan qo’zg’oloni bu jarayonni yanada tezlashtiradi. Jahongirshohning ta’biricha, “Shoh Jahonning qo’zg’olonlari uning o’z (kelajakda) saltanatining asosiga bolta urgan edi”.

Darhaqiqat, uch yildan ko’proq davom etgan ichki g’alayon va fitnalar natijasi o’laroq, mamlakat o’zining bir necha iste’dodli lashkarboshilari-yu, jangovar qo’shinlaridan ajraldi. Endilikda, hatto Qandahorni ham qaytarib olishga qurbi yetmay qoldi.

Jahongirshohning salomatligi kundan-kun yomonlashardi. Davlat ishlarini Nurjahon begim boshqarardi. U o’zining niyatlarini amalga oshirish maqsadida Jahongirshohga sodiq lashkarboshi Mahobatxonni saroydan chetlatib, Bengaliyaga jo’natadi. Uning mol-mulkini ro’yxatga oldiradi. Bundan norozi bo’lgan Maxobatxon saltanatga qarshi bosh ko’taradi. Bu voqeadan ko’p o’tmay, Jahongirshoh Nurjahon begim bilan birga poytaxtdan Kobulga qarab safar qiladi. Maxobatxon o’zining rajputli qo’shini bilan yo’lga chiqib, shoh kofilasi (karvon)ni o’rab oladi. Maxobatxonning barcha shartlari Jahongirshoh tomonidan nochor qabul qilinadi. Nurjahon begim Maxobatxonga qarshilik ko’rsatmoqchi bo’ladi, lekin kuchlar teng emasligiga ko’zi yetgach, makr-hiyla yo’lini qidiradi. Shoh karvoni Mahobatxon nazorati ostida Kobulga qarab yo’l oladi. Kobulga kirilgach, Nurjahon begim Jahongirshohni Maxobatxon soqchilari qo’lidan qutqarib olishga muvaffaq bo’ladi va Kobul qo’shinini Maxobatxonga qarshi qo’yadi. Endi Maxobatxon uchun qochishdan boshqa iloji qolmaydi. U Kobuldan qochib, Dekanga borib, Shoh Jahonga qo’shiladi. Ammo bu vaqtda Shoh Jahonning avholi achinarli tarzda bo’lib, Eronga qochib o’tish fikrida edi. Biroq keyingi voqealarning rivojlanishi uning so’ngan umidlarini yana jonlantirib yuboradi. Chunonchi, 1626 yil oktabr oyida shahzoda Parvez to’satdan vafot etadi. Kelasi yil, ya’ni 1627 yilda Jahongirshoh Kashmirga sayohat qiladi va sayohatdan qaytayotganda yo’lda 1627 yil oktabr oyida 22 yillik hukmronlikdan so’ng 60 yoshida vafot etib Loxurda dafn etiladi. Bu xabarni eshitgan shahzoda Xurram taxtni egallash uchun Dekandan Agraga yo’l oladi.

Shahzoda Xurram Dekandan Agraga yetib kelgunga qadar, uning qaynotasi Osafxon taxtga muvaqqat ravishda marhum shahzoda Xusravning o’g’li Dovar Baxshni o’tqazadi. Shahzoda Shahriyorni esa ushlatib, ko’ziga mil torttirib, ko’r qiladi. Shahzoda Xurram 1628 yil fevral oyida Agraga kirib keladi va hech qanday qarshiliksiz taxtga o’tiradi. Shahzoda Xurram taxtni o’z tasarrufiga kiritgach, o’zini “Shoh Jahon” nomi bilan atashni buyuradi.

Shoh Jahon saltanat tepasiga kelganda, imperiya iqtisodiy va siyosiy jihatdan ancha kuchsizlanib qolgan edi. Shoh Jahon oldida taqalib ketish xavfi tug’ilayotgan imperiyani saqlab qolish, Dekan viloyatini batamom bo’ysundirish va Qandahorni qaytadan qo’shib olishdek ulkan va murakkab vazifalar turardi.

Jahongirning vafotini eshitgan BALX HOKIMI NADR MUHAMMADXON Hindistondagi ichki ziddiyatlardan foydalanib, Kobulga hujum qilib, shaharni bir necha vaqt qamalda tutadi. Lekin Maxobatxon boshchiligidagi hind qo’shinlari Kobulni ozod qilishga muvaffaq bo’ladilar.

Imperiyadagi ichki ahvolning nihoyatda mushkullashganligi, Eron bilan bo’lgan munosabatlarini keskinlashishi va Kobuldagi voqealar Shoh Jahonga Buxoro xonligi va Balx hokimi bilan yaxshi do’stona munosabatda bo’lishni taqozo etadi. Binobarin, Shoh Jahon Buxoro xonligi bilan uzoq yillar mobaynida do’stona munosabatni uzmadi.

1636 yilda shoh Jahon 50 minglik qo’shin bilan Dekang yurish qilib, Golkonda va Bijopurni imperiyaga bo’ysundiradi. Ahmadnagacha bo’lgan yerlarni ishg’ol qiladi hamda o’zining uchinchi o’g’li Avrangzebni Dekanga hukmron qilib, o’zi poytaxtga qaytadi.

1629 yilda Eron hukmdori Shoh Abbos vafot etgach, Eronda ichki feodal kurashlar kuchayadi. Ayniqsa, Turkiyaning Eronga qarshi uzluksiz hujumlari natijasi o’laroq, Eron avvalgi qudratini yo’qotadi. Turkiya-Eron janglaridan foydalangan Shoh Jahon Qandahor hokimiya o’z saroyida katta lavozim va’da qilib 1638 yilda Qandahorni Hindistonga qo’shib oladi.

BUXORO XONI NADR MUHAMMADNING (1642-1645) hukmronlik davri uzoq davom etmaydi. U Qashi viloyatida bo’lgan vaqtida saroy a’yonlaridan bir guruhi uning katta o’g’li Abdulazizni Xo’jandda xon ko’taradilar. Vaziyatning nihoyatda mushkullashganini sezgan Nadr Muhammadxon Balxga qochadi. Nadr Muhammadxonning o’g’illari uning so’zini va buyruqlarini qabula qilmaydilar. U o’g’illarig qarshi kurashish maqsadida Shoh Jahondan yordam sorashga majbur bo’ladi. “Tarixi Muqimxoniy” muallifining yozishicha, Shoh Jahon esa Nadr Muhammadxonning Kobulga qilgan hujumlari uchun qasos olish, shuningdek, Balxni o’z imperiyasiga qo’shib olish uchun qulay fursatni qo’ldan bermay, darhol “yordam” berishga qaror qiladi. Shoh Jahon o’zining o’g’li shahzoda Murodbaxshni katta qo’shinga boshliq tayinlab Balxga jo’natadi. Oradan ko’p vaqt o’tmay hind qo’shinlari Balxni zabt qiladi. Nadr Muhammadxon Eronga qochadi. Eron shohi Abbos II (1642-1667) Nadr Muhammadxonni yaxshi qabul qiladi. Faqat Balxni emas, hatto Buxoro taxtini qayta egallashga da’vat qilib, bu ishda katta qo’shin bilan yordam berajagini aytadi. Lekin Nadr Muhammadxon Eron qo’shini bilan Buxoroga bostirib kirishni ma’qul ko’rmay, Abbos II ning taklifini qabul qilmaydi. Nadr Muhammadxon biror rejali qarorga kelaolmay, Eronda ikki yarim yil turib qoladi. 1645 yilda Shoh Jahon Balxdan shahzoda Murodbaxshni chaqirib olib, o’rniga uchinchi o’g’li Avrangzebni hokim qilib tayinlaydi.

Bu vaqtga kelib, Buxoro xoni Abdulazizxon katta qo’shin to’plab Balxni hind hukmronligidan ozod qilish uchun hozirlik ko’rardi. Nihoyat 1645 yilda Abdulazizxon qo’shinlari Balxni qamal qiladi va to’rt oy davom etgan jangdan so’ng hind qo’shinlari shaharni tashlab chiqadilar. Abdulazizxon Balx hukmronligini ukasi Subxonqulixonga in’om qilib, o’zi Buxoroga qaytadi. Shunisi diqqatga sazovorki, hali hind qo’shinlari Balxni tashlab chiqmay turib, Shoh Jahon Balx hokimligini Abdulazizxonga emas, balki darveshlikda yurgan uning otasi Nadr Muhammadxonga topshirishni afzal ko’radi. Binobarin, uni Balxga chaqirtirgan edi. Biroq, Subxonqulixon Balxga qaytib kelgan otasi Nadr Muhammadxon bilan to’qnashib qolib, uni yengadi. Endi hokimlikdan umidini uzgan Nadr Muhammdxon “irodayi haj” qilib Makkaga ketadi. Ammo Nadr Muhammadxon Makkaga yetib borolmaydi. U 1651 yilda Eronning Simnon shahriga yetganda vafot qiladi.

1649 yil fevral oyida Qandahorni Eron qo’shinlari bosib oladilar. Shoh Jahonning Qandahorni qaytarib olish maqsadida 1649 yil may oyida, 1652 yil va 1653 yil aprel oylaridagi qilgan harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. 1657-1660 yillar mobaynida Shoh Jahonning katta o’g’li valiahd Doro Shukuh bilan uchinchi o’g’li Avrangzeb o’rtasida taxt uchun bo’lgan qonli jangler Qandahorni uzoq vaqt eronliklar tasarrufida qolib ketishiga sabab bo’ladi. Alqasos ul min-al-haq deganlaridek, Shoh Jahonning hukmronlik yillarining so’nggilarida taxtni o’z o’g’illaridan muhofaza qilish bilan o’tadi. Nihoyat, 1658 yilda Avrangzeb otasi Shoh Jahonni asirga olib, uy qamog’ida saqlaydi. Qarib qolgan Shoh Jahon kasalga chalinib, yig’ining zo’ridan ko’zidan ham judo bo’lib, 1666 yilda vafot etadi.

Xitoy tarixchisi Chen Xanshengning yozishicha, Shoh Jahon bobosi Akbarshoh vafot qilgan 13 yashar ekan. Bobosi uni nihoyatda yaxshi ko’rarkan. Shoh Jahon o’rta bo’yli, qora ko’zli, oq yuzlik, keng peshonali, o’ng ko’zida, barmoqlarida va chap oyog’ida xoli bo’lgan. U besh yoshidayoq savodi chiqib, kitob o’qiy boshlagan. Fors tilida ravon gapirar hamda turk va hind tillarini ham o’rganib olgan edi. U ichkilikni unchalik yoqtirmas, lekin qilichbozlik, ov qilish, she’riyat, musiqa va go’zal san’atga juda qiziqqan. Har kuni o’ziga atir sepib, atir hididan lazzatlanardi.

Shoh Jahon tong saharda o’rnidan turib, namozni o’qigach, hukumat ishlari bilan shug’ullanardi. Davlat ishlaridan bo’shagach, qurilishlarni borib ko’zdan kechirardi. Tushlik qilish uchun ichki o’rdaga kirib, u yerda Mumtoz begim bilan ovqatlanardi. Kechqurun yana devonga chiqib odamlar bilan maslahatlashar va ularga o’z amr-farmonlarini bergach, ichki o’rdaga qaytib kirardi. Kechki taomdan so’ng, xotinlarning ashulasini tinglashni yaxshi ko’rardi. U o’ringa kirib yotishi bilan parda orqasida qissaxon hozir bo’lib, biror sayyohning safarnomasi, tarix yoki Muhammad payg’ambarning tarjimai hollaridan o’qib Berardi. Shoh Jahon uxlab qolguncha qissaxon qissa o’qishdan to’xtamasdi. Shoh Jahon bobosi Akbarshoh va otasi Jahongirshohga o’xhamadi. U hind diniga va katolik diniga befarq qarardi.

Shoh Jahon poytaxtni Agradan Dehliga ko’chiradi. U 1639 yildan 1656 yilgach Dehlida “qiziltosh qal’a”, o’rda, bog’lar, masjid va boshqa bir necha qurilishlarni vujudga keltiradi. Bir masjidning qurilishiga bir million rupiya sarflanadi. Uning taxti tarixda “Shoh Jahonning tovus monand taxti” deb nom olgan bo’lib, bu taxtning o’sha davrdagi qiymati o’n million rupiya deb belgilangan edi. Shoh Jahon marhum xotini Mumtoz Mahalning vasiyatiga ko’ra, Agrada “Toj Mahal” nomli maqbara qurdiradi. Bu maqbarani yaltiroq oq marmardan qurdiradi. Maqbara qurilishiga 20 ming ishchi jalb qilinib, 18 yilda qurilib tugallandi. Toj Mahalning qurilishiga 40 million rupiya mablag’ sarflanadi.

Umuman, Shoh Jahon hukmronlik qilgan davrda qurilish inshootlari ko’payib, xazinaga ancha zarar yetkazgan. Shuningdek, mamlakatni birlashtirish uchun olib borilgan urush harakatlari yuz millionlab mablag’ sarflashni talab qilib, bu davrda mamlakatning iqtisodiy ahvoli ancha zaiflashgan edi. Zotan, ko’pgina viloyatlarda, chunonchi, Gujarot, Panjob, Bengaliya va boshqa viloyatlarda vabo, ocharchiliklar bo’lib, mehnatkash xalq yana og’ir ahvolga duchor bo’lgan edi.  Ocharchilik va ofatning dahshati shunchalikki, odamlar it go’shtidan hazar qilmaganlar. Odam suyagini yanchib, unga qo’shib sotganlar. Mana shunday ahvollar albatta Shoh Jahonga saltanatni larzaga keltirmay iloji yo’q edi. Buning ustiga Shoh Jahon hukmronligining so’nggi yillarida uning o’g’illari o’rtasida boshlanib ketgan taxt uchun kurashlar Shoh Jahon saltanatini inqirozga uchratdi.

MUMTOZ MAHAL BEGIMNING asl nomi Arjumand bonu edi. Uning kelib chiqishi eronli bo’lib, bobosi, ota-onasi kambag’allik yuzasidan Akbarshoh davrda Erondan Hindistonga ko’chib kelgan edilar. Arjumand bonuning bobosi Akbarsohh xizmatiga kiradi. Arjumand bonuning ammasi Nurjahon begim 1611 yilda Jahongirshohga turmushga chiqqach, Arjumand bonuning bobosi E’timod-ud Davla bosh vazirlik lavozimiga ko’tariladi. Otasi E’tiqodxon – (keyinchalik) Osafxon saroy boshqaruvchisi lavozimiga belgilanadi. 1613 yilda 19 yoshli Arjumand bonu 21 yoshli shahzoda Xurramga (Shoh Jahon) turmushga chiqadi. O’tkir aql-idrok sohibasi bo’lmish Arjumand bonu tez kunda o’zining tadbirkorligi, nozik tabiati, iffati va tengi yo’q husni bilan saroy a’yonlari o’rtasida katta e’tibor qozonadi. Xususan, Jahongirshoh kelini Arjumand bonuni nihoyatda e’zozlardi. Shuning uchun bo’lsa kerak, ko’p o’tmay Arjumand bonu saroyda Mumtoz Mahal begim (saroyning ko’rki) nomi bilan atala boshlaydi.

Jahongirshoh bilan shahzoda Xurramning oralarida chiqqan ayrim kelishmovchiliklarni Mumtoz Mahal hal qilishga kirishar va bu ishni uddasidan chiqardi ham. Shuning uchun har ikki tomonning iltifotiga sazovor bo’lardi.

Shoh Jahon 1628 yil fevral oyida taxtga o’tirgach, yosh malika Mumtoz Mahal begim davlat ishlarida eriga yordamlashar va doim rejalik maslahatlari bilan erini to’g’ri yo’lga boshladi. Binobarin, u saroyda shoh maslahatchisi va muhrdorlik lavozimlarini egallaydi. Mumtoz Mahal begim yaxshi kunlarda ham, harbiy safarlarda ham eriga vafodor hamroh va jafokash Hamdard bo’lgan. Mumtoz Mahal begim 1631 yili navbatdagi safarlardan birida, Burhonpur shahrida o’n to’rtinchi farzandini tug’ish asnosida 38 yoshida vafot etadi. Mumtoz Mahal begim hayot bilan vidolasharkan, eri Shoh Jahondan farzandlariga mehribon bo’lishini, boshqa uylanmaslikni va nihoyat unga atab dunyoda tengi yo’q hashamatli bir maqbara bunyoda ettirishni iltimos qiladi.

Shoh Jahon sevimli malikasi Mumtoz Mahal begimning vasiyatlarini bajaradi. Zotan, u keyingi 36 yillik umri davomida uylanmay o’tadi. Munis, vafodor rafiqasining nomini abadiylashtirish maqsadida unga atab yaltiroq marmardan maqbara qurdiradi. Maqbaraga Mumtoz Mahalning boshiga qo’yilgan toj ramzida “Toj Mahal” deb nom beradi.

Mumtoz Mahal begim o’lim oldidan o’z bolalari bilan vidolasharkan, Shoh Jahonning ahvolidan xabardor bo’lib, unga g’amxo’rlik qilib turishni katta qizi Jahonoro begim zimmasiga yuklaydi.

JAHONORO BEGIM Shoh Jahonning katta qizidir. 1614 yilda tug’ilgan. Shoh Jahonning taxtga o’tirish marosimida Jahonoro begim 14 yoshda edi. Shoh Jahon unga 40 ming dona yoqut javohirlar in’om etib, yana yiliga 600 ming rupiya miqdorda nafaqa ham belgilagan edi.

Onasi Mumtoz Mahal begim vafot etganda Jahonoro begim o’n yetti yoshda edi. Endilikda shoh oilasini boshqarish uning zimmasida edi. Shoh Jahonning qiziga bo’lgan mehri yanada ortadi. U Mumtoz Mahal begimdan qolgan barcha boylik va mulklarni qiziga topshiradi. Oqila Jahonoro begim bilan akasi Doro Shukuh bir-birlariga o’ta mehribon bo’lib, ukasi Avranzeb esa bemehr va xudin edi. Jahonoro begim oilada aka-ukalarini, hatto otasi bilan ukasi Avrangzebning oralarida kelib chiqadigan mojarolarni ustalik bilan bartaraf qilishga mohir edi.

Jahonoro begim saroyda obro’-e’tibori ortaborib, asta-sekin onasi Mumtoz Mahal begimning mavqeini egallaydi. Uning jismi ismiga monand bo’lib, husn-latofatda, aql-idrokda va ilmu odobda tabiat unga saxiylik qilgan edi. Jahonoro begim davlat ishlarini boshqarish, ichki va tashqi siyosat hamda diplomatiya masalalarida otasiga o’zining jo’yali maslahatlari bilan yordamlashardi. Unda bobokaloni Boburshoh kabi me’morchilik va obodonchilikka katta qiziqish va havas bor edi. Binobarin, u Agradagi jome’ masjidining tarxini tuzadi. Dehli, Surat, Ambola, Bahol va Panipat shaharlarida karvonsaroylar qurdiradi. Loxurda esa orombaxsh katta bog’ barpo qildiradi. Jahonoro begim mamlakatdagi g’arib-g’urabo va faqirlarga moddiy yordam urushtirib, kambag’allar uchun uy-joylar qurdiradi. Shuningdek, u Kashmisrda “Pari Mahal” (“Parilar saroyi”) nomli ajoyib bog’ bunyod ettiradi. Shahdxonobodda esa Ali Mardonxon arig’ini qazdirib, naqshinkor hovuz qurdiradi. Jahonoro begim ilm-fan bobida ham qalam tebratgani tarixdan ma’lum. “Risolayi sohibiya” (“Do’stlik haqida risola”) nomli asar uning qalamiga mansubdir.

1658 yilda Avrangzeb taxt talashib, o’z akasi Doro Shukuhni mag’lubiyatga uchratib, ukasi Murod Baxshni zindonga tashlaydi. Bemor, hasta otasi Shoh Jahonni asirga olib, Agradagi qizil tosh saroydagi qamoqda saqlaydi. Ukasi Avrangzebning hatti-harakatlaridan norozi bo’lgan Jahonoro begim mamlakatni aka-ukalar o’rtasida taqsimlashni, jumladan Doro Shukuhga – Panjobni, Murod Baxshga – Gujarotni, Shoh Shuj’oga – Bangolani, Avrangzebning katta o’g’li Muhamamd Sultonga – Dekanni bo’lib berishni maslahat beradi. Ammo Avrangzeb qabul qilmaydi.

Aka-ukalarning, ota-bolaning va do’stlarning orasiga tushgan nizo va ularning fojiali qismati Jahono begimni qattiq iztirobga solidi. Dilxasta malika dunyo ishlaridan qo’l yuvib, otasiga xizmat qilish bilan o’ziga taskin beradi. U 1658 yildan 1666 yilgacha bemor otasi xizmatida bo’ldi. 1666 yilda Shoh Jahon g’aribliqda, Toj Mahal maqbarasidan ko’z uzmay, qizi Jahonoro begim qo’lida hayotgan ko’z yumadi.

Jahonoro begim 1681 yilda oltmish yetti Yoshida vafot etadi. Garchi, u shoh qizi bo’lsa-da, tabiatan kamtar va oliy himmatliligi tufayli boylik hamda shon-shuhratlarga qiziqmaydi. Har holda o’zining vasiyatiga muvofiq bo’lsa kerak, uning qabriga qo’yilgan oddiy qabr toshiga: “Mening qabrimni yashil maysalar qoplasin, zero bir g’arib ojiza uchun yashil maysaning o’zi kifoyadir”, degan so’zlar yozib qo’yilgan.

DORO SHUKUH Shoh Jahonning katta o’g’li bo’lib, u 1616 yilda Mumtoz Mahal begimdan tug’ilgan. Doro Shukuh Ollohobod, Panjob va Mo’ltonda hukmronlik qilgan, uning ixtiyorida 40 ming otliq askar bor edi. Shoh Jahon Doro Shukuhni o’zining valiahdi qilib tayinlangan edi. Binobarin, u hukmron sifatida harakat qilardi. Shoh Jahon Doro Shukuhni juda yaxshi ko’rardi. Shuning uchun bo’lsa kerak, u erka o’sib, harbiy salohiyati past va davlat boshqarishda unchalik uquvi yo’q edi. U garchi, bir necha janglarda ishtirok qilgan bo’lsa-da, o’z atrofidagi kishilarning kayfiyatini chuqur imtihondan o’tkazish, ularni og’ir paytlarda ahvoli ruhiyasini sinash kabi mulohazalardan yiroq edi. U hatto o’z qo’l ostidagi qo’shinning ahvolidan bevosita xabardor bo’lolmasdi. Uning loqayd va kaltabinligi shu darajada ediki, hatto o’ziga berilgan viloyatlarni ham o’zi boshqarmas, balki uning yordamchilari boshqarar edilar.

Shoh Jahon so’nggi yillarda kasalga chalinib, ko’rpa-to’shak qilib yotib qoladi. Binobarin, saltanat ishlarini Doro Shukuh olib borar va shu yo’sin bilan o’z mavqeini mustahkamlayotgan edi. Shuningdek, barcha viloyat hokimlarini yangidan tayinlab, o’zgartirishga qaror qilgan edi. Shoh Jahonning kasalligidan foydalangan shahzodalar – Shoh Shuj’o, Avrangzeb va Murod Baxshlar o’z akalari Doro Shukuhga qarshi o’zaro ittifoq tuzib, jangga otalanadilar.

1657 yil noyabr oyining o’rtalarida Shoh Jahon biroz tuzalgandek bo’ladi. Ammo inqiroz chuqurlashib qolgan edi. Bundan keyingi voqealar yashin tezligida rivojlana bordi. Mazkur yilning dekabrida Ollohobodda Murod Baxsh Shoh Shuj’o esa Bengaliyada o’zlarini podshoh deb e’lon qiladilar. 1658 yil mart oyida Avrangzeb o’z qo’shini bilan Burxonpurdan chiqib, Narbodga o’tadi. Murod Baxsh esa qo’shini bilan Ujayna yaqiniga kelib, Avrangzebga qo’shiladi. Ushbu uchrashuvda Avrangzeb bilan Murod Baxsh o’rtasida tantanali bitim imzolanadi.

Aka-ukalar o’rtasidagi o’zaro birinchi to’qnashuv 1658 yil 14 fevralda Banoras yaqinidagi Bahodirpurda sodir bo’ladi. Valiahd Doro Shukuh ukalari Avrangzeb va Mrod Baxshga qarshi Qosimxon hamda roja Jasvan Singh boshchiligidagi qo’shinni yuboradi. Doro Shukuhning 35 minglik qo’shini bo’lsa-da, biroq qo’shin orasida hamjihatlik yo’q edi. Zotan, jang asnosida Qosimxon Jasvan Singhga hech qanday ko’mak bermaydi. Natijada Doro Shukuhning qo’shini Avrangzebning birinchi hamlasidayoq parokandalikka uchrab, tarqalib ketadi.

1658 yil 29 mayda Agra yonidagi Samugarxda eng katta hal qiluvchi jang bo’ladi. Bu jangda Doro Shukuh 50 minglik qo’shinga o’zi qo’mondonlik qiladi. Biqo mazkur qo’shin turli-tuman harbiy bo’linmalardan tashkil topgan edi. Binobarin, rajputlar hamda Doro Shukuhning shaxsiy bo’linmalaridan boshqa bo’linmalarga ishonib bo’lmasdi. Chunonchi, Doro Shukuhning e’tiborli amirlaridan biri Xalilulloxon hang boshlanmasdanoq Avrangzebga sotilib ketadi. Jang Doro Shukuhning mag’lubiyati va Avrangzebning g’alabasi bilan yakunlanadi. Doro Shukuh qo’shinidan o’n mingdan ortiq kishi jang maydonida qirilib ketadi. Halok bo’lganlar orasida Doro Shukuhning bir necha yetuk sarkardalari, jumladan 9 rajput va 19 musulmon sarkardalari bor edi. Mazkur jang taxt uchun kurashning hal qiluvchi yakuni bo’ladi.

Samugarh jangidan so’ng Doro Shukuh Panjobga qochadi. 1658 yil iyun oyida Avrangzeb poytaxt Agraga kiradi va otasi Shoh Jahonni asir olib, uy qamog’iga solidi. Shundan so’ng Avrangzeb ittifoqchisi, ukasi Murod Baxshni ham ushlatib zindonga tashlaydi.

Doro Shukuh o’ziga tobe’ oz sonli askarlari bilan bir necha oygacha Bias daryosi qirg’oqlarida jon saqlaydi. Avrangzeb har xil makr-xiylalar ishlatib, Doro Shukuh askarlari orasida nizo chiqarishga muyassar bo’ladi. Natijada Doro Shukuh Lohurni tashlab Mo’ltonga, u yerdan Sindga, keyinchalik Gujarotga qochadi. Bu paytda Roja Jasvant Singh Doro Shukuhga yordam berish istagini bildirgan edi. Biroq Avrangzeb Roja Jay Singh yordami bilan Roja Jasvant Singhni o’ziga og’dirib oladi.

1659 yil mart oyida Avrangzeb Doro Shukuh qo’shinining orqa tomonidan o’tib, qattiq zarba baeradi. Bu muvaffaqiyatsizlikdan so’ng Soro Shukuh Ahmadobodga borib, u yerda Qandahor orqali Eronga o’tish maqsadida Sindga chekinadi. Doro Shukuh belujlarning Dadar viloyatining sultoni Malik Jevondan boshpana so’raydi. Zero, bir vaqtlar Doro Shukuh Malik Jevonning hayotini saqlab qolgandi. Endilikda o’zining boshiga og’ir kun tushganda uning sadoqatiga umid bog’lagan edi. Ammo Malik Jevon nonko’rlik qilib, Doro Shukuhni ushlab, Avrangzeb kishilariga topshiradi. 1659 yil 30 avgustda Doro Shukuh qatl qilinib, kesilgan boshni laganga solib, qamoqda bemor yotgan Shoh Jahonga kiritadilar.

Doro Shukuhning o’g’li Sulaymon Shukuh 1658 yilda Garxvil rojasining huzuriga qochib borgan edi. Biroq 1660 yilda Avrangzeb odamlari tarafidan qo’lga olinib, Gvalior qal’asiga qamaladi. U yerda Avrangzebning buyrug’iga binoan shahzoda Sulaymon Shukuhga asta-sekin ta’sir qiluvchi zahar berilib, natijada 1662 yilda qamoqda vafot qiladi.

SHOH SHUJ’O Shoh Jahonning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1617 yilda Mumtoz Mahal begimdan tug’ilgan. Shoh Jahon bu o’g’liga Bengaliya viloyatining hokimligini in’om qilgan edi. Shoh Shuj’o Bengaliyada 17 yil hukmronlik qildi. Shoh Shuj’o tabiatan yalqov va dangasa kishi edi. Garchi gohida g’ayrati jo’sh urib, katta ishlarga bel bog’lasa-da, biroq ko’zlagan ishini oxirigacha olib boraolmas edi.

1658 yil 14 fevralda aka-uka shahzodalar o’rtasida birinchi o’zaro urush boshlanib ketadi. Bu jang Banoras yaqinidagi Bahodirpurda bo’lib, Doro Shukuh o’z o’g’li Sulaymon Shukuh boshchiligidagi yirik qo’shinni ukasi Shoh Shuj’o qo’shiniga qarshi tashlaydi. Shahzoda Sulaymon Shukuh jangda g’olib kelib, amakisi Shoh Shuj’o qo’shinini mag’lubiyatga uchratadi. Shoh Shuj’o jang maydonidan qochib Ollohobod tomonga borib jon saqlaydi va yangidan qo’shin yig’ib Agraga yurmoqchi bo’ladi. Ammo 1659 yil 5 yanvarda Xajvda bo’lgan jangda Avrangzeb o’zining ittifoqchisi bo’lgan kichik akasi Shoh Shuj’o Xajvdagi jangda ukasi Avrangzebdan yengilib mag’lubiyatga uchragach, qoldiq qo’shinlari bilan Bengaliyaga ketadi. Ammo Avrangzeb Shoh Shuj’oni ta’qib qilishni o’zining katta o’g’li Muhammad Sulton bilan saroy bosh vaziri Mir Jumlaga topshiradi. Shoh Shuj’o jiyani Muhammad Sulton bilan maxfiy ravishda muzokara yuritib, o’z qizi Gulruh begimni Muhammad Sultonga xotinlikka berishni va’da qiladi. Lekin shoh qo’shiniga qo’mondonlik qiluvchi Mir Jumla Shoh Shuj’oning qarorgohi Tandani o’rab, xavf ostida qoldiradi. 1660 yil may oyida Shoh Shuj’o o’z oilasi va qirq nafar navkarlari bilan Bengaliyadan chiqib, Birma chegarasidan o’tib, Arakan o’rmoniga qochib boradi. Keyinchalik gollandiyaliklarning ma’lumotiga qaraganda, 1661 yili Shoh Shuj’o va uning bola-chaqalari Arakandagi mahalliy Magh qabilasi tomonidan o’ldirib yuborilgan.

MUROD BAXSH Shoh Jahonning to’rtinchi kenja o’g’li bo’lib, 1621 yilda Mumtoz Mahal begimdan tug’ilgan. Shoh Jahon Murod Baxshga Gujarot hokimligini in’om qilgan edi.

Murod Baxsh akasi Shoh Shuj’odan farqli o’laroq, g’ayratli bo’lsa-da, biroq huzur-halovat va kayf-safoning ketidan quvgan, nodon kishi edi. U qanchalik shijoatli bo’lmasin, akasi Avrangzebning hiyla-nayranglari qarshisida dosh berolmasdi. Uning bemulozahaza xatti-harakatlari o’zi uchun ham, saltanat uchun ham foyda keltirmasdi.

1657 yilda Murod Baxsh kichik akasi Avrangzebni makriga uchrab akasi Doro Shukuhg qarshi kurashishg jazm qiladi. Bu paytd otasi Shoh Jahon kasal yotardi. Murod Baxsh akalari Shoh Shuj’o va Avrangzeblar bilan ittifoq tuzadi. 1657 yil dekabr oyida Ollohobodda Murod Baxsh o’zini podshoh deb e’lon qiladi. 1658 yil mart oyida Avrangzeb o’z qo’shini bilan Burxonpurdan chiqib Narbodga keladi. Murod Baxsh ham o’z qo’shini bilan Ujayna yaqinida Avrangzebga qo’shiladi.

1658 yil 15 aprelda Doro Shukuh o’zining 35 minglik qo’shiniga roja Jasvant Singh va Qosimxonni sarkarda tayinlab, Avrangzeb va Murod Baxshga qarshi yuboradi. Har ikki tomonning qo’shinlari Ujayna yaqinida bir-bilari biln to’qnashadilar. Biroq Doro Shukuh qo’shinida hamjihatlik yo’q edi. Binobrin, jang Doro Shukuhning mag’lubiyati bilan tugaydi.

1658 yil 29 mayda hal qiluvchi eng katta jang Agra yonidagi Samugarxda bo’lib o’tadi. Bu jangda garchi Doro Shukuh 50 minglik qo’shinga shaxsan o’zi qo’mondonlik qilgan bo’lsa-da, biroq uning amirlaridan ayrimlari jang boshlanmasdanoq Avrangzeb va Murod Baxsh bilan til biriktirgan edilar. Shu bois jang natijasi Doro Shukuhning batamom mag’lubiyati va ittifoqchilarning g’alabasi bilan yakunlanadi.

Keyingi voqealar o’z-o’zidan rivojlana boradi. Samugarh jangidan so’ng, 1658 yil iyun oyida Avrangzeb Agraga kirib, taxtni egallaydi. Shu oyning o’zidayoq ukasi Murod Baxshni ham ushlatib zindonga tashlaydi. Murod Baxsh Gvalior zindonida uch yil azob-uqubatda kun kechiradi. Nihoyat, 1661 yilda Avrangzebning buyrug’i bilan Murod Baxshning boshi kesiladi. U 41 yoshida olamdan o’tadi.

Abu Zafar Muhiyiddin Muhammad Avrangzeb Olamgir.

Avrangzeb Shoh Jahonning uchinchi o’g’li bo’lib, 1619 yil 24 sentabrda (1028 yil 15-zulqa’da oyida) tug’ilgan. Onasi Mumtoz Mahal begimdir. Avrangzeb yoshligidanoq aka-ukalariga nisbatan ancha qobiliyatli, sovuqqon, uddaburon, hiyla va nayrang ishlatishga mohirligi bilan ajralib turardi. U yoshligidanoq dindorlik bilan nom chiqarishga harakat qilar va riyokorlik bilan “umrimni ibodat bilan o’tkazmoq uchun Makkatilloga borib, bu foniy dunyo ishlaridan qo’l yuvaman”, deb yurardi. U oddiy xalq ko’ziga o’zini avliyo qilib ko’rsatardi. Zotan, Avrangzeb o’qimishli va bilimdon kishi bo’lib, Qur’onni yoddan bilar, talaygina g’azalarni yoddan o’qir, o’zi ham g’azallar yozardi. Ammo qattiqqo’l, kuchli, irodali, birovning haqida qo’qmaydigan, qon to’kishni oddiy bir zarurat deb biluvchi toshbag’ir kishi edi.

Otasi Shoh Jahon 1636 yilda Avrangzebni Dekan viloyatiag hokim qilib tayinlaydi. 1644 yilda Avrangzeb otasi Shoh Jahonga qarshi harakat boshlaydi. Shoh Jahon bu isyonkor o’g’lini Dekan hokimligidan azl qilib, Balx viloyatida turgan qo’shinlarga boshliq qilib jo’natadi. Keyinchalik Gujarot va u yerda Badaxshonga yuboradi. 1652 yilda Avrangzeb yana Dekan viloyatiga hokim qilib tayinlanadi.

1656 yil fevralda Avrangzeb Golkonda bekligiga qarshi urush boshlaydi. 1657 yilda Bijopur bekligini qo’shib olish uchun otasi Shoh Jahonga hiyla ishlatadi. Chunonchi, 1656 yil noyabr oyida Bijopurning hukmdori Muhammad Odilshoh vafot etadi. Uning o’rniga marhumning yosh o’g’li Ali Odilshoh II keladi. Avrangzeb mazkur yosh hukmdor haqida Shoh Jahonga shunday xabar yo’llaydi: “Go’yo Bijopurning hozirgi hukmdori Ali Odilshoh II marhum Muhammad Odilshohning o’g’li emas, balki kelib chiqishi noma’lum, faqat u marhum hukmdorning haramida tarbiyalangan, xolos”.

Shoh Jahon Bijopur masalasini hal qilishni Avrangzebgning ixtiyoriga topshiradi. Bundan foydalangan Avrangzeb Bidorni zabt qiladi va Bijopurga tajovuzkorona hujum boshlaydi. Bijopur sulton Ali Odilshoh II Dehli bilan muzokara boshlaydi. Shoh Jahon bu masalani adolatli hal qilishni katta o’g’li Doro Shukuhga topshiradi. Doro Shukuh ishni mufassil tekshirib ko’rib, masalani Sulton Ali Odilshoh II foydasiga hal qiladi. Shoh Jahon Bijopurga qarshi urush harakatlarini darhol to’xtatish haaqida Avrangzebga farmon yuboradi. Avrangzeb Bijopur sultoni bilan sulh tuzib, orqaga qaytishga majbur bo’ladi. Mana shu voqeadan so’ng ko’p o’tmay Shoh Jahon kasal bo’lib yotib qoladi.

Temuriy shahzodalarning orasida taxt uchun kurash tasodifiy hole mas, balki odat tusiga kirib qolgan edi. Biroq Shoh Jahonning farzandlari o’rtasida vujudga kelayotgan taxt uchun o’zaro kurash qonli urushlarga aylanib ketdi. Chunki ularning harbiy kuchlari bir-biridan kame mas, boz ustiga saroy a’yonlari guruhlarga bo’linib, har bir guruh bir shahzoda tomonida turardi.

Garchi asli nomi Muhiyiddin Avrangzeb (taxt bezagi, taxt yarashig’i) bo’lsa-da, taxtga o’tirgach, o’zini Abu Zafar Muhiyiddin Muhammad Avrangzeb Olamgir deb e’lon qiladi. Binobarin, tarixda “Avrangzeb Olamgir” nomi bilan mashhurdir.

Avrangzebning hukmronlik davri (1658-1707) Hindistonda boburiylar saltanati quyoshning qiyimga chiqqan davri bo’ldi. Agar ramziy ma’noda taqqoslansa – boburiy saltanatning mezanasiga o’rnatilgan hilol oy – 14 kunlik to’lin oyga aylangan edi.

Avrangzeb taxtga o’tirgach, o’z hokimiyatini kengaytirish uchun to’xtovsiz jangler olib bordi. Avrangzebning hukmronlik davrini tarixchilar ikki faslga bo’ladilar. Birinchi fasl 1658-1681 yillar bo’lib, Avrangzebning diqqat markazida asosan g’arbi-shimoliy va sharqi-shimoliy Hindistondagi voqealar turardi. Avrangzeb bu yerda rajputlrga qarshi jangler olib borish va shimoliy Hindistonning sharqiy va g’arbiy chegaralarini mustahkamlashga harakat qiladi. Uning hukmronligining ikkinchi fasli – 1682-1707 yillarda esa, u asosan o’z diqqatini mamlakatning janubiy qismidagi voqealarga qaratadi. Zotan, bu yerda Shivadji maratxlar davlatini tuzgan edi. Bu davlat aslida 1674 yilda rasman mustaqil deb e’lon qilingan bo’lsa-da, Avrangzeb saltanatiga tinchlik bermas edi. Binobarin, Avrangzeb o’z hukmronlik davrining ikkinchi pallasid, eng yaxshi harbiy sarkardalari va saroy a’yonlari bilan janubda yashashga majbur bo’ladi. Chunki bu yerda muhim voqealar sodir bo’layotgan edi.

Avrangzeb o’zining 49 yillik hukmronlik davrida, ota-bobolari kabi me’morchilik, qurilish, adabiyot va san’at rivoji uchun qayg’urmadi. Akbarshohning dinlar tengligi siyosatiga amal qilmadi. U islom dinidan boshqa dinni va sunna mazhabidan boshqasini tan olmadi. Uning rahbarligida Hindistond “Shar’iy fatvolar majmuasi” yaratilib, unga “Faravoiy Olamgiriy” deb nom berildi. Bundan keyingi adolatli sud ishlari mazkur qonunlar to’plami asosida olib boriladigan bo’ldi.

Avrangzeb hind xalqining boshiga ko’p kulfatlar soldi. U 1679 yilda msulmon bo’lmagan xalqlarga solinadigan “Juz’i jon” solig’ini qaytadan joriy qildi. Hind xalqining ibodatxonalaridagi oltin va kumush jihozlarini xazina (baytulmom) foydasiga tortib olib, ibodatxona binolarini esa masjidga aylantirdi. Masalan, Udaypur va Chitorning o’zida 200 ibodatxona buzib tashlangani tarixdan ma’lum. 1665 yilda boj to’lovi haqida farmon e’lon qilinadi. Farmonga muvofiq musulmon savdogarlaridan 2.5 foiz, hindi savdogarlaridan 2.5 foiz, hindi savdogarlaridan esa 5 foiz boj olish qonun bilan tasdiqlangan edi. 1669 yil Avrangzeb barcha viloyat hokimlariga musulmon bo’lmagan aholining hamma maktab va ibodatxonalarini buzib tashlashga farmon beradi. 1671 yilda barcha mahkamalarda ishlovchi kotiblar va boshqa xizmatchilar musulmonlardan bo’lishi lozimligi haqida ko’rsatma bergan edi. Biroq, kotiblar hindlardan bo’lmasligi mumkin emasligi ma’lum bo’lgach, yarim hindlardan, yarmi musulmonlardan bo’lishi haqida qo’shimcha farmon beriladi. 1695 yilda rajputlardan tashqari barcha hindlarning taxtiravonda, fil va zotli otlarga minib yurishi shuningdek, qurolga ega bo’lishi man etiladi. Avrangzebning bunday ichki siyosati mamlakatda juda katta noroziliklarga olib keldi. Tinimsiz jangu jadallarda tinkasi qurigan xaalq uchun bu farmonlar og’ir yuk edi. Binobarin, mamlakatning har yer-har yerida xalq qo’zg’olonlari, hokimlar fitnasi va amaldorlar isyoni ko’tarila boshladi. 1690 yilga kelganda Avrangzeb saltanati o’zining eng yuqori pog’onasiga chiqqan edi. Go’yo butun Hindiston mamlakati Avrangzeb oyog’i ostida turgandek edi. Biroq haqiqatni olganda hamma narsa qo’ldn ketgan, mamlakatda boburiylaar saltanati inqirozga yuz tuta boshlagan edi. Mamlakatda rajputlar, maratxlar qo’zg’oloni avjga chiqdi. Hatto Avrangzebning to’rtinchi o’g’li Muhammad Akbar ham rajputlar tomoniga o’tib, 1681 yil yanvar oyida o’zini podshoh deb e’lon qiladi.

Avrangzeb 49 yil hukmronlikdan so’ng, 1707 yilda 89 yoshida Ahmadobod shahrida vafot etadi. “Tazkirat-ul-havotun” nomli asarda yozishicha, Avrangzebning besh o’g’li va besh qizi bo’lgan. O’g’illari – Muhammad Sulton, Muazzam Shoh (keyinchalik Bahodirshoh), A’zam Shoh, Muhammad Akbar va Kom Baxsh, qizlari – Zubdatniso, Zebunniso, Ziynatniso, Badriniso va Mehrinisolardir.

ZEBUNNISO BEGIM- Boburning pannevarasi, Abu Zafar Muhiyiddin Muhammad Avrangzeb (taxt bezagi) Olamgirning qizidir. Uning onasi Dilrasbonu begim Shohnavozning qizi bo’lib, Boburning Gulbadan ismli qiziga borib tutashadi. Zebunniso begim 1639 yil fevral oyida (1048 yil, shavvol oyi) Dehlida tug’ilgan.

Zebunniso begim o’z zamonasining fozila ayollaridan Hafiza Maryam qo’lida savod chiqargan. Avrangzeb Zebunniso begimning shoirlik iste’dodini sezgach, unga o’z davrining yetuk olimlarida Mullo Muhammad Ashraf Isfaxoniy va Mullo Jevonni Muallim qilib tayinlaydi. Zebunniso begim zabardast shoira, yetuk olima, tanbur chertuvchi usta sozanda va mohir hattor bo’lib yetishadi. Arab va fors tillarining sarfu nahf (morfologiya va sintaksis)ini, fiqh (qonunshunoslik), mantiq, falsafa, tarix fanlarini puxta o’zlashtiradi. U nasta’liq, nash va shikasta xatlarini zo’r mahurat bilan yozgan. Shu bois Qur’onni bir necha marotaba husnixatda ko’chirgan va yoddan qiroat bilan o’qigan.

Zebunniso begimning chiroyli bir devoni bo’lgan. Yana tasavvuf falsafasiga oid “Munis ul-arvoh” nomli asari ham bor. Tafsir sohasida 769 varaqli qo’lyozmadan iborat “Zab at-tafosir” (Go’zal tafsirlar)ni yozadi. Bundan tashqari, ilohiyotga oid “Zeb an-nashaot” nomli asar yozib, uni ustoziga bag’ishlaydi. Shuningdek, Hindiston musulmonlari orasida dasturulamal bo’lib qolgan “Fatavoyi Olamgiriy” (“Shariat qonunlari majmuasi) nomli asarni fors tiliga tarjima qildiradi. Zebunniso begim oliy himmatli va saxovatli bo’lgan. U o’z zamonasining olimlari, shoirlari va san’at ahllariga g’amxo’rlik va homiylik qilgan, xullas ilm va fanning rivojiga muhim hissa qo’shgan. Zotan, “Olami islom” tazkirasida qayd etilgan “Otasi Avrangzeb hukmdorlik bilan qozonaolmagan shuhratni, Zebunniso begim ilm va odob bilan qo’lga kiritdi”, iborasi fikrimizning dalilidir.

Zebunniso begim umrining oxirigacha juftlikni ixtiyor qilmadi. “Muntahabut-tavorix” muallifining yozishicha, Zebunniso begim kunlarda bir kun opasinikiga mehmon bo’lib boradi. Ittifoqo, opasining to’lg’oq tutib, qattiq azob chekim, o’lim bilan olishayotgan paytiga to’g’ri keladi. Shunda Zebunniso begim, agar juftlikning oqibati shu bo’lsa, dunyodan toq o’tganim bo’lsin, – deb ahd qilgan ekan. Ko’pgina tarixiy asarlarning guvohlik berishicha, Zebunniso begim yoshligida Oqilxon Roziy ismli shoir tabiat bir yigitga ko’ngil beradi. Oqilxon Roziy ham Zebunniso begimga ishqiy misralar yo’llab turgan. Ammo Oqilxon Roziyning qaysi bir jihati shoh Avrangzebga ma’qul kelmas, binobarin, oshiq-ma’shuqlarning pinhona uchrashuvlarini ta’qib ostiga oladi. Rivoyatlardan birida aytilishicha, kunlardan bir kun Zebunniso begim bilan Oqilxon Roziy bog’da uchrashib turganlarida, tasodifan Avrangzeb boqqa kirib keladi. Darhol oshiq-ma’shuqlar o’zlarini panaga olishadi. Bog’ning bir chetida katta ziyofatlar uchun qazilgan yer o’choqqa o’rnatilgan katta doshqozon mis qopqog’i bilan turar edi. Oqilxon Roziy shoh g’azabidan cho’chib, ana shu qozon ichiga tushib olib, ustidan qopqoqni yopadi. Shoh Avrangzeb Oqilxon Roziyning berkinganini ko’rib qoladi va to’g’ri kelib qozon qopqog’ining ustiga chiqadi va bakovulini chaqirib, o’choqqa olov yoqishni buyuradi. O’choqqa olov yoqilib, qozon qiziydi, qopqoq ostidan jizg’anak hid bilan tutun chiqadi-yu, ammo hech qanday nido eshitilmaydi. Avrangzeb qopqoqdan tushib, bakovulga qopqoqni ochishni buyuradi. Qopqoq ochilganda qozon ichida yarim qoraygan Oqilxonning jasadi ko’rinadi. Ikkinchi bir rivoyatda, ko’zoynakli ilon solingan qafasga tashlab, ilon zahri bilan o’ldirilgan, deyiladi.

Oqilxon Roziyning o’limidan so’ng Zebunniso begim qalbida yangi yor uchun o’rin qolmaydi. U poyoniga yetmagan ishqiy dostonini kuylab o’tadi. Zebunniso begim 1702 yilda 63 yoshida Dehlida vafot etadi. U Dehlidagi “Zarzari” qabristoniga dafn etilgan. Zebunniso begimning qabr toshiga shoiraning g’oyat kamtarlik bilan aytgan quyidagi bayti yozilgan: “Bag’ayri sabza napo’shad kase mazori maro, ki qabrpo’shi g’aribon hamin giyoh bas ast”. (Hech kim mening qabrimni sabzadan o’zga narsa bilan yopmasin, g’ariblar qabrini yopmoq uchun shu giyohning o’zi basdir).

Zebunniso o’z davri an’anasiga ko’ra, fors va arab tillarini qunt bilan o’rgangan. Shu tillarda g’azallar bitgan. Zebunniso begim Mirza Bedilning qiziga murabbiylik qilib, uni kamolga yetkazgan.

MUHAMMAD SULTON Avrangzebning katta o’g’li bo’lib, 1637 yilda tug’ilgan. Muhammad Sulton bobosi Shoh Jahonning otasi Avrangzeb bilan birga qatnashgan. Binobarin, harbiy salohiyati ancha bor edi.

1659 yil 5 yanvarda Avrangzeb o’z akasi Shoh Shuj’oni Hajvda tor-mor qilgach, Shoh Shuj’o Bengaliyaga qochadi. Ammo, Avrangzeb Shoh Shuj’oni ta’qib qilishni o’g’li Muhammad Sulton bilan sarkarda Mir Jumlaga topshiradi. Shoh Shuj’o maxfiy ravishda Muhammad Sulton bilan kelishuv tuzadi. Kelishuvga ko’ra, Shoh Shuj’o o’z qizi Gulruh begimni Muhammad Sultonga, xotinlikka bermoqchi bo’ladi, shahzod taklifni qabul qiladi. Garchi endilikda Shoh Shuj’o uchun Muhammad Sulton tarafidan xavf-xatar bo’lmasa-da, biroq Mir Jumlaning jangovarlik faoliyati kundan-kunga o’sib borardi. Nihoyat, Shoh Shuj’o joylashgan qarorgohi Tanda shahari Mir Jumla qo’shinlari tomonidan o’rab olinadi. 1660 yil may oyida Shoh Shuj’o o’zining qirqta tarafdorlari va oilasi bilan Bengaliyani tashlab, Birma chegarasidan o’tib – Arakan o’rmoniga qochadi.

Shoh Shuj’o qochib ketgach, Bengaliyadagi urush harakatlari to’xtaydi. Muhammad Sulton otasi Avrangzeb huzuriga qaytib keladi. Biroq Muhammad Sultonning amakisi Shoh Shuj’o bilan bo’lgan maxfiy muzokaralari Mir Jumla tomonidan Avrangzeb qulog’iga yetkazilgan edi. Avrangzeb Muhammad Sultonning qilmishlaridan g’azablanib, go’yo uni taxtga da’vogar sifatida ayblab, zindonga tashlaydi. Xitoy tarixchisining yozishichaa, Avrangzebning kichik qizi otasining bu harakatiga qarshi turgani uchun uni ham akasi yoniga qamaydi. Nihoyat aka-singil qolgan umrlarini xor-zorliklar bilan qamoqqa o’tkazib, zindonda vafot qiladilar. Muhammad Sulton zindonda vafot etganda 35 yoshda edi.

A’ZAM SHOH Avrangzebning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1643 yilda tug’ilgan. Shahzoda A’zam Shoh otasi Avrangzeb vafot etganda ukasi Kom Baxsh bilan birga Dekanda hokim edi. Otasining vafotini eshitgach, taxtg da’vogar bo’lib, Agraga qarab yuradi. A’zam Shoh 65 ming otliq va 45 ming piyoda askar bilan poytaxt Agraga yaqinlashadi. Ammo Agrada hokimiyatni qo’lga olgan ukasi shahzoda Muazzam (Shoh Olam)ning qarshiligiga uchraydi. 1707 yil 18 iyunda Agra yonida bo’lgan jangda Avrangzeb davrida zo’r e’tiborga ega bo’lgan Asadxon va uning o’g’li Zulfiqorxon A’zam Shoh tarafida turardilar. Shunga qaramay, A’zam Shoh jang maydonida katta talafot ko’rib, mag’lubiyatga uchraydi. Bu jangda har ikki tomondan 10 ming kishi halok bo’ladi. A’zam Shoh butunlay tor-mor qilinib, uning o’zi va ikki o’g’li jangda halok bo’ladilar.

MUHAMMAD AKBAR Avrangzebning to’rtinchi o’g’li bo’lib, 1647 yilda tug’ilgan. Muhammad Akbar Avrangzebning bir necha janglarida qatnashadi. 1679 yilda maxarajlar ustiga qilingan yurishda asosan Muhammad Akbar boshchilik qilardi. Maxarajlar jangda yengilsalar-da, biroq jangni to’xtatmaydilar. Ular tog’ va sahrolarga tarqalib, shoh askaarlariga tinchlik bermaydilar. Muhammad Akbar bir necha marta tasodifiy hamlalardan qutilib qoladi va ularga qarshi kurashda hech bir ish chiqara olmaydi. Bu ahvoldan g’azablangan Avrangzeb o’g’li Muhammad Akbarni Marvga jo’natib, Marvardagi qo’shinga boshliq qilib ikkinchi o’g’li A’zam Shohni sarkarda qilib tayinlaydi.

Xuddi shu paytda Muhammad Akbar Shohga qarshi qo’zg’olon ko’targan rajputlarga kelib qo’shiladi va 1681 yil yanvarda o’z otasini taxtdan tushirilgan deb, o’zini podshoh deb e’lon qiladi. Muhammad Akbarning bu xiyonati maharaj Raj Singhning ta’siri edi. Biroq, 1680 yil oktabr oyida Raj Singh vafot qiladi. Uning o’rniga o’tirgan Jay Singh bir necha vaqt davomida hech qanday harakatga boshchilik qilmaydi. Natijada, Muhammad Akbarning qilgan harakati ancha kechikishga sabab bo’ladi. Shunga qaramay, 1681 yilda Muhammad Akbar Ajmirga qarshi yurish boshlaydi. Chunki bu paytda Shoh Avrangzeb Ajmirda edi. U tezkorlik bilan harakat qilmaydi. Aksincha, ikkilanib, sustkashlik qiladi. Bu davrda shoh qo’shinining qudrati ikki barobar oshib ketadi. Bu jangda Muhammad Akbarning o’ng qo’li Tahovarxon o’ldirilgach, qo’shin orqaga chekinadi. Xuddi shu asnoda Avrangzeb Muhammad Akbar nomiga yozilgan qalbaki “maktub”ni rajputlar qarorgohiga xufyona tashlattiradi. Maktub Avrangzeb qo’li bilan yozilgan bo’lib, go’yo o’g’li Muhammad Akbarni “hech narsadan xabarsiz, anqov rajputlarni o’limga yetaklab kelishning eng yaxshi usulini o’ylab topgani uchun” uni ko’klarga ko’tarib maqtagan edi.

Bu maktub rajputlar orasiga kelib tushgach, Muhammad Akbarga ishonchsizlik kuchyib, undan yuz o’giradilar. Muhammad Akbarning hayoti xavf ostida qoladi. Birlashgan kuchlar tarqaydi va Muhammad Akbar o’z hayotini saqlab qolish uchun qochishga harakat qiladi. Ammo Durgadas maktubining soxtaligini aniqlagach, Muhammad Akbarni o’z panohiga oladi va qurolli kishilar nazorati ostida maratx hukmdori Sambxujining saroyiga olib borib qo’yadi.

Maratxlar hukmdori Shivajining o’g’li Sambxuji jasoratli odam edi. Lekin maishatni yaxshi ko’rardi. U Shoh Avrangzeb tomonidan yaqinlashib kelayotgan xavfni xatarli darajada tahlil qilmas, binobarin asosiy kuchni shohga qarshi qo’yish o’rniga, mayda bo’laklarga bo’lib tashlab, mayda dushmanlarga qarshi kurashishga harakat qilardi. 1682 yil 22 martda Avrangzeb o’zining uch o’g’li va eng jasoratli lashkarboshilari bilan birga Avrangobodga keladi. Uning maqsadi maratxar hukmroni Sambxujiga qat’iy zarba berish va isyonkor o’g’li Muhammad Akbarni qo’lga kiritish edi. Bu payda Muhammad Akbar maraxtlar hukmdori injiq va tajang Sambxuji bilan janjallashib qoladi va dengiz orqali qayiqda suzib Eronga o’tib ketadi. U 1705 yilda Eronda vafot etadi. Muhammad Akbaarning katta o’g’li Shoh Olam 1677 yildaa Golkonda hukmdori bilan o’z sulolasi va toj-taxtni saqlab qolish maqsadida muzokara yuritadi. Biroq Shoh Olamning bu harakati xoinlik deb qaraladi va Avrangzeb nabirasi Shoh Olamni zindonga tashlaydi. Shoh Olam zindonda yetti yil yotgach, ozodlikka chiqadi.

KOM BAXSH Avrangzebning beshinchi o’g’li bo’lib, 1667 yilda tug’ilgan. Kom Baxsh Avrangzeb vafot etganda Dekanda edi. Otasi Avrangzeb taxtiga o’tirgan Shoh Olam (keyinchalik Bahodirshoh) ukasi A’zamshohni o’ldirgandan keyin ham tinchimadi. U qo’shin tortib mamlakatining janubiga, ya’ni kichik ukasi shahzoda Kom Baxshga qarshi yurish qiladi. 1709 yil 13 yanvarda Bahodirshoh o’z qo’shini bilan Haydarobodga kelib Kom Baxshni tor-mor qiladi. Urushda Kom Baxsh yaralanib o’ladi.

MUAZZAM-SHOH Avrangzebning uchinchi o’g’li bo’lib, 1645 yildaa tug’ilgan. U g’ayratsiz va qo’rqoq odam edi. Dekanda o’n bir yil hokimlik qildi. Uning asosiy yordamchisi Dalirxon ochiq-oydin unga qarshi chiqardi. Shoh Olam bilan Dalirxon ochiq-oydin unga qarshi chiqardi. Shoh Olam bilan Dalirxon o’rtasidagi dushmanlik (xusumat) shu darajaga borib yetadiki, go’yo Dekanda shohga tegishli mulklarda o’zaro urush ketayotgandek edi. Umuman, Shoh Olam hokimiyatni boshqarishda tadbirsiz hukmron edi.

Avrangzeb vafotidan so’ng taxt uchun kurash avjiga chiqdi. Bu vaqtda Shoh Olam taxt uchun bo’lajak kurashlarga xufiyona tayyorlik ko’rayotgan edi. Binobarin, otasining vafotini eshitgach, darhol Agraga qarab yurdi. Uning ikkinchi o’g’li Azim ush-Shon Bengaliyada hokim edi. Tezlikda Azim ush-Shonga xabar yuborilib, u Bengaliyaning boyliklarini ortib Agraga qarab yuradi va shaharni qo’lga kiritadi. Biroq shahar qal’asi hali taslim bo’lmagan edi. Agraga Shoh Olamning yaqinlashishi bilan qal’a boshlig’i qal’ani taslim qiladi. Shoh Olam o’z ukalariga qarshi kurash boshlaydi. Taxtga da’vogar sifatida poytaxtga 110 minglik qo’shin bilan yaqinlashib kelgan A’zam Shohga qarshi 1707 yil 18 iyunda Agra yaqinida qattiq zarba beradi. Bu jangda har ikki tomondan 10 mingdan ortiq kishi halok bo’ladi.

A’zam Shoh va uning ikki o’g’li bu jangda o’ldiriladi.

Ammo Panjobda singhlar qo’zg’oloni davom etayotgan edi. Garchi, Shoh Olam (keyinchalik Bahodirshoh) singhlarning Loxgarx qal’asini zab etgan bo’lsa-da, singhlar toqqa qochib, u yerdan shoh qo’shiniga tinchlik bermasdilar. Marvar hukmdori Ajit Singh Bahodirshohga taslim bo’ladi. Ko’p o’tmay yana bosh ko’taradi va yana taslim bo’ladi. Nihoyat, Ajit Singh xon xizmatiga qabul qilinadi.

Bahodirshoh shunday lalaygan qat’iyatsiz ediki, hatto o’ziga vazir tanlashda ham bir fikrga kelolmagan. U o’zining avvalgi vaziri Munimxon bilan otasi Avrangzeb davrida xizmat ko’rsatgan va Avrangzebga obro’-e’tibor keltirgan Asadxonni farq qila olmay, qaysi birini vazirlika tayinlashni ham hal etolmay, nihoyat, mamlakat idora ishlarini har ikkoviga bo’lib beradi. Buning oqibatida har ikki vazir o’rtasida tuganmas kurash boshlanib, bu esa mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Bahodirshoh 1712 yil fevral oyida vafot etadi.

Jahondor Bahodirshohning katta o’g’li bo’lib, 1668 yilda tug’ilgan. Otasi Bahodirshoh vafotidana so’ng, uning to’rt o’g’li o’rtasida taxt uchun kurash boshlanib ketadi. Bahodirshohning ikkinchi o’g’li Azim ush-Shon boshqa aka-ukalariga qaraganda ancha tadbirkorroq edi. Zulfiqorxon avval uch aka-uka – Jahondorshoh, Rofi ush-Shon va Jahon Shohlarni birlashtirib, Azim ush-Shonga qarshi kurash boshlaydi. Natijada, Azim ush-Shon (1670-1712) tor-mor etilib, uning o’zi esa qatl qilinadi. Azim ush-Shon o’rtadan olib tashlangach, Jahondorshoh, Rofi ush-Shon (1672-1712) va Jahon Shohlar (1674-1712) o’rtasida nizo boshlanib, Rofi ush-Shon bilan Jahon Shohlar o’ldiriladi. Shundan so’ng, yengiltak, hukmdorlikka noloyiq Jahondorshoh taxtga o’tiradi. Zotan, voqeaning bunday tus olishi Zulfiqorxonning foydasi bo’lib, iste’dodsiz hukmronni har maqomga solish mumkin edi. Ammo Zulfiqorxonning sevinchi uzoqqa bormaydi, Oradn bir yil o’tmasdan Azim ush-Shonning o’g’li Farrux Siyar, aka-uka sayyidlar – Hasan Ali (keyinchalik Abdullaxon nomi bilan mashhur bo’lgan) va Zulfiqorxonga Agra yaqinida zarba beradi. 1713 yilda Jahondorshoh bilan Zulfiqorxon o’ldiriladi.

FARRUH SIYAR 1688 yilda tug’ilgan. Azim ush-Shonning o’g’lidir. U 1713 yilda hokimiyatga keladi. Farrux Siyar iste’dodsiz, bo’shang, yolg’onchi, qo’rqoq odam edi. Binobarin, 1713-1720 yillar mobaynida davlat ishlarini yuqorida eslatganimiz aka-uka sayyidlar boshqardilar. Hasan Ali vazirlik mansabini, Husayn Ali esa Mir-baxshi amalini qo’lga kiritgan edilar. Bundan tashqari sayyidlar yana ikki viloyat (suba)ni ham o’z ixtiyorlariga kiritgan edi. Ammo Farruh Siyar sayyidzodalardan qutilish yo’lini qidirib, maxfiy ravishda ularga qarshi fitna tayyorlaydi. Shoh bilan sayyidlar orasida tez-tez nizolar vujudga kelaboshlaydi. Farruh Siyar maxfiy ravishda Mevar hukmdori Ajit Singhni tezlab qo’yib, Husayn Alini Ajit Singhni bo’ysundirishga jo’natadi. Husayn Ali Mevarga borib, Ajit Singhni bo’ysundirib qaytadi. Farruh Siyar Bengaliyaga o’zining bosh mushovii Mir Jumlani yuborish istagida edi. Dekan hukmdorligini Nizom ul-Mulk o’rniga Husayn Ali o’z qo’liga oladi. Farruh Siyar esa yangidan-yangi fitnalarni uyushtira boradi. Nihoyat, Husayn Ali o’z qo’shinlarini yig’ib, shimolga – Farruh Siyarga qarshi yurish boshlaydi. Uning bu yurishida maratxlar ham o’z hissalarii qo’shadilar. Husayn Ali poytaxtga bosib kelib, Farruh Siyarni asirga oladi. Farruh Siyarning uzr va zori – tavallosi inobatga olinmaydi. Shoh saroyi qo’lga kiritilib, ikki oyga o’tgach, Farruh Siyarni qatl qiladilar. Rivoyatlarga qaraganda, “Ahkomi olamgiri” asarida Avrangzebning o’z farzandlariga vasiyatnomasi ilova qilingan ekan. Vasiyatnomada Avrangzeb o’z bolalariga Barxiy sayyidlariga nisbatan qanday muomala yuritish haqida quyidagilarni yozib qoldirgan deyiladi: “Barxiy sayyidlari bilan bo’ladigan munosabatda nihoyatda ehtiyotkor bo’lmoqlaringiz lozim. Qalblaringizda ularga nisbatan mehr bo’lmasa ham, ammo zohiran uni aks ettirmang, ularni katta mansablarga qo’yib, darajalarini balang ko’tarmang. Zero, hokimiyatda hukmdor uchun kuchli yordamchi tez orada hokimiyatni o’z qo’liga kiritishga harakat qiladi. Agar siz ularga hokimiyatni bir lahza boshqarishni topshirsangiz, buning oqibati sizning halokatingiz bilan yakunlanadi”. (1719 yilda Farruh Siyar o’z nodonligi va beparvoligi tufayli ularning qurboni bo’ldi. 1719 yilda Farruh Siyar halokatidan so’ng, taxtga Bahodirshohning nabirasi Rofi ush-Shonning o’g’li kasalmand Rofi ud-Darajot (1692-1719) o’tiradi. U sil kasaliga mubtalo bo’lib, tez kunda kasallik uni so’litib qo’yadi. U 1719 yilda taxtni o’z ukasi Rofi ud-Davlaga (Shoh Jahon II 1696-1719) beradi. Biroq, Rofi ud-Davla ham kasalmand edi. 1719 yilning sentabrida u ham olamdan ko’z yumadi.

MUHAMMAD SHOH 1719 yil sentabr oyida Bahodirshohning nabirasi, Jahonshohning o’g’li Ravshan Axtar (1692-1748) taxtga o’tiradi. Ravshan Axtar keyinchalik o’zini Muhammadshoh deb ataydi. Muhammadshoh taxtga o’tirgan vaqtda, aka-uka sayyidlarning zo’ravonligi haddan oshgan edi. Ular deyarlik mamlakatning hamma joyida o’z hukmronligini o’rnatgan, shohni esa qo’g’irchoqq aylantirgan edilar. Ammo ularning xatti-harakatlariga qarshi, shoh saroyida va butun mamlakatda norozilik alomatlari vujudga kelayotgan edi. Saroy a’yonlari orasida ham aka-uka sayyidlarga qarshi guruh paydo bo’ladi. Bu guruh Dekanda mustaqil o’rnashib olgan Nizom ul-Mulk boshchiligida harakat qilardi. Husayn Ali podshoh Muhmmadshohni majburan Dekan hokimi Nizom ul-Mulkka qarshi jangga majbur qilib, katta qo’shin bilan Dekanga yurish boshlaydi. Ammo Husayn Ali bir necha kishilar tomonidan o’ldiriladi. Podshoh qotillarni jazolash o’rniga ularga xayrixohlik bildiradi. O’z ukasi Husayn Alining o’ldirilganini eshitgan Hasan Ali taxtga boshqa shahzoda – Rofi ush-Shonning o’g’li Muhammad Ibrohimni o’tqizadi. Lekin Muhammadshoh – (janubga keyotgan) o’z qo’shinini shimolga qarab buradi va Jamna daryosi yaqinida Bilochpurga yaqin joyda Hasan Ali qo’shini bilan ro’baro keladi. Qattiq jangda Hasan Ali batamom yengiladi va asirga olinadi. Oradan ikki yil o’tgach, 1721 yild Hasan Ali zindonda zaharlanib o’ldiriladi. Muhammad shoh mazkur aka-uka sayyidlarni o’z valine’matlariga qarshi kurashganliklari uchun birini “harom namak”, ikkinchisi esa “namak harom” deb atashga buyuradi. Aka-uka sayyidlarning hukmronlik davrida sikhlar harakati shafqatsizlik bilan bostirilgan edi.

Muhammadshoh maishatparast kishi edi. U boburiylar davlatining avvalgi obro’-e’tiborini, shuningdek, qo’shinning qadimiy jangovarlik salohiyatini qaytadan tiklashga qodir emas edi. U kechayotgan voqealar jarayoniga tamoman befarq qarar, imperiyani halokatdan qutqarib qolish borasida deyarli hech qanday chora-tadbir ko’rmas edi. Uning qariyb o’ttiz yillik (1719-1748) hukmronlik davrida Akbarshoh, Jahongirshoh, Shoh Jahon va Avrangzeblar davridagi barcha shon-shavkatlar birin-ketin qo’ldan keta boshladi. Bobur asos slogan qudratli davlat endilikda kuchsiz va o’zini-o’zi boshqara olmaydigan tarqoq davlatga aylanib qoladi.

Muhammadshohning iste’dodsizligidan foydalangan Nizom ul-Mulk va shunga o’xshash bek hamda amaldorlar o’z vaqtida qulay fursatdaan foydalandilar. Nizom ul-Mulk yana ikkinchi marta Dekanga (1724-1748) hokim bo’lib oladi. U rasman shoh hokimiyatini tan olsa-da, amalda mustaqil hukmron edi. Nizom ul-Mulk Haydarobod xonligini vujudga keltirib, unga asos slogan edi. Hatto, 1739 yilda Hindistonga bosib kirgan Nodirshoh Hindiston shohlik tojini qaytadan Muhammadshoh boshiga kiydirayotib, Nizom ul-Mulkdan doim ogoh bo’lishni, chunki u Dehli saroyida eng ayyor, o’z manfaati yo’lida hech qanday ishdan qaytmaydigan, uddaburon, maslaksiz a’yonlardan biridir, deb uqtirgan edi. Ammo, Muhammadshohning irodasizligi, qat’iyatsizligi natijasida Avdda Saodaatxon, Bengaliyada Aliverdixon mustaqil hokim bo’lib oladilar. Marathar esa Malva, Bundelkxand, Gujarot, Berar va keyinchalik Orissani bosib oladilar.

1739 yil fevral oyida Eron hukmdori Nodirshoh Hindistonga bosib kiradi. Nodirshoh 1737 yilda afg’onlar qal’asi Qandahorni bosib oladi. Afg’onlarning ko’pchiligi Qandahordan qochib, Kobulga keladilar. Nodirshoh o’zining norozilik bayonotini elchi orqali Dehliga jo’natadi. Nodirshoh talabini bajarish o’rniga, uning elchisini Dehlida bir yilcha ushlab turadilar. Nodirshoh Hindistonga bostirib kirishga qaror qiladi. Tanazzulga yuz tutaboshlagan Hindiston hukumati Afg’oniston va Panjob chegaralarini mustahkamlashga e’tiborsiz qaraydi. Nodirshoh bir zarba bilan Afg’onistonni zabt etib, Haybar o’tish yo’lini muhofaza qilayotgan Hind qo’shinlarini tor-mor qiladi. Nodirshoh 1738 yil noyabrida o’zining otliq va piyoda askarlari bilan Peshovarga kirib, dekabrda Panjobga qarab yuradi. Panjobning hukmdori Zakariyoxon bir oz qarshilikdan so’ng taslim bo’ladi. Nodirshoh Loxurdan Karnalga qarab yuradi va Panipat yaqinida hind qo’shinlari bilan to’qnashadi. Nodirshoh hind qo’shinining orqa tomonidan hujum qilib, Panipatni qo’lga oladi va shoh qo’shinining sakkiz mingdan ziyodroq hind askari qilib ketadi. Jang uch soat davom etadi. Sulh muzokaralari boshlanadi. Ko’p tortishuvlardan so’ng, Dehli hukumati eronliklarga besh million rupiya to’lov to’lasa, Eron qo’shini Dehli saltanatidan chiqib ketishga qaror beradi.

Biroq hindlar uchun mana shunday og’ir vaziyatda Dehli saroy a’yonlari orasida hasad va baxillikka yo’l ochuvchi bir voqea sodir bo’ladi. Jangda yaralangan Mir-baxshi lavozimidagi Xon Davron vafot etadi. Nizom ul-Mulk esa mazkur Mir-baxsh lavozimiga o’z o’g’lini tayinlatishga Muhammadshohni ko’ndiradi. Nodirshoh qo’lida bandilikda turgan Saodatxon bu xabarni eshitgach, hasad o’tida qovrilib, Nodirshohni Dehliga bosib kirishga va u yerdan besh million emas, balki 200 million rupiylik qimmatbaho javohirlarga ega bo’lishini uqtiradi. Nodirshoh navbatdagi uchrashuvda Muhammadshoh bilan Nizom ul-Mulkni qo’lga kiritib, Dehliga qarab yuradi.

Nodirshoh Dehliga kelgandan so’ng xalq orasida “Nodirshoh o’ldirilibdi” degan gap tarqab ketadi. Buning natijasida Nodirshoh askarlari orasida tartibsizlik boshlanib, qo’shinning bir qismi qirilib ketadi. Ana shundan so’ng, Nodirshoh Dehlida qatli om e’lon qiladi. Natijada, 20 ming begunoh kishilar qatl qilinadi. Nodirshoh Dehlida ikki oy turib qoladi. Masjidlarda o’zining nomiga xutba o’qittiradi ham o’z o’z nomidaan pul zarb qildiradi. Nodirshoh 700 million rupiyaga teng o’lja oladi. Mazkur o’lja ichida Boburshoh tomonidan o’g’li Humoyunshohga hadya qilingan dunyoda eng yirik olmos “Ko’hi nur”, shuningdek, Shoh Jahonning mashhur “tovus taxti” (qiymati 10 million rupiyaga teng) ham bor edi.

Muhammadshoh bitimga muvofiq Hind daryosining shimoli-g’arbiy qismidagi yerlarni Nodirshohga beradi. Dehli hukumati Afg’onistondan mahrum bo’ladi. Buning ustiga hindlarga qarashli Lohur hukmdori har yili 2 million rupiyani Nodirshohga yuborib turish majburiyatini oladi. Ana shunday qilib, boburiylar davlati kuchsiz bir davlatga aylanib qoladi. Uning ilgarigi shon-shuhratidan asar ham qolmagan edi. Muhammadshoh 1748 yilda vafot etadi.

AHMADSHOH Muhammadshohning o’g’li bo’lib, 1715 yilda tug’ilgan edi. Uning qisqa muddatli saltanati davrida mamlakatning ahvoli yanada og’irlashadi. U otasidan so’mng 1748 yilda taxtga o’tiradi. Biroq, Ahmadshohning saltanat davri afg’on hukmdori Ahmadshoh durri-duroniy tomonidan Hindistonga qarshi bir necha marta tajovuzkorlik urushlari bilan yakunlanadi.

Ahmadshoh Durroniy afg’on qabilalaridan Abdal qabilasiga mansub kishi edi Ahmadshoh yoshligidanoq Eron hukmdori Nodishoh qo’shinida xizmat qilib, uning Hindistonga qilgan barcha yurishlarida ishtirok qilgan va nihoyat iqtidorli sarkarda bo’lib yetishga kishi edi. 1747 yilda Nodirshoh o’ldirilgandan so’ng Ahmadshoh o’z vataniga qaytib, afg’on qabilalarining mustaqil Afg’oniston hukumatini barpo qilish yo’lidagi harakatlariga faol qatnashadi. 1747 yilda Ahmadshoh afg’on qabilalari xonlari tarafidan Afg’onistonning podshohi deb e’lon qilinadi. Ahmadshoh keyinchalik tarixda Ahmadshoh Durroniy nomi bilan mashhur bo’ladi.

Ahmadshoh Durroniy Hindistonga birinchi marta 1748 yilda hujum qilib, Loxurni bosib oladi. Lekin Muhammadshohning o’g’li Ahmadshoh qo’mondonligidagi hind qo’shini tarafidan Sirhind yaqinida talafot ko’rib, orqaga chekinadi. U 1750 yilda ikkinchi marta Hindistonga bosib kiradi. Bu paytda Dehlida saroy a’yonlari orasida guruhbozlik avjiga chiqqan bo’lib, Loxur hukmdori Mir Mannu Dehlidan madad ololmagach, taslim bo’lishga majbur bo’ladi. Mir Mannu Hindning sharqiy qismida joylashgan to’rtta viloyatdan keladigan soliq mablag’ini Ahmadshoh Durroniy 1752 yilda uchinchi marta Hindistonga hujum qilib, Loxur yaqinida Mir Mannuni yengadi va Kashmirni bosib oladi. Ahmadshoh mamlakatning sharqiy qismini to Sirhindgacha bo’lgan qismini Ahmadshoh Durroniyga berishga majbur bo’ladi. Ahmadshoh 1754 yilda vafot etadi

1754 yilda Ahmadshoh vafot etgach, taxtga Jahondor Shoohning o’g’li OLAMGIR II o’tiradi. Olamgir II 1727 yilda Dehlida tug’ilgan edi. Olamgir II ham Muhammadshoh va Ahmadshohlarga o’xshash iqtidorsiz va qat’iyatsiz kishi edi. Uning qisqa muddatli saltanat davrida ham mamlakatda guruhbozlik va jangu jadallar kuchayadi.

1756 yilda Mir Mannu to’satdan vafot etadi. Uning vafoti natijasida Panjobda to’s-to’poonlar kuchayadi. Bu qulay fursatni qo’ldan bermay Ahmadshoh Durroniy to’rtinchi marta Hindistonga hujum qiladi. U Loxurni qo’lga kiritib, Dehliga qarb yuradi. Rohil sultonligining hukmdori Najib ud-Davla to’g’ridan-to’g’ri Ahmadshoh Durroniy tomoniga o’tadi. Olamgir II ning vaziri Imod ul-Mulk jangsiz taslim bo’ladi. Ahmadshoh Durroniy qo’shinlari shahar va qishloqlarni ayovsiz ravishda talaydilar. Natijada juda katta o’ljani qo’lga kiritadilar. Ularning o’ljalari 120 million rupiyga tenge di. Ular hali-beri Hindistondan chiqib ketishni o’ylamasdilar, talon-tarojni davom ettirardilar, ammo qo’shin orasida vabo kasali vujudga kelgach, qaytib ketishga majbur bo’ladilar. Olamgir II Ahmadshoh Durroniyga Panjob, Kashmir va Sindni berishga majbur bo’ladi. Bu viloyatlarni boshqarib turish uchun Ahmadshoh Durroniyning o’g’li Temurshoh noib qilib qoldiriladi. Ammo bir yil o’tgach, marathlar Ragxunaka Rao rahnamoligida Panjobga kirib, Temurshohni haydab chiqaradilar. Bu esa kelajakda Ahmadshoh Durroniy bilan marathlar orasida hal qiluvchi janglar bo’lishidan xabar Berardi.

Haqiqatan ham 1759 yilda Ahmadshoh Durroniy to’satdan hujum boshlaydi. Jang Panipatda bo’lib, Ahmadshoh g’alabasi bilan tugasa-da, biroq unga hech qanday foyda keltirmaydi. Uning qo’shinlari orasida norozilik kuchayadi. Ulaar maoshlarini to’lanishini va uylariga qaytishni talab qiladilar. Ahmadshoh Durroniy 1761 yilda Hindistondan chiqib ketishga majbur bo’laadi. Olamgir II 1759 yilda vafot etadi.

SHOH OLAM II Olamgir II ning o’g’li bo’lib, 1743 yilda tug’ilgan. Otasi Olamgir II vafot etgach, 1759 yilda taxtga o’tiradi. U nomigagina podshoh edi. Uning davrida Hindistonda Ahmadshoh Durroniy yana bir necha marta bosqinchilik urushlrini qiladi. U Panjob, Sirhind, Kashmir va Sindni qo’lga kiritgach, endi Dehli, Agra, Mathura va boshqa viloyatlarga bosib kirib, talonchilik qilishni rejalashtiradi. Biroq uning bu rejalarini singhlarning o’sib borayotgan kuchlari barbod qiladi. Ahmadshoh Durroniy Hindistonga 1762, 1764, 1765 va 1767 yillarda yurish qiladi. Lekin singhlar uning barcha hujumlarini mardonalik bilan qaytaradilar.

Shoh Olam II Hindiston taxtini dushmandan saqlab qoladigan g’ayratli, shijoatli hukmdor emas edi. Binobarin, uning saltanati davrida mamlakatning hamma viloyatlarida mustaqil va yarim mustaqil xonliklar vujudga kelib, ular markaziy hokimiyatni tobora siqib kelayotgan edilar. Buning ustiga Hindistonning janubi-g’arbiy qismi – Kalkuttada mustahkam o’rnashgan inglizlar mahalliy hukmdorlarni zimdan bir-biriga gij-gishlash va har xil hiylalar bilan o’z ta’sir doiralarini kengaytirib, shimol tomonga siljimoqda edilar.

Ana shunday harakatlardan biri 1757 yilda Bengaliyada bo’lib o’tadi. Angliyaning Ost-Indiya kampaniyasi Bengaliyaga o’z tarafidan Mir Qosimni hukmdor qilib tayinlangan edi. Mir Qosim inglizlar hukmronligidan qutulish maqsadida ularga qarshi qo’zg’olon ko’taradi. Ammo inglizlar katta kuch bilan qo’zg’olonni bostiradilar. Mir Qosim Bengaliyag qochib, Audga boradi. U Audning hukmroni hamda Dehli hukmdori Shoh Olam II bilan bitim tuzib, ittifoqchi qo’shinlarni birlashtirib, 1764 yilda Buksar yaqinida inglizlar bilan to’qnashadi. Inglizlar qo’shini yana Mir Qosim boshliq ittifoqchilar qo’shinini tor-mor qiladi. Mir Qosim Dehliga qochadi. Shoh Olam II asirga tushadi. Buksar jangidan so’ng Bengaliya gubernatori etib tayinlangan Klayv yangidan qo’lga kiritilgan viloyatlar Kalkuttadan ancha uzoq bo’lganini nazarda tutib, bu yerlarni boshqarishni Shoh Olam II ga topshiradi. Buning evaziga Shoh Olamdan Bengaliyada moliya boshqarmasi inglizlar kampaniyasi ixtiyoriga berilgani haqida farmon yozdirib oladi. Natijada, Bengaliyada qo’sh hokimiyatchilik siyosati amalga oshiriladi: chunonchi, ichki idora ishlari, tartibni saqlash masalalari mahalliy amaldorlar qo’lida bo’lib, yerlardan olinadigan soliqlar bevosita kampaniya qo’liga o’tadi.

1772 yilda Bengaliya gubernatorligiga Uorren Xeystings tayinlanadi. U Bengaliyada kampaniyaning manfaatini yanada oshiradigan bir necha chora-tadbirlarni joriy qiladi. Chunonchi, Bengaliya noibiga to’lanadigan nafaqaning yarmini kesib tashlaydi. Shuningdek, Klayv tomonidan Shoh Olam II ga tayinlangan nafaqani bekor qiladi. Shoh Olam II ning kun kechirishi uchun berilgan Qora va Ollohobod viloyatlarini Aud hukmdoriga sotib yuboradi. Ana shundan so’ng Shoh Olam II va uning avlodi faqat Dehlidagi saroyda hukmron bo’lib qoladilar.

1803 yilda Angliya bilan marathlar orasida ikkinchi hal qiluvchi jang bo’ladi. Ingliz generali Uelsli marathlarga o’nglanmas zarbani bergan, uning qo’shinlari Dehli va Agraga kiradilar. 1803 yili sentabrida general Uelsli Shoh Olam II ni o’z panohiga oladi. Shoh Olam II bu paytda qarib qolgan va rohil qabilasi tomonidan ko’r qilingan edi. General Uelsli Shoh Olam II bilan hech qanday bitim imzolanmaydi. Faqat, 1805 yil 23 mayda chiqarilgan farmonga muvofiq, unga doimiy nafaqa tayinlanadi. Dehli saroyi unga qaytarib beriladi. Biroq podshohning hech qanday siyosiy va ijtimoiy huquqi yo’q edi. Aqalli viloyat noiblariga beriladigan huquq ham podshohda yo’q edi. Zotan, 1803 yil dekabr oyida tuzilgan bitimga muvofiq, Hindistonda boburiylar hukmronligi siyosiy jihatdan butunlay tugatildi. Podshoh va uning avlodi inglizlar boqimida qolgandilar.

Shoh Olam II 1806 yilda vafot etadi. Uning o’rniga Akbar II taxtga o’tiradi. Bu taxt nomigagina edi xolos. Akbar II ham o’z umrining oxirigacha inglizlar qo’lida qo’g’irchoq bo’lib, ulardan nafaqa olib yashaydi. U 1837 yilda vafot etadi. Uning o’rniga o’g’li Bahodirshoh II taxtga o’tiradi.

BAHODIRSHOH II 1776 yilda Dehlida tug’ilgan. U o’ta jur’atsiz, qo’rqoq va g’ayratsiz odam bo’lib, otasi Akbar II vafotidan so’ng, 1837 yilda taxtga o’tiradi. Bahodirshoh II ham inglizlar nafaqasi hisobiga kun kechirardi. Uning davrida Hindiston mamlakati deyarli hammasi mustaqil va yarim mustaqil xonliklarga bo’linib ketgan, ularning ko’pchiligi inglizlar qo’liga o’tgan edi. Hatto Bahodirshoh II ning Dehlidagi o’z saroyidan tashqariga hukmi o’tmas edi.

Mamlakatning mayda bo’laklarga bo’linib ketishi, inglizlar istibdodining kuchayishi mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy ahvolini inqirozga olib keldi. Buning natijasida mamlakatda 1844, 1849, 1850 va 1852 yillarda qo’zg’olonlar bo’lib o’tadi. 1857 yilda esa tarixda mashhur sipohiylar qo’zg’oloni boshlanadi. Bu qo’zg’olonga asosan ingliz qo’shinlarida xizmat qiluvchi sipohiylar boshchilik qiladilar. Ular Dehliga kelib, boburiylar sulolasining so’nggi vakili Bahodirshoh II ni podshohlik taxtiga o’tqizib, uning boshchiligida ingliz mustamlakachiligiga qarshi muqaddas urush (jihod) e’lon qiladilar. Sipohiylar harakatida oliy bosh qo’mondonlik lavozimini Bahodirshoh II ning katta o’g’li Mo’g’ul Mirzo egallaydi. Kichik o’g’li Hizr Sulton Mirzo va nabirasi Abu Bakr mirzolar qo’shin bo’linmalarining rahbarligini o’z qo’llariga oladilar. Holbuki, shahzodalar harbiy salohiyatdan hech qanday bilimlari yo’q edi. Bahodirshoh esa bu paytda 82 yoshda bo’lib, ancha qarib qolgan, buning ustiga butun umrini saroy ichida yarim mahbuslikda o’tkazgan, hokimiyat ishlaridan ancha yiroq odam edi.

Bahodirshoh II garchi sipohiylarning talabi bo’yicha podshoh qilib ko’tarilgan bo’lsa-da, sipohiylarning harakatiga ishonmas va o’z tinchligini ko’zlardi. Binobarin, qo’zg’olonning ilk kunlaridayoq u hokimiyat ishlariga yaroqsiz ekanligini ko’rsatib qo’ygan edi.

1857 yil 2 iyuda sipohiylarning harbiy qo’shilmasi Baxtxon boshchiligida Dehliga keladi. Baxtxon sipohiylar qo’shiniga oliy bosh qo’mondon va Dehli gubernatori qilib tayinlanadi. Baxtxon har bir joyga qo’zg’olonga jonkuyar kishilardan belgilab, Dehlida porox zavodini yo’lga solidi. Lekin jasur va serg’ayrat Baxtxon yo’liga to’g’onoq bo’luvchilar ko’payadi. Dehli ma’muriy shoh idora mansabdorlari va shahzodalar Baxtxonga qarshi ig’vo va fitnalar uyushtiradilar. Kimdir porox zavodini portlatadi. Zambaraklar zimdan buzib qo’yiladi. Ana shunday yo’llar bilan xiyonat sodir bo’ladi. Hatto, shahzodalar o’z maxfiy josuslari orqali inglizlar qo’mondonligi bilan aloqa bog’lab, jumladan, agar hayotlarini saqlab qolishga kafolaat berilsa, shaharni inglizlarga topshirish haqida muzokara yuritishga rozilik beradilar. Natijada sipohiylar qo’shini orasida tarqoqlik yuz beradi. 65 ming kishilik sipohiy qo’shinlari olti minglik ingliz qo’shiniga bardosh berolmadilar. Parokandalik va xiyonat natijasi o’laroq, sipohiylar qo’shini kundan-kunga kamayib, inglizlar qo’shinining qudrati oshib borardi.

1857 yil sentabrning o’rtasida ingliz qo’shini qo’mondni A.Vilson Dehlini qamal qilishga buyruq beradi. Qamal besh kun davom etadi. 19 sentabr kuni Baxtxon Dehlini tashlab chiqishga majbur bo’ladi va Farruhobodga qarab ketadi. Baxtxon Dehlidan o’z qo’shinlari (4 piyoda va bir otliq) bilan chiqib ketayotib, Bahodirshoh II ni ham o’zi bilan birga ketishni taklif qiladi hamda yangi ozodlik kurash markazi tashkil qilajagini aytadi. Ammo Bahodirshoh II (bu taklifni) qabul qilmaydi. U shaharga inglizlar kirib kelishi oldida Dehlidagi Humoyun maqbarasiga qochib borib berkinadi.

Inglizlar Dehliga bostirib kirgach, qochishga ulgurmaganlarni yoppasiga qirg’in qiladilar. Ko’chalarda, uylarda bolalar, xotinlar, erkaklar jasadi g’aram-g’aram bo’lib ketadi. Bombeyning gubernatori Lord Elfinston Dehlidagi inglizlarning vahshiyligi haqida quyidagilarni yozgan edi: “Bizning qo’shinlarimiz tomonidan Dehli qo’lga kiritilganidan so’ng qilingan jinoyatni ta’rif qilish og’ir masala. Biz hammadan – do’stlarimizdan ham, dushmanlarimizdan ham qasos oldik. Bosqinchilik va talonchilikda biz Nodirshohdan ham o’tib ketdik”.

1857 yil 21 sentabrda inglizlar Bahodirshoh II va uning o’g’illarini asirga oladilar. Keyinchalik 82 yoshli Bahodirshohni sud qilib, Rangunga (Birma) badarg’a qiladilar. Podshoh 1862 yilda 87 yoshida surgunda vafot etadi. Uning o’g’illari – Mo’g’ul Mirzo (1796-1858) va Hizr Sulton Mirzo (1799-1859) hamda nevarasi Abu Bakr Mirzolarni (1821-1858) Dehliga olib ketayotgan ingliz ofitseri Xodson yo’lda birin-ketin otib tashlaydi.

Mana shu bilan Hindistonda 332 yil hukm surgan boburiylar sulolasi tugatiladi.