ZARAFSHON VODIYSI
ZARAFSHON VODIYSI – O’rta Osiyoning Markaziy qismida, Turkiston-Oqtov bilan Zarafshon tizmalari orasida joylashgan ko’ndalang vodiy. Zarafshon vodiysining Sharqiy tog’li qismi Tojikiston, g’arbiy tog’ etagi va tekislik qismi O’zbekiston hududida. Tektonik yo’l bilan vujudga kelgan. Hozirgi relyefining shakllanishida Zarafshon daryosining doimiy va vaqtli irmoqlari hamda shamol muhim rol o’ynagan. Zarafshon vodiysi Zarafshon muzligidan (balandligi 2775 metr) boshlanib, g’arbda Sandiqli qumigacha (balandligi 185 metr) 781 kilometrga cho’zilgan. Vodiy shu masofada g’arbiy, Jan.g’arbiy yo’nalishda davom etadi va astasekin pasayib xamda kengayib boradi. Zarafshon vodiysi, asosan, ustini to’rtlamchi davr allyuvial jinslari qoplagan uchlamchi davr cho’kindi jinslaridan tarkib topgan. Bu yerda neogen davrigacha dengiz bo’lgan. Alp orogenezida vodiy quruqlikka aylangan. Zarafshon daryosi o’z o’zanini chuqurlashtirib, terrasa (ko’hna qayir) lar hosil qilgan. Zarafshon vodiysining Sharqiy tog’li qismida 6 ta terrasa bor. Panjakent shahrigacha (300 kilometr masofada) vodiy tor va chuqur, Turkiston va Zarafshon tizmalari undan tik ko’tarilib turadi. Zarafshon daryosi yuqori qismida muz harakati bilan vujudga kelgan ancha keng (4-5 kilometr) vodiy hosil qilgan. Kishtutsoyning Zarafshonga quyiladigan yerida vodiy juda tor, tog’yon bag’ri daryo qirg’og’idan tik ko’tarilgan. Quyi qismida vodiy kengayib, O’zbekiston hududiga o’tgach, kengligi ayrim joylarda 60-70 kilometrga (Buxoro vohasida) etadi. O’zbekiston hududida Zarafshon vodiysining uzunligi qariyb 480 kilometr bo’lib, bu qismida Samarqand, Buxoro, Qorako’l vohalari joylashgan. Samarqand vohasi Samarqand botig’ida joylashgan, shimoldan G’ubdintog’—Oqtog’— Qoratog’, Janubdan Qoratepa—Zirabuloq—Ziyovuddin kabi uncha baland bo’lmagan tog’lar bilan o’ralgan. Zarafshon vodiysi bu vohada ancha (50 kilometrgacha) keng. Navoiy shahridan o’tgach, vodiy yana torayadi. Qiziltepa va Oftobachi qirlari bir-biriga juda yaqinlashib, hazar yo’lagini (kengligi 8-10 kilometr) hosil qiladi. Vohaning yer yuzasi tekis; uni Zarafshon daryosi va vaqtincha oqar soylar kesib parchalagan, ba’zi yerlarida jarlar hosil qilgan. Hazar yo’lagidan o’tgach, vodiy yana kengayadi va Janubiy-g’arbga burilib, Buxoro vohasini hosil qiladi. Bu qismida Zarafshon vodiysining kengligi 70 kilometrga yetadi hamda tekislikka aylanadi. Voha shimoldan Qizilqum bilan, sharqdan Qo’shtepa, Azkamar, Quyimozor, Qaynag’ach, Qumsulton kabi tepaliklar, janub va Janubiy-g’arbdan esa Qorako’l platosi bilan o’ralgan. Buxoro vohasi Janubiy-g’arbga, G’arb va shimol g’arbga bir oz Nishab. Uning mutlaq balandligi 200-280 metr. Vohani kanallar, ariqlar kesib o’tgan. Zarafshon vodiysi Buxoro vohasida Janub g’arbga torayib boradi hamda Qorako’l platosi yonida ancha torayib Qorako’l yo’lagini hosil qiladi. So’ngra vodiy yana kengayib Qorako’l vohasi boshlanadi. Qorako’l vohasini Janub g’arbdan Sandiqli qumi, shimoli sharqdan Qorako’l platosi va Janubdan Eshakchi qumligi o’rab turadi. Bu erda vodiyning kengligi 48-50 kilometr, mutlaq balandligi 185-200 metr. Kichik sho’r ko’l, pastliklar bor. Zarafshon vodiysi O’rta Osiyoning Markaziy qismida joylashganligidan iqlimi kontinental. Vodiy g’arbdan sharqqa ancha cho’zilganligi va relefning balandlashib borishi tufayli tra rejimi va yog’inlar miqdori har joyda turlicha. Yillik o’rtacha temperatura tekislik qismida 12-15°, tog’li qismida 12— 0,7°. Yoz vodiyning tekislik qismida issiq bo’lib, uzoq davom etadi, iyulning o’rtacha temperaturasi 25-29°, tog’li qismida esa 20-7,7°. Ba’zan temperatura tekislik qismida 44° ga, tog’li qismida 33° ga chiqadi. Qish vodiyning tekislik kismida ancha iliq bo’lib, yanvarning o’rtacha temperaturasi 0° dan -1,3° gacha, tog’li qismida -3° dan -10° gacha bo’ladi. Eng past temperatura -35°. Yillik yog’in 114-400 millimetr (g’arbdan sharqqa ortib boradi), faqat Zarafshon tizmasining g’arbiy qismi — Omonqo’tonda 881 millimetr. Yog’inning ko’p qismi tekislik qismida yilning sovuq faslida, tog’li qismida esa issiq faslda ham tushadi. Vodiyning asosiy daryosi — Zarafshon. Ko’llaridan eng yirigi — Dengizko’l. Zarafshon vodiysi botiqda joylashganligi sababli yer osti suvlari mavjud. Vodiyda tuproq va o’simlik qoplami balandlik mintaqalari hosil qilgan. Vodiyning eng pastki 400-500 metr balandlikkacha bo’lgan yerlari cho’l mintaqasiga kiradi. Bu mintaqaning tuprog’i och bo’z tuproq, unda, asosan, arpag’on, taroqbosh, lolaqizg’aldoq, qoramashoq, kovrak, chitir, toshloq yerlarda esa shuvoq, burgan va boshqalar o’sadi. Cho’l mintaqasidan so’ng adirlar boshlanib, balandligi 500 metrdan 1200 metrgacha bo’lgan yerlarni o’z ichiga oladi. Bu yerlarda tipik va to’q tusli bo’z tuproq tarqalgan. Qung’irbosh, rang, no’xatak, yo’ng’ichka, yaltirbosh, okquray, gulxayri, sasir, qasmaldoq, chalov, etmak kabi o’tlar; zirk, na’matak kabi butalar o’sadi. Vodiyning 1200 metrdan 2700 metrgacha bo’lgan qismi tog’ mintaqasidan iborat bo’lib, bu yerlarda jigarrang va qo’ng’ir tog’o’rmon tuproqlari uchraydi. O’tlardan taktak, taroqbosh, chayir, butalardan uchkat, bodomcha, daraxtlardan archa o’sadi. Vodiyning 2700 metrdan baland qismi yaylov mintaqasidan iborat, tuprog’i jigarrang. Hayvonlardan bo’ri, tulki, quyon, chiyabo’ri va boshqalar, parrandalardan qirg’ovul, loyxo’rak, o’rdak, chug’urchiq, chumchuq, so’fito’rg’ay va boshqalar, bulardan tashqari, Har xil ilon, kaltakesak, tipratikan, kalamush, ko’rsichqon va boshqalar uchraydi. Zarafshon vodiysi O’zbekiston va Tojikiston xo’jaligida muhim o’rin tutadi. Vodiyda sug’oriladigan va sug’orishga yaroqli yer ko’p. Chorvachilikni rivojlantirish uchun tabiiy o’tloq va pichanzorlar bor. Zarafshon vodiysi o’zining ko’rkam bog’ va mevazorlari bilan qadimdan mashhur. Vodiyda gazeta, ko’mir, oltin, turli xil qurilish materiallari konlari, mineral suvlar va boshqalar bor.